Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O'zbekiston-Janubiy Koreya: AKT sohasidagi samarali hamkorlikning yangi sahifasi
    16.12.2021

     

    2021-yil 16-dekabr kuniYangi O'zbekiston” gazetasining 253-sonida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatovning maqolasi chop etildi.

    Mazkur maqolada O‘zbekiston va Koreya Respublikasi ko‘p tarmoqli hamkorligi doirasida amalga oshirilgan samarali ishlar to‘g‘risida so‘z yuritilgan.

    Maqolaning gazeta ko'rinishidagi varianti.

     

    Xalqaro hamkorlik

    O‘zbekiston — Janubiy Koreya:

    AKT SOHASIDAGI SAMARALI HAMKORLIKNING YANGI SAHIFASI

    Ayni paytda janubiy koreyalik hamkorlar bilan birga mamlakatimizda AKT sohasida zamonaviy elektron hukumat tizimini yaratish, IT ta’limni takomillashtirish, telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Mana shunday sohalardagi muhim loyihalar va mushtarak intilishlar samarasida ikki davlat hamkorligi barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda.

    Koreya Respublikasi sanoatlashtirishni nisbatan kech boshlaganiga qaramay, siyosiy yo‘lini axborot texnologiyalariga mos ravishda belgilab, uni amalda qo‘lladi va hozir raqamli texnologiyalar davlat raqobatbardoshligining asosini tashkil etadi. Raqamli texnologiyalar davlat xizmatlari faoliyatini sifat jihatidan o‘zgartirib, fuqarolarni har qanday o‘zgarish haqida o‘z vaqtida xabardor qilish, qolaversa, ular faoliyatining shaffofligini oshirish imkonini beradi.

    Shu tariqa davlat boshqaruvining yangi modeli — elektron hukumat tizimi shakllantirildi. Ushbu tizimda barcha davlat xizmati virtual tarzda, vaqt va mablag‘ni tejagan holda ko‘rsatiladi. Mamlakatda elektron hukumat rivojlanishi ancha yillar oldin boshlangan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida boy tajriba to‘plangan. Bugun Janubiy Koreya elektron hukumat sohasida tan olingan yetakchi davlatlardan biri. Uning muvaffaqiyatli ishlanmalaridan ko‘plab mamlakatlar keng foydalanmoqda. Shu bilan birga, Koreya Res­publikasidagi ushbu islohotlar BMT baholash reytinglarida bir necha bor birinchi o‘rinda qayd etilgan.

    Bugun raqamli islohotlarni o‘z vaqtida amalga oshirgan davlatlar sun’iy intellekt texnologiyalari, katta ma’lumot bazalari, bulutli texnologiya, 5G texnologiya kabi dolzarb sohalarda ustuvorligini ko‘rsatib kelmoqda.

    O‘zbekiston va Koreya Respublikasi mutaxassislari ishtirokida mamlakatimiz telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari, axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari komplekslarini yaratish chora-tadbirlarini o‘z ichiga olgan Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi ishlab chiqildi. Bu esa milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish uchun asos vazifasini o‘tamoqda. Shu bilan birga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishga tushirilishida janubiy koreyalik hamkorlarimizning hissasi katta.

     

    Elektron hukumat tizimini takomillashtirishdagi mushtarak intilishlar

    Janubiy koreyalik mutaxassislarning mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish borasidagi islohotlarda faol ishtirok etayotgani, elektron hukumat va IT ta’lim sohasidagi yirik loyihalarni joriy etishda bevosita hamkorlik qilayotgani o‘zaro hamjihatlik va ishonchning yuksakligidan dalolat beradi.

    O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida elektron hukumat infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan edi. O‘tgan davr mobaynida chet ellik ekspertlar ko‘magida O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonuni ishlab chiqildi va qabul qilindi.

    2020 yildan boshlab esa elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik doirasida O‘zbekiston — Koreya ekspert guruhi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Unda elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishdagi ustuvor vazifalar belgilangan bo‘lib, ushbu hamkorlik uch asosiy yo‘nalishni qamrab olgan.

    Birinchisi — O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish. Hozir jahon mamlakatlari ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda raqamli iqtisodiyotga o‘tish sur’atini tezlashtirish maqsadida sanoatda sun’iy idrok ishtirokini oshirmoqda. Sun’iy idrok mavjud texnologiyalardan ancha manfaatli va samarali bo‘lib, iqtisodiy o‘sish hamda ijtimoiy rivojlanish sari yetaklaydi. Shuningdek, hamkorlikda tashkil etilgan ishchi guruh mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy sohalarida sun’iy idrokdan foydalanishni targ‘ib qilish bo‘yicha strategiyani ishlab chiqmoqda. Bu sun’iy idrokni rivojlantirish usullarini belgilashda amaliy ko‘mak vazifasini o‘taydi.

    Ikkinchisi — BMTning elektron hukumatni baholashni takomillashtirish strategiyasi. O‘zbekiston BMTning 2020 yilgi elektron hukumatni baholash reytingida 87-o‘rinni egalladi. Ushbu baholash tizimida yanada yuqori pog‘onani egallash uchun Janubiy Koreya tajribasiga asoslangan holda, kerakli jihatlar o‘rganib chiqilib, qisqa, o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan reja va takliflar ishlab chiqilmoqda.

    Uchinchisi — IT markazlar samaradorligini oshirish. Joriy yilga qadar “Raqamli O‘zbekis­ton — 2030” strategiyasiga muvofiq, 205 ta IT o‘quv markazi tashkil etildi. Ushbu markazlarda O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasi uchun kerakli bo‘lgan iqtidor egalari yuqori va sifatli ta’lim olmoqda. Shu bilan birga, raqamli rivoj­lanishda hududlardagi uzilish muammosini IT markazlar orqali bartaraf etish uchun samarali ishlar bajarilmoqda.

    Yurtimiz aholisining yarmidan ko‘pini tashabbuskor va mehnatga layoqatli yoshlar tashkil etadi. Raqamlashtirish jarayonida ular qanchalik faol ishtirok etsa, mamlakatimizning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi shuncha ortadi.

    Joriy yilda “O‘zbekiston va Koreya Respub­likasi o‘rtasida elektron hukumat sohasidagi hamkorlik” mavzusida seminar hamda ­O‘zbekiston — Koreya Respublikasi elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik forumi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Res­publikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, unga bo‘ysunuvchi korxonalar vakillari hamda Koreya Respublikasidan Fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vazirligi, Ta’lim vazirligi, Yer resurslari, infratuzilma va transport vazirligi, Madaniyat, sport va turizm vazirligi, Milliy axborot agentligi va Koreya instituti rahbarlari ishtirok etdi. Vebinarda elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston va Koreya Respublikasi hamkorligi doirasidagi vazifalarga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi, ta’lim va madaniyatda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, mintaqaviy axborotlashtirish bo‘yicha “Axborot shaharchasi” loyihasi, shuningdek, elektron hukumat sohasidagi biznes va boshqaruvni baholash masalalari muhokama qilindi.

     

    Mutaxassislarni hamkorlikda tayyorlash istiqboli

    Prezidentimizning 2017 yili Koreya Respub­likasiga rasmiy tashrifi doirasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) uchun integratsiyalashgan universitet tizimini tashkil etish va taqdim etish grant loyihasi ham muhokama qilingan edi. Shunga asosan, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ishtirokida Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ham integratsiyalashgan ta’lim tizimlari doirasida dasturiy va texnik jihozlar modernizatsiya qilinmoqda.

    Universitet Koreya Respublikasining AKT sohasidagi ko‘plab oliy o‘quv yurtlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ular orasida Koreya ilg‘or fan va texnologiyalar instituti (KAIST), Seul milliy universiteti (SNU), Yeongnam universiteti (YU), Kyung-Xi universiteti, Axborot-kommunikatsiya universitetlari ham bor.

    Bugun TATU tasarrufida Janubiy Koreya hukumatining texnik yordami bilan tashkil etilgan axborotdan foydalanish markazi — O‘zbekiston — Koreya o‘quv markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan davr mobaynida TATU va filiallarining 115 nafar o‘qituvchisi Janubiy Koreyaning yetakchi ixtisoslashgan universitetlariga malaka oshirishga yuborildi.

    TATU va KOICA hamkorligida kadrlar salohiya­tini oshirish bo‘yicha o‘quv seminarlar tashkil etildi. Ularda talabalar 30 dan ortiq professor-o‘qituvchidan infratuzilmani boshqarish uchun LMS/SIS tizimidan foydalanish, umumiy o‘quv dasturini tuzish va rejalashtirish, ta’lim jarayonini innovatsion texnologiyalar yordamida raqamlashtirish, shakl­lantirishda zamonaviy usullardan foydalanish, o‘quv dasturlari va ta’lim mazmuni, raqamli menejment, elektron ta’lim tizimi, mediamarkazlarni boshqarish, elektron ta’lim platformalari uchun ta’lim mazmunini shakllantirishda ilg‘or yechimlardan foydalanish, masofaviy o‘qitish kabi qator dolzarb mavzular bo‘yicha ma’lumot olishdi.

    Shuningdek, KOICA bilan hamkorlikda TATUning Samarqand filialida amalga oshirilayotgan “Integratsiyalashgan universitet axborot tizimini tashkil etish va taqdim etish” loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur grant loyiha doirasida yetkazib berilgan qurilmalar universitet infratuzilmasini rivojlantirishga hissa qo‘shadi. Qolaversa, janubiy koreyalik hamkorlar tomonidan ishlab chiqilgan ta’lim jarayonini boshqarish axborot tizimi va onlayn xizmatlar portali universitetning ta’lim xizmatlari sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    O‘tgan davr mobaynida Koreya Respublikasining yetakchi IT oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Inha universiteti filialining Toshkent shahrida ochilishi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun puxta zamin yaratdi. Universitet kompyuter injiniringi, dasturiy injiniring, logistika yo‘nalishlari bo‘yicha fao­liyat yurityapti. Ayni paytda ushbu universitetda 1508 nafar talaba tahsil olmoqda. Eng bilimli 40 nafar talabaga kirish imtihonlari natijalari asosida grantlar taqdim etiladi.

    Koreya Respublikasi Toshkent shahridagi Inha universitetida yuqori ta’lim standartlarini ta’minlash uchun doimiy ravishda o‘qitish jarayonini kuzatib boradigan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilmoqda. Xususan, 19 nafar professor-o‘qituvchi va mutaxassis, jumladan, 1 nafar prorektor Koreya Respublikasi hamda boshqa xorijiy davlatlardan kelgan. Universitetda talabalar nafaqat ta’lim tizimini takomillashtirish, balki darsdan tashqari mashg‘ulotlar, mutaxassislar bilan uchrashuvlar orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

    Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiya­lari texnologik parki (IT park) ko‘magida universitetda IT inkubatsiya markazi tashkil etildi. Yoshlarni IT ta’limga kengroq qamrab olish maqsadida 2021 yil oxirigacha Toshkent shahridagi Inha universitetida hamda hududlarda dasturlash maktabini ochish rejalashtirilgan.

    Shu yilning 26-noyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida O‘zbekiston — Koreya elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Forumning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida bilim va tajriba almashishga qaratildi.

    Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivoj­lantirish vazirligi hamda Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizlik vazirligi o‘rtasida 2020 yilda imzolangan memorandum doirasida elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha O‘zbekiston — Koreya Respublikasi ekspertlar guruhi faoliyati natijalari ham taqdim qilindi. Shuningdek, kelgusida bajariladigan ishlar belgilab olindi.

    Shu yilning 30-noyabrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida Koreya Respublikasining Milliy axborot agentligi jamiyati bilan hamkorlikda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi.

    Bundan tashqari, Koreya Respublikasi o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikdagi tadqiqotlar va loyihalarni amalga oshirish, elektron hukumat doirasidagi xalqaro reytinglarda yurtimiz nufuzini yuksaltirish va mamlakatimizda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazini yaratish borasida texnik yordam ko‘rsatishda amaliy ishtirok etmoqda. Ajratayotgan beg‘araz ko‘magi orqali yurtimizda AKT ta’lim tizimini yanada isloh qilish va rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.

     

    Optik tolali kabel ishlab chiqarilmoqda

    Bugungi kunda “Global Optical Communication Co Ltd” kompaniyasining Jizzax viloyatidagi “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida optik tolali kabellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Global Optical Communication Uzbekistan” MCHJ qo‘shma korxonasi faoliyat yuritmoqda.

    Qo‘shma korxonaga 2019 yilda “O‘zbektelekom” AK va Janubiy Koreyaning “Global Optical Communication Co Ltd” va “Uni Asset Global Co Ltd” kompaniyalari bilan birgalikda asos solingan. 2020 yilda birinchi bosqichda qo‘shma korxonaning “Jizzax” EIZdagi binosida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

    Ayni paytda “Optik tolali aloqa kabellari ishlab chiqarishni tashkil qilish” loyihasi “Global Optical Communication Uzbekistan” MCHJ QK tomonidan 2 ta bosqichda amalga oshirilmoqda:

    — qo‘shma korxonaga “O‘zbektelekom” AKning ulushi sifatida kiritilgan “Jizzax” EIZ hududidagi 1,6 gektar maydon va undagi ishlab chiqarish bino-inshootlariga uskunalar keltirib, o‘rnatildi. O‘rnatilgan uskunalar yiliga import o‘rnini bosuvchi 20 ming kilometr optik tolali aloqa kabeli ishlab chiqarishi boshlangan edi.

    — “Jizzax” EIZ hududidan belgilangan tartibda qo‘shimcha 4,5 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu maydonda import o‘rnini bosuvchi 30 ming kilometr optik tolali aloqa kabeli chiqarish quvvatiga ega kompleks qurilib ishga tushirildi.

    Bugunga kelib qo‘shma korxona tomonidan yiliga 50 ming kilometr optik tolali aloqa kabeli ishlab chiqarilmoqda.

    “GOC-UZ” yangi ishlab chiqarish korxonasi O‘zbekiston telekommunikatsiya infratuzilmasini avval xorijiy valyutaga sotib olingan mahsulotlar bilan ta’minlash masalasini hal etibgina qolmay, yuzdan ortiq ish o‘rni yaratib, Jizzax shahridagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ham ish bilan ta’minlaydi.

    O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivoj­lantirish uchun zamonaviy, yuqori tezlikdagi va ishonchli telekommunikatsiya tarmog‘i zarur. O‘zbekiston mis aloqa liniyalaridan optik tolali aloqa liniyalariga faol tarzda o‘tmoqda va bu telekommunikatsiya tarmoqlarining ishonchliligi va tezkorligini ta’minlash barobarida sifatini ham oshiradi.

     

    Samarali sheriklikning bosh muhim qirrasi

    Shu yil yanvar oyida O‘zbekiston va Koreya Res­publikasi Prezidentlarining videoselektor shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi natijalariga ko‘ra, hamkorlikka daxldor strategik masalalar, jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi sheriklik muhokama qilindi. Bir qator muhim hujjatlar, xususan, raqamlashtirish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Unga muvofiq, O‘zbekistonda “aqlli” innovatsion zavodlar, fermer xo‘jaliklari va shaharlar tashkil etish, raqamlashtirilgan sog‘liqni saqlash tizimini joriy etish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

    Janubiy Koreya delegatsiyasining “O‘zbekis­tonda milliy geoaxborot tizimi uchun fazoviy ma’lumotlarni standartlashtirish va ulardan foydalanish” granti loyihasi doirasida yurtimizga tashrifi chog‘ida “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi bo‘yicha amalga oshiriladigan elektron hukumat loyihalari va davlat organlarida axborot tizimlarini ishlab chiqishni rivojlantirishga doir masalalar o‘zaro muhokama qilindi.

    O‘zbekiston va Koreya Respublikasi Prezidentlarining o‘tgan yil oktabr oyida o‘tkazilgan sammiti doirasida rahbarlar alohida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanligini ta’kidlab, doimiy siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirish va parlamentlararo almashinuv­ni faollashtirish, mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash uchun ikki tomonlama tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Oliy, kasb-hunar va maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniy meros ob’ekt­larini raqamlashtirish va tiklash sohasidagi o‘zaro hamkorlikning joriy va istiqbolli das­turlari ko‘rib chiqildi. BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar, shuningdek, ­“Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasida yuqori texnologiyalar, “yashil” va raqamli iqtisodiyot sohasidagi dasturlarni ilgari surish bo‘yicha yaqin hamkorlik davom ettiriladi.

    Bugun ikki mamlakatning do‘stlik va keng ko‘lamli sheriklik rishtalarini mustahkamlashga, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini xalqlarimiz manfaatiga mos keladigan yangi sifat bosqichiga olib chiqishga, elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlikni rivoj­lantirishga qat’iy intilishini ko‘rish mumkin.

    Kelgusida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik hukumat darajasida yanada yaxshilanib, o‘zaro maxsus strategik hamkorlikka muvofiq raqamli sohadagi xususiy korxonalar o‘rtasida ham o‘zaro aloqalar yo‘lga qo‘yiladi va sheriklikning yangi bosqichiga qadam qo‘yiladi.

    Aminmanki, mamlakatimiz ham tez orada raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohasida jahon reytingida yuqori o‘rinni egallab, rivoj­langan mamlakatlar bilan raqobatlasha oladigan salohiyatli davlatga aylanadi.

     

    Sherzod ShЕRMATOV,

    Axborot texnologiyalari va

    kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri

     

     

    Manba: Axborot xizmati