eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida brifing bo‘lib o‘tdi
    23.12.2021

    Bugun, 23-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xizmati rahbari Sh. Axmatov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

    Mazkur brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xizmati rahbari Sh. Axmatov ta’kidlaganidek, oxirgi yillarda aholining uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aloqa vositalarining eng qadimgisi hisoblangan pochta aloqasi sohasida keyingi paytlarda qator muammolar ko‘zga tashlanib qolgan edi. Ana shu muammolarni hal qilish, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning oldini olish, sohani bugungi kun talabi darajasiga ko‘tarish uchun 2020 yil 5 oktabr kuni tomonidan mamlakatimiz Rahbari Milliy pochta tizimini isloh kilishga bag‘ishlab yig‘ilish o‘tkazildi va bir qator topshiriqlar berildi. 2020 yil 14 dekabr kuni, Prezidentimizning “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ–4921-son qarori qabul qilindi.

     

    Mazkur qaror bilan:

    • 2021-2023 yillarda pochta aloqasini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”;
    • 2021-2025 yillarda pochta aloqasining rivojlanishining maqsadli ko‘rsatkichlari;
    • 2021 yilda 42 ta namunaviy tumanlarda (shaharlarda) pochta aloqasi korxonalarini transformatsiya qilish loyihalarini ko‘zda tutuvchi “Yo‘l xarita”lar tasdiqlandi.

    Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 yilda “O‘zbekiston pochtasi” AJ faoliyatini transformatsiya qilish, moddiy-texnik bazasini takomillashtirish va ish faoliyatini “raqamlashtirish”, shuningdek, pochta va kuryerlik xizmatlarini ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, elektron tijorat, bank va davlat xizmatlarini ko‘rsatishni joriy etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi, jumladan:

    “O‘zbekiston pochtasi”ning mavjud axborot tizimlari yangilandi, To‘lovlarni qabul qilish va pul o‘tkazmalari bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim yangilanib, “AVVAL” brendi ostida ishga tushirildi hamda uning mobil ilovasi ham yaratildi.

    Bugungi kunda mazkur tizimda 60 dan ortiq to‘lovlarni qabul qilish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, pochtalonlar 1 000 ta mobil qurilmalar bilan ta’minlandi. Endilikda pochtalonlar xizmat ko‘rsatish hududida aholidan turli to‘lovlarni onlayn rejimda qabul qilishi mumkin bo‘lsa, aholi esa uyidan chiqmasdan to‘lovlarni onlayn ravishda amalga oshirishi mumkin.

    Pochta aloqasining an’anaviy xizmatlarini takomillashtirish, ularni raqamlashtirish, jo‘natmalarni qabul qilish, saralash, onlayn rejimda kuzatib borish va yetkazish jarayonlariga axborot texnologiyalari va tizimlarini joriy etish maqsadida “Pochta xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimi” ishlab chiqildi va ishga tushirildi.

    Chekka hududlardagi 750 ga yaqin pochta aloqasi obyektlarida bank xizmatlarini, jumladan bank kartalarini pul mablag‘lari bilan to‘ldirish va naqd pul yechish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida chekka hududlarda yashovchi aholiga bank xizmatlaridan foydalanishlariga qulayliklar yaratildi.

    Yana bir narsani alohida ta’kidlash kerakki, bugun respublikamizning chekka hududlarda yashovchi aholi uchun 930 ga yaqin pochta aloqa obyektida 30 turdan ortiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

    Oddiy tilda aytganda endi aholi davlat va bank xizmatlaridan foydalanish uchun tuman markaziga borishi shart emas. Eng yaqin pochta bo‘limiga borib, bunday xizmatlardan foydalanishi mumkin.

    Ma’lumki, axborot texnologiyalari rivojlanishi bilan elektron tijorat bozori ham rivojlandi. Bu jarayonda onlayn savdo maydonlarining ahamiyati juda ham yuqori. Ana shunday ehtiyojlarni qondirish, bu jarayonda faol ishtirok etish maqsadida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beruvchi “UNISAVDO” onlayn savdo maydonchasi yaratildi. Hozirgacha 300 dan ortiq tadbirkorning 15 000 ga yaqin mahsulotlari maydonchaga joylashtirildi.

    Ushbu maydoncha tadbirkorlarning mahsulotlarini respublikamizning barcha viloyatlarida sotish hamda aholining ushbu mahsulotlarni onlayn sotib olish imkoniyatini yaratdi.

    Elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida Toshkent shahrida, Andijon viloyatining Asaka tumanida, Buxoro viloyatining Vobkent tumanida va Xorazm viloyatining Urgench shahrida 4 ta logistika markazi qurilishi boshlandi. Qurilish ishlarini yil oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

    Mazkur logistika markazlari eng avvalo internet-savdo maydonchalari egalariga o‘z mahsulotlarini saqlash, ya’ni omborxona muammosini hal etadi hamda internet-savdo maydoncha orqali xarid qilingan mahsulotlarni shu yerning o‘zida qisqa muddat ichida qadoqlanib, mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beradi.

    Shuningdek, “Gibrid pochta” tizimi takomillashtirilib, Yagona milliy tizim joriy etildi. Gibrid pochta xizmatning afzalligi shundaki, davlat organlari va tashkilotlari pochta jo‘natmalarini konvertga solish, unga marka yopishtirish, oluvchining manzillarini yozish va pochtaga olib kelish vazifalaridan holi bo‘lishadi.

    Endilikda davlat organlari va tashkilotlari ish joylaridan xatni elektron shaklda yuboradi, oluvchining manziliga xizmat ko‘rsatadigan tuman va shahardagi pochta aloqasi bog‘lamasi uni qog‘oz ko‘rinishda chop etib, manzilga yetkazib beradi. Buning natijasida pochta jo‘natmasini yetkazib berishdagi nazorat muddatlari qisqarishiga erishildi, ya’ni avval pochta jo‘natmalar eng chekka hududda yashovchi aholiga 6-8 kun ichida yetkazib berilgan bo‘lsa, endilikda 1-2 kun ichida yetkazib berilmoqda.

    Bugungi kunda, 100 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlari ushbu xizmatdan foydalanmoqda. Gibrid pochta jo‘natmalarining hajmi 2020 yilga nisbatan 2021 yilda 2 barobar ko‘payib, 3,5 million donani tashkil etmoqda.

    Pochta almashinuvlarini amalga oshirishda foydalanilayotgan avtotransport parki yangilandi, buning uchun 110 dan ortiq katta va kichik hajmdagi yuk tashuvchi avtotransport vositalari xarid qilindi.

    Buning natijasida, magistral va viloyat ichki pochta almashinuvlarining soni ko‘payishiga erishildi, jumladan avval pochta almashinuvlari haftasiga 5 marotaba o‘tkazilgan bo‘lsa, endilikda haftasiga 6 marotaba o‘tkazilmoqda.

    Tumanlarda joylashgan pochta aloqasi bog‘lamalari ham qo‘shimcha avtotransport vositalari bilan ta’minlandi, ba’zi ichki marshrutlar qayta tiklandi.

    Pochta jo‘natmalarni yetkazib berishdagi logistika tizimi qayta ko‘rib chiqildi. Bunda pochtalonlar elektroskuterdan foydalangan holda pochta jo‘natmalarni markazdagi pochta saralash bo‘limidan “bog‘lama-mijoz” sxemasi asosida olib, oluvchilarga yetkazib berish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi, buning uchun 500 ga yaqin elektroskuterlar bilan ta’minlandi.

    Natijada mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilandi hamda pochta jo‘natmalarni yetkazib berish vaqtini qisqartirishga erishildi, ya’ni avval pochtalonlar tomonidan pochta jo‘natmalar oluvchilarga 2-3 kun ichida yetkazib berilgan bo‘lsa, hozirgi kunda elektroskuter orqali 1 kun ichida yetkazib berilmoqda.

    Aholiga pochta aloqasi xizmatlaridan kontaktsiz va kunu-tun foydalanish imkoniyatini beradigan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan pochtamatlar xizmati yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun 30 ta pochtamatlar bilan ta’minlandi. Ushbu pochtamatlar aholi gavjum joylarga, yirik savdo markazlariga, oliy o‘quv yurtlariga va pochta aloqasi obyektlariga o‘rnatilgan.

    Endilikda, jo‘natuvchi pochta jo‘natmalarini adresatning uy manziliga jo‘natmasdan pochtamatning manzili bo‘yicha jo‘natish, shuningdek adresatlar nomiga kelgan pochta jo‘natmalarini ularning xohishlariga ko‘ra uy manzillariga yetkazib berilmasdan, xavfsizligi ta’minlangan holda istalgan vaqtlarida pochta jo‘natmalarini pochtamatlardan olish, bunda pochta aloqasi xizmatlaridan kontaksiz foydalanish imkoniyati yaratildi.

    Yana 150 ta pochtamat 2022 yil fevral yakuniga qadar o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

    Barcha pochta aloqasi obyektlari zamonaviy kompyuter texnikalari bilan ta’minlandi, jumladan 2 150 dan ortiq zamonaviy kompyuter texnikasi, 130 dan ortiq printer, 1 450 dan ortiq ko‘p funksiyali (printer) uskuna, 980 dan ortiq shtrix kod skaneri bilan ta’minlandi.

    Aholiga pochta aloqasi xizmatlaridan foydalanishlari uchun qulaylik yaratish hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida 3 ta tuman pochta aloqasi bog‘lamasi va 54 ta pochta aloqasi bo‘limlari faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi hamda 600 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.

    Pochta aloqasi obyektlarida yangi xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilganligi munosabati bilan hamda pochta aloqasi xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, 3 500 nafarga yaqin pochta xodimning malakasi oshirildi.

    Bundan tashqari, har bir viloyatdan 3 tadan jami 42 ta tumanlar namuna sifatida tanlab olinib, o‘sha tumanlarda pochta aloqasi xizmatlarini rivojlantirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini yaxshilash yuzasidan ishlar olib borildi amalga oshirildi, jumladan:

    - pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatishni aholiga yaqinlashtirish maqsadida 14 ta Mobil aloqa bo‘limlari tashkil etildi;

    Ushbu mobil aloqa bo‘limlari aholining yashash manzillariga borib, o‘sha yerning o‘zida pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatini yaratdi;

    - 250 dan ortiq pochta aloqa bo‘limlari yagona korporativ dizayn asosida jihozlandi;

    - 140 dan ortiq pochta aloqasi obyektlarining binosini ta’mirlab, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi;

    - 20 dan ortiq yengil konstruksiyali binolarda pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi;

    - 310 dan ortiq pochta aloqasi bo‘limigacha 640 kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari tortildi.

    Keyingi yillarda ham “O‘zbekiston pochtasi” AJning faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, ko‘rsatilayotgan pochta aloqasi xizmatlarining sifatini yaxshilash va yangi xizmatlarni joriy etish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

    Birinchi navbatda, qishloq hududida joylashgan pochta bo‘limlari faoliyati samaradorligini oshirish, u yerda yashovchi aholi uchun davlat xizmatlari, bank xizmatlari va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratiladi.

    Ikkinchidan, pochta va kuryerlik xizmatlari sifatini yaxshilash va turlari ko‘paytiriladi.

    Uchinchidan, elektron tijorat rivojlanishi uchun zarur logistik infrastruktura takomillashtiriladi.

    ***

    Hozircha olib borilayotgan ishlar qisqacha shulardan iborat. Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi har doim hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligini ma’lum qilamiz.

    Manba: Axborot xizmati