Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami” kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tabrigi
    21.10.2021

    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi butun o‘zbek xalqini, shuningdek, dunyoning boshqa mamlakatlarida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarni “O‘zbek tili bayrami” kuni bilan tabriklaydi.

    Ona tili – millatning ruhidir. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demakdir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lib, “Oʻzbek tili oʻzbek xalqining maʼnaviy mulkidir” deya ta’kidlanishi jamoatchilikning gʻururiga gʻurur qoʻshdi.  Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.

    Aytish joizki, har bir millatning asosini uning tili va dini belgilab beradi. Til inson vujudiga ezgu fazilatlar, avvalo, ona allasi va ona tilining bebaho jozibasi orqali singadi. Inson qalbida ona tiliga nisbatan sof tuyg’u, mehr-muhabbat alanga oladi. Ona tili millatning birligi va birdamligining timsolidir.

    Til millatning buyuk boyligi,  xazinasi, tuganmas mulkidir. Chunki millatning tarixi, uning madaniy, ma’naviy merosi, urf-odatlari va an’alari unda mujassam bo‘ladi. Shu sababli ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyitishimiz va avlodlarga to‘liqligicha yetkazishimiz kerak.

    Navoiy bobomiz “Tilga eʼtiborni-elga eʼtibor” deya baholaganlar. Bugungi kunda mamlakatimizda davlat tilining nufuzi va maqomini oshirish bo‘yicha saʼy -harakatlar amalga oshirilmoqda. Barcha matbuotda va ommaviy axborot vositalarida olimlar, shoirlar, adiblar, madaniyat sohasi vakillarining davlat tiliga oid mazmunli chiqishlarining guvohi boʼlyapmiz.

    Shu o‘rinda hozirgi kunda yer yuzida 7 mingdan ziyod til mavjud bo‘lib, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga egaligi, o‘zbek tili ham ana shu tillar orasida ekanligi, Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.

    O‘zbek tili Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘rganilmoqda.

    Hozirgi kunda o‘zbek tili davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda faol qo‘llanmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda. Yuksalib borayotgan O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qo‘shmoqda.

    Shu o‘rinda, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi markaziy apparati hamda uning tizimidagi aksiyadorlik kompaniyalari, jamiyatlari, korxona, tashkilot va muassasalarda ham ish yuritish to‘liq davlat tilida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, nafaqat Vazirlikda ushbu yo‘nalishda maslahatchi faoliyat yuritmoqda, balki tizimdagi barcha korxona va tashkilotlarda mazkur faoliyatni muvofiqlashtirib boruvchilar tayinlangan. Ular tomonidan Vazirlik va tashkilotlarda ish yuritish, hujjatlar almashinuvining davlat tilida bo‘lishi, xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda zarur choralar ko‘rib kelinmoqda. Xususan, joriy yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ixtisoslashgan mutaxassislarning keng doirasi, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining talabalari, umuman olganda keng jamoatchilik uchun davlat tilida zamonaviy darsliklar hamda o‘quv qo‘llanmalari yaratishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan atamalar bazasini shakllantirish maqsadida 10 000 taga yaqin atamani o‘z ichiga olgan “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati” tayyorlandi.

    O‘zbek tili - milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘i hisoblanib,  ushbu bayramning mamlakatimiz miqyosda keng nishonlanishi xalqimizning milliy ruhi va g‘ururini yuksaltirish bilan birga, davlat tilini hayotimizda to‘laqonli joriy etishga xizmat qiladi.  Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.

    Aziz yurtdoshlar!

    Sizlarni va butun xalqimizni o‘zbek tili bayrami bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga fayz-u baraka, baxt-u saodat tilaymiz.

     

    Manba: Axborot xizmati