Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Til jamiyat o‘zligining o‘lchovidir...
    18.10.2021

    21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni

    Ayniqsa, keyingi ikki yil davomida davlat tilini yanada rivojlantirish, uning nufuzini nafaqat mamlakatimiz hududida, balki xorijda ham oshirish, davlat tashkilotlari va organlarida ish yuritishning to‘liq davlat tilida bo‘lishini ta’minlash haqida ko‘p gapirilish bilan birga, amaliy choralar ham ko‘rilayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Zero, faqatgina biz emas, butun dunyo millat va elatlarda asosiy muloqot vositasi va manbai bu ularning milliy tili ekanligi hammamizga kundek ravshan. Shunday ekan har bir tilning asrab-avaylanishi, saqlanishi, zamon rivojlanishi bilan yanada boyitilishi va buning natijasida kelajak avlodga munosib tarzda yetkazib berilishi o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki aynan til xalqlarni birlashtiradi, millatni tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, an’ana va madaniyatlarini saqlaydi, ularning avloddan avlodga o‘tishini, davomli bo‘lishini ta’minlaydi. Bugun davlat tilining ahamiyatini yanada oshirish, tashkilot va idoralarda davlat tilida ish yuritilishini ta’minlash maqsadida davlat tashkilotlari va organlari rahbarlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, respublikamizdagi tuman va shaharlar hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

    Davlat tilini rivojlantirish, uning foydalanilish doirasini kengaytirish borasida erishilayotgan yutuqlarimiz cho‘ntagimizda, ularni bizdan hech kim tortib ololmaydi. Ustozlar o‘sishni, rivojlanishni, yuksalishni, takomillashishni istar ekanmiz, faoliyatimizga doim tanqidiy nazar bilan qarashimiz kerakligini uqtirib kelishadi. Shu yilning 13 iyul kuni vazirlik va idoralar, shuningdek, viloyat, tuman va shahar hokimlarining maslahatchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri A.Qirg‘izboyev, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan yutuqlarga yoki ma’lum bir natijalarni qo‘lga kiritgan, o‘z tizimida davlat tilining ustuvorligini ta’minlayotgan fidoyi maslahatchilarga emas, haligacha qaysi lavozimda ekanligini, vazifasi nimalardan iboratligini tushunmayotganlarga e’tibor qaratdi. Bizning yoshimiz unchalik ham katta bo‘lmagani bilan bir paytlar biror vazirlik yoki idoraga kirib, xodimlarning aksariyat qismi rus tilida so‘zlashayotganligini ko‘rib, bu tilda salomlashishdan nariga o‘tolmasligimizni bilib, “kelgusida men qanday ishlar ekanman” degan hadik paydo bo‘lgan. Kundalik muloqot tili rus tili bo‘lsa-yu, sen rus tilini bilmasang, qanday ishlaysan? Yoki hozirda ham yiqilsa ham kurashga to‘ymaydigan polvonga o‘xshab, o‘zaro boshqa tilda muloqot qiladigan, maslahatchilar ishiga “shuyam ish bo‘ldiyu” degan kinoyali nazar bilan qaraydiganlar yo‘q emas. Ming afsus bilan aytish kerakki, har qancha harakat qilinmasin, qat’iy chora-tadbirlar belgilanmasin baribir haligacha rus tilida xat-hujjatlarni almashayotgan vazirlik va idoralar mavjud. Ularning nomini birma-bir aytib o‘tish niyatimiz yo‘q.

    Andishaning otini qo‘rqoq qo‘ymaslik kerak, menimcha. Lekin nega? Nega mamlakat Prezidenti ish yuritish tili ingliz va fransuz tili, rasmiy tillari esa ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tillari bo‘lgan va boshqa tilda chiqish qilishni istagan delegatsiya o‘z ma’ruza matnining Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy tillardan biridagi og‘zaki yoki yozma tarjimasini taqdim qilishi kerak bo‘lgan BMTning bosh minbaridan turib davlat tilida nutq so‘zlaydi-yu, biz oddiygina xatni davlat tilida yozishga or qilamiz? Nega Davlat rahbari shunday jasorat ko‘rsatib turganda biz o‘z korxonamiz, do‘konimiz nomini ajnabiy tildagi so‘z bilan ataymiz? Nima, bizning tilda qaysidir mahsulotga yoki xizmatga mos so‘z topish shunchalar qiyinmi? O‘zbek tili shunchalar kambag‘almi, deging keladi. Shu o‘rinda, oxirgi kunlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan ba’zi mavzularga to‘xtalib o‘tishni joiz deb topdik.

     Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 10 fevraldagi 61-son qaroriga asosan 2023 yil 1 yanvardan to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish belgilangan. Hali bungacha ikki yildan ko‘proq vaqt borligini inobatga olib, jonajon Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan mana shu jarayonning bir qismini jadallashtirish bo‘yicha choralar ko‘rishga qaror qilinibdi. Buning nimasi yomon? Bilib-bilmay bu voqelikni ham har ko‘yga solib ko‘rdik. Yoki bo‘lmasa, yaqindagina sodir bo‘lgan Chirchiq voqeasi. Hoy inson, bu loyiha tashabbuskorlari rus tilidagi so‘zning o‘zbek tilidagi tarjimasini omma o‘rtasida keng targ‘ib qilmoqchi bo‘lishdi. Buning nimasi yomon? Shu bahonada biz o‘zimiz tushunib yoki tushunmay foydalanayotgan so‘zlarning o‘zbek tilidagi ma’nosini bilib olishimiz mumkin endi. Axir xorijiy tilni o‘rganish uchun turli lug‘atlardan foydalanamizku. Buyam bir lug‘atdek gap edi. Davlat tili targ‘ibotiga qaratilgan bu faoliyatni har xil bo‘lmag‘ur nomlar bilan atashning, jazavaga tushishning nima keragi bor edi? Vazirlikda faoliyatning 99 foizi davlat tilida yuritilmoqda. Nega yuz emas, deyapsizmi? Bir foiz hujjatlar mamlakatimizdagi xorijiy davlatlar elchixonalari, tashkilot va korxonalar vakolatxonalari yoki chet davlatlarga yuboriladigan hujjatlar hisoblanadi.  

    Biz bag‘rikeng xalqmiz, kimlargadir o‘xshab, o‘z ona tilida hujjat tayyorlab, kerak bo‘lsa, o‘qib ol, demaymiz. Imkoni boricha murojaat qilingan tilda yozamiz. Bundan tashqari, bizga qilingan murojaatlarga nemislarga o‘xshab boshqa tilda yozilgani uchun murojaatning davlat tilidagi tarjimasini talab qilmasdan, uning tilida javob qaytaramiz. Ha, nega shuni davlat tilida qilsa, bo‘lmaydimi, degan savolingiz o‘rinli. Lekin bizda ba’zi qonun hujjatlari murojaatchining huquqlarini himoya qiladi, unga ustunlik beradi.

    “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahririda balki bu kabi savollarga o‘rin qolmas, ba’zi holatlarning oldini olinib, 32 yil oldin qabul qilingan qonundagi kamchiliklar bartaraf qilinar, degan umiddamiz. Ungacha esa davlat tashkilotlari murojaatchining tilida javob qaytarishga majbur. Bo‘lmasa, men murojaat qilgan tilda javob qaytarilmadi deb, shikoyat qilishlari mumkin...

    Yoki bo‘lmasa, Turkiyada bo‘lgani kabi barcha yozishmalar, yozuv va hisob-kitoblarning hech qanday istisnolarsiz davlat tilida olib borilishini talab qilib o‘tirmaymiz, yuridik shaxslar o‘rtasida tuzilgan davlat tilida bo‘lmagan shartnomalarni bekor ham qilmaymiz. Eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ladigan rus tilidan bemalol foydalanamiz. Shunchalar bag‘rikeng, mehmondo‘st xalqmizki, ikki o‘zbek suhbatlashib turgan joyga boshqa millat vakili kelib qo‘shilsa, uning yoki u tushunadigan tilda gaplashamiz. Hech qachon nega u mening tilimda gapirmayapti, degan savolni o‘zimizga bermaymiz? Savol berish u yoqda tursin, bu fikrni xayolimizdan ham o‘tkazmaymiz. Faoliyat davomida imkoniyat va sharoitdan kelib chiqqan holda barchaga davlat tilida ish yuritishni o‘rgatishga harakat qilyapmiz. E’tirozlar, qarshiliklar ham yo‘q emas, ammo eng asosiysi, birinchi rahbarning qo‘llab-quvvatlashi va bu jarayonni shaxsan nazoratga olgani insonni yanada ko‘proq ishlashga undaydi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar ham me’yorida. Ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitining ko‘p odam to‘plamaslik, ijtimoiy masofani saqlash kabi shartlaridan kelib chiqiladigan bo‘lsa, har hafta juma kuni vazirlik markaziy apparati boshqarma va bo‘limlari, shuningdek, tizimdagi korxona hamda tashkilotlar rahbar-xodimlari uchun videokonferensaloqa tizimi orqali o‘tkaziladigan huquqiy-ma’rifiy soatlar davomida kerakli ma’lumotlar berilib, onlayn ma’ruzalar qilinmoqda.  

    Darvoqe, 21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 32 yilligi hamda “O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vazirligi tizimidagi korxona va tashkilotlar vakillari ishtirokida she’riy tabrik yozdik. Bir qator taniqli shoirlarimizning she’rlarini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Ona tilim o‘lmaydi” she’rini tanladik.

     Bir narsani unutmaylik! Tarixda hech bir millat tilsiz yashamagan. Demak, bir millat sifatida yashashning yo‘li tildan o‘tishi bilan birga bir jamiyatga aylanishning yo‘li ham mustaqil tilga ega bo‘lishdan o‘tadi. Til bir millatning boshqa bir millatdan boshqacha gapirishidir. Millatlar tuyg‘ularini, fikr-mulohazalarini, koinotdagi butun borliqlarni o‘ziga xos ataydi. Til bir millatning ovoz dunyosidir. Millat mana shu ma’noda tilga o‘z tamg‘asini uradi. Til millat o‘zligi, milliy xotiralari, tuyg‘ulari va fikrlari, barcha moddiy va ma’naviy qadriyatlar, kashfiyotlar xazinasidir.  

    Inson uchun originallikning ilk sharti o‘zlik bo‘lsa, jamiyatda bu o‘zlikning ilk o‘lchovi tildir. Biz millat sifatida tarixda boshdan kechirgan yaxshi-yomon, baxtli-baxtsiz onlar, hodisalarni mana shu tilimiz bilan aytib beramiz. Til tarix, adabiyotning ifoda vositasidir. Davlat tilining ahamiyatiga Prezident darajasida e’tibor qaratilayotgan bir paytda, albatta, vazirlik va idoralarda davlat tilida ish yuritishni ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, ammo bu bilan to‘xtamaslik, chegaralanib qolmaslik kerak, nazarimda. Bundan tashqari, bu ish faqatgina maslahatchining emas, balki butun jamoaning ishi. Agar har kim o‘zining kichkina bo‘lsa ham hissasini qo‘shadigan bo‘lsa, ko‘zlangan manzilga belgilangan muddatdan oldinroq yetib boramiz.  

    Nurulla ABDULLAEV, 

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining

    ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi

    qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi.