eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • AKT vazirligi "Yashil makon" loyihasida faol ishtirok etmoqda
    08.12.2021

    2021-yil 8-dekabr kuni “Oila va tabiyat” gazetasining 49-sonidaYashil makon” umummilliy harakati” nomli maqola chop etildi. 

    Mazkur maqolada “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan olib borilgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida so‘z yuritilgan.

    Maqola gazeta ko'rinishidagi varianti.

    Har ko‘chatning egasi bor

    Yakuniga yetayotgan "dolzarb qirq kunlik" bugun chinakkamiga xalqni birlashtira oldi va umummilliy harakatga aylandi. Daraxt ekish va parvarishlash, yurtimizning har qarich tuprog‘ini bog‘ga aylantirish, yashillikka burkashga nafaqat Ekopartiya vakillari, ekologiya sohasi xodimlari, tuman shahar hokimliklari mutasaddilari, balki barcha vazirlik, idoralar va tashkilotlar xodimlari hamda fuqarolar o‘z hissasini qo‘shayotgani taqsinga loyiq.

    Prezidentimiz tashabbusi asosida ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimiga kiruvchi korxona va tashkilotlarda ham uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Vazirlikning hududiy boshqarmalari bu borada o‘z tashabbusini ko‘rsatmoqda. Jumladan, Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Andijon va Asaka tumanlari hududida ajratilgan maydonlarga hamda soha tashkiloti binosiga tutash joylarga jami 700 tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, ko‘kalamzorlashtirildi. Quvonarlisi, ekilgan ko‘chatlarning ertasi tayin. Ya’ni kelgusida ko‘chatlarni sug‘orish va parvarishlash tashkilot xodimlari tomonidan nazoratga olinadi.

    Radioteleuzatish stansiyasi hududida mevazor yaratilmoqda

    Ma’lumki, aloqa insonlar o‘rtasida muhim axborot almashinish vositasi, ayniqsa bugungi texnika rivojlanib borayotgan davrda. Bugun har birimiz zamonaviy aloqavositalarining u yoki bu turidan foydalanamiz, masalan televizor ko‘ramiz, radio tinglaymiz. Hech bo‘lmaganda telefon orqali suhbatlashamiz. Ana shu jarayonda sifatli aloqa bilan ta’minlovchi "Uztelekom" AK yurtimiz bo‘ylab optik aloqa liniyalarini qurish bilan bir qatorda, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish ishlarida ham ishtirok etmoqda.

    Sirdaryo viloyati mutasaddi tashkilot va korxona xodimlari hamda rahbarlari birgalikda Guliston tumani “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Guliston radioteleuzatish stansiyasi hududiga 200 tup mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazgani buning yorqin misoli. Bu yerda sug‘orish tizimida muammolar yo‘qligi bois mevali daraxtlar oson amal oladi. Tagiga ishlov berib, vaqtida oqlab turilsa kifoya, bir necha yilda hosilga kirishi tayin. Eng muhimi mahalla hududi ham, stansiya yon-atrofi ham so‘lim bog‘ga aylanib, mevasi va soyasidan barcha birdek bahra olishi mumkin.

    "Yosh aloqachi"da kengayayotgan bog‘lar

    Yoz kelishi bilan bolalar oromgohlar bag‘riga oshiqadi. Ta’til soz o‘tsin, bolalar ham dam, ham ta’lim olsin deya bugun oromgohlarda sharoit yaxshilanib bormoqda. Ayniqsa ularning so‘limligi, havosining tozaligiga alohida e’tibor qaratilmoqdi. Bu albatta bolalar salomatligi uchun juda foydali. Ana shularni inobatga olgan holda Buxoro viloyatida joylashgan “Yosh aloqachi” oromgohi hududiga yangi nihollar ekilib, bog‘lari kengaytirilmoqda. AKT vazirligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi hamda “O‘zbektelekom” AK Buxoro filiali tashabbusi bilan oromgohga 540 tup mevali daraxt ko‘chati ekildi. Garchi Buxoroning iqlimi quruq va yozi issiq bo‘lishiga qaramasdan ana shunday mevali daraxtlarning yerga o‘tqazilishi yaxshi albatta. Boisi havoga ko‘tariladigan chang va qum zarralari, mikroorganizmlarni tozalashda daraxtlarning o‘rni beqiyos.

    Tashkilotlar tashabbusi

    Mamlakatimiz ko‘rkiga hamda ekotizimiga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan, bu borada o‘zi tashabbus bilan chiqayotgan korxona va tashkilotlar hamda ishchi-xodimlar soni kundan kunga ortib bormoqda. Aloqa bank Navoiy filiali ham ana shunday tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan tashkilotlardan biridir. Mazur tashkilot tashabbusi va mablag‘i xisobiga Navoiy viloyat Ekalogiya boshqarmasi xamda Nurota tuman xokimligi xamkorligida Nurota tuman Saidjon eshon massiviga 1250 tup tut kuchati ekildi. Bundan tashqari Nurota tumani "Yoshlar bog‘i"ga 750 tup mevali o‘tqazilib, jami 2 gektarlik bog‘ barpo qilindi. "Yashil makon" umummilliy loyihasi esa ana shunday hayrli ishlar debochasi bo‘lmoqda.

    Yaxshilikka yo‘g‘rilgan nihollar

    Yurtimiz bo‘ylab davom etayotgan "dolzarb qirq kunlik"ka e’tibor bermagan, umummilliy harakat kirib bormagan hech bir muassasa yohud mahalla qolmadi hisob. Maktabgacha ta’lim tashkilotidan tortib oliy ta’lim muassasalarigacha barchasida daraxt ekish aksiyasi o‘tkazilmoqda. Eng muhimi bo‘sh turgan yerlarga yosh nihollar qadalib, kelgusida ulkan daraxt bo‘lishiga umid bog‘lanmoqda. Muhammad al-Horazmiy nomidagi Qashqadaryo axborot texnologiyalari texnikumi hududida ham ana shunday ezgu maqsadlar bilan daraxt ekildi. Mutasaddilar va ekologiyaga befarq bo‘lmagan faollar, shuningdek texnikum xodimlari va yoshlar ishtirokida 350 tup mevali va manzarali daraxtlar ta’lim dargohi atrofiga ekildi. Quvonarlisi, mazkur jarayon daraxt ekishda tajribaga ega mutaxassislar nazorati va ko‘magi ostida o‘tkazildi. Bu esa yerni qancha chuqurlikda qazish, qaysi turdagi ko‘chat tagiga qancha miqdorda suv quyish kerakligi borasida savollarga o‘rin qoldirmadi. Ko‘chatlar tartib va ehtiyodkorlik bilan, yaxshi o‘y-niyatlar ila yerga qadaldi.

    Shamolga chidamli daraxtlar

    Toshkent viloyati Bekabod tumani shamoli bilan xalq orasida tanilgan hudud hisoblanadi. Yurtimizning eng shamolli hududi sifatida aynana Bekabod doim tilga olinadi. Ana shunday shamolli tumanda ham daraxt ekishdek ezgu amallar izchil davom etmoqda. Garchi ariq, ko‘l va kanallarga ega bo‘lsada, yozi qurg‘oqchil keladigan mazkur tumanda ekiladigan har bir daraxt sharoitga mos bo‘lishi lozim. Ya’ni keskin kontental iqlimda yashay oladigan, shamolga ham, qug‘oqchilikka ham chidamli ko‘chat tanlash muhim hisoblanadi.

    — Asosan qurg‘ochilikka chidamli qayrag‘och, shumtol kabilar ekilmoqda, — deydi Bekobod tumani o‘rmon xo‘jaligi direktori G‘olib Odilov. — Himoya o‘rmonzorlarida esa ko‘proq qayrag‘och ekish maqsadga muvofiq. Ixota daraxtzorlariga tut, tol, terak ko‘chatlarini o‘tqazishni tavsiya qilganmiz. Ekish jarayonida avval yer qazilib, ichiga suv quyilib, so‘ngra ko‘chat ekilmoqda. Bu aynan kuz mavsumida daraxt ekish tizimiga mos ravishda yo‘lga qo‘yilgan.

    Ekilgan ko‘chatlar kunora maxsus suv tashish yo‘li bilan, ba’zi joylarda esa nasos orqali sug‘orilishi mo‘ljallangan. Ekilgan daraxtlar nazorati ham rejaga muvofiq xatlov orqali amalga oshiriladi.

    Noilaxon Ahatova tayyorladi