eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “Samsung” kompaniyasi haqida nimalarni bilasiz?
    04.10.2021

    Eng yirik kompaniyalardan biri bo‘lgan “Samsung”- mobil va elektronika sohasida gigant kompaniyaga aylanib ulgurgan. 1938-yilda asos solingan kompaniya mana shu davrga qadar katta o‘zgarishlarni boshdan kechirdi, shuningdek, butun dunyo bozorlariga innovatsiyalarni olib kirgani holda ulkan burilishlarga sabab bo‘ldi. 

    Kompaniya asoschisi Li Bying-chul kompaniyaning katta ahamiyat kasb etishiga ishonardi. “Samsung” nomi ham aynan shu maqsadni o‘zida aks ettirgan. Koreys tilida “Uch yulduz” ma’nosidagi brend nomi ushbu xalq madaniyatida katta, ulkan va qudratli kabi tushunchalar ramzi sanaladi.

    “Samsung”ning ishchilari soni 489 mingdan ziyod

    Balkim, bundan xabardorsiz, balkim yo‘q, lekin koreys korporatsiyasi faqatgina elektronika yoki mobil qurilmalar bilan cheklanib qolgan emas. Samsung Groupga qarashli listingi o‘tkazilmagan 59 ta va listing qilingan 19 ta kompaniya mavjud bo‘lib, ularning hammasi, asosan, Koreya fond birjasida savdo qiladi. Bular qatoriga qurilishdan tortib, moliya, kemasozlik va hattoki tibbiyot sohasiga ixtisoslashgan kompaniyalar ham kiradi. Yuqoridagi tarmoq korxonalari ishchilarining umumiy soni 80 ta mamlakat bo‘ylab 489,000 dan ortiq xodimlarni tashkil etadi.

    Burj Khalifa

    Samsung haqida yana bir jihat ahamiyatlidir: Dubayda qad rostlagan dunyodagi eng baland bino sanaluvchi Burj Xalifa osmono‘pari aynan “Samsung”ning qurilish bilan shug‘ullanuvchi “qizaloq kompaniya”si tomonidan qurilgan.

    Samsung Group Koreya YIMning katta qismini tashkil qiladi

    Hozirgina Samsung Group tarkibiga qancha kompaniya va ishchi xodim kirishi haqida ma’lumot berib o‘tdik. Bularning barchasi Samsung, o‘zi joylashgan Janubiy Koreya davlati yalpi ichki mahsulotining anchagina qismini tashkil etishini anglatadi, albatta. 2017 yilda CNN nashri Samsung Group Koreya YIMning 15% ulushiga egalik qilishi haqida ma’lumot bergan edi. Hozirda esa, Koreya fond birjasida Samsung Groupning subsidiyalari 20% ulushga ega. Bu ulushning katta qismini esa birgina Samsung Electronics bo‘limi tashkil qiladi.

    “Samsung”ning elektronika sohasiga kirib kelishi 1970-yilgi oq-qora televizor bilan bo‘ldi

    Samsung yaratgan ilk elektron qurilma bu 1970-yilgi rangsiz televizor edi. Keyingi o‘n yilliklar ichida esa kompaniya sezilarli darajada kengayib, o‘zining 1986-yilgi avtomobilga o‘rnatiluvchi telefoni bilan mobil olamga qadam tashladi. Kompaniyaning dastlabki oynai jahon qurilmalarini iste’molchilar iliq kutib oldi, biroq telefon apparati esa tijoriy jihatdan muvaffaqqiyatsiz bo‘ldi.

    “Samsung”  logosi atigi 3 marta o‘zgartirilgan

    Kompaniya logosi 70-yillardan oldin bir necha marta o‘zgartirilgan bo‘lsa-da, bu davrdan so‘ng, ancha barqaror bo‘lib keldi. 1993-yilda hozirgi logotip yaratilgan, shu bilan Samsung o‘z logotipini 3 marta o‘zgartirgan, xolos.

    Samsung Electronics kompaniyasining haqiqiy faoliyati 1993-yilda boshlangan

    Samsung bir necha o‘n yillardan buyon elektronika mahsulotlari biznesi bilan shug‘ullanib kelayotgan bo‘lsa-da, faqatgina 1993-yilga kelib kompaniya Raisi Li Kun Hi tashabbusi bilan mahsulot sifatini ta’minlashni eng ahamiyatli jihatga aylantirish siyosati ilgari surildi.

    Ilk CDMA telefon

    1996-yilda Samsung CDMA texnologiyasidan foydalanuvchi dunyodagi birinchi SCH-100 telefon modelini yaratdi. Foydalanuvchiga unchalik ham ko‘p qulaylik yaratmaydigan, GSMdek darajada emas, deb baholangan bo‘lsa-da, o‘sha davr uchun yangi standart bo‘lgan CDMAning GSMdan ba’zi afzalliklari bor edi.

    Ilk soat-telefon

    Hozir smartfoningizni “bezovta qilmas”dan zamonaviy qurilmalar vositasida SMS xabar yozishingiz yoki telefon qo‘ng‘irog‘i amalga oshirishingiz mumkin, biroq aslida soat-telefonlar bozori, ancha oldin 1999-yilda boshlangan. O‘ziga xos bu soat-telefonda nafaqat vaqtni ko‘rish, balki 90 daqiqagacha telefon qo‘ng‘irog‘ini amalga oshirish mumkin bo‘lgan. Akkumulyator shu funksiyalarga xizmat qila olardi, xolos. Bu gadjetning ekraniga to‘xtalsak, soatga LCD tipdagi ortdan yorituvchi monoxrom displey o‘rnatilgan. Klavishli tugmalar ham bo‘lgan. Eng qizig‘i, xotirada saqlangan kontaktlarga ovozli buyruq orqali qo‘ng‘iroq qilish ham mumkin edi.

    “Samsung”ning smartfon ishlab chiqarishi Android yoki iOS chiqarilishidan oldin boshlangan

    Samsung smartfon ishlab chiqarishda ilk bo‘lmasligi mumkin, biroq kompaniya bu sanoatga birinchilardan bo‘lib jiddiy kirishganligi bilan ahamiyatlidir. 2001-yilda koreys kompaniyasi AQSh bozorida rangli displeyli ilk cho‘ntak kompyuterini namoyish qildi. CPH-i300 nomini olgan qurilma Sprint telekommunikatsiya tarmog‘i uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Palm nomli operatsion tizimda ishlagan. Unda odatiy cho‘ntak kompyuterlarining barcha funksiyalari va bunga qo‘shimcha ravishda telefon qo‘ng‘irog‘ini amalga oshirish imkoni ham bor edi.

    “Samsung”ning eng ko‘p sotilgan telefoni E1100 dir

    “Samsung”ning eng ko‘p sotilgan telefoni siz taxmin qilgan telefon bo‘lmasligi mumkin: 2009-yili chiqarilgan E1110 modeli dunyo bozorini zabt etgan. 2012-yilda bu modelning ishlab chiqarilishi to‘xtatilgunga qadar 150 mln dona qurilma sotilgan. Bu ko‘rsatkich bilan esa E1110 butun dunyodagi eng ko‘p sotilgan sakkizinchi telefon bo‘lgan.

    “Samsung”ning eng ko‘p sotilgan smartfoni - Galaxy S4

    Samsung ishlab chiqargan ikkinchi eng muvaffaqiyatli telefon bu butun dunyoda xaridlar soni bo‘yicha 14-o‘rinda turuvchi – Galaxy S4dir. Smartfonni 80 mln foydalanuvchi xarid qilgan, bu ko‘rsatkich bilan esa u Samsungning smartfon sohasidagi o‘z rekordi bo‘ldi. Ta’kidlash kerakki, aqlli telefonlar savdosida hozirgacha S4 eng ko‘p sotilganlik reytingida iPhone 6, iPhone 6 Plus va Symbian OTida ishlovchi Nokia 5230 dan keyingi 3-o‘rinni egallab kelmoqda.

    “Samsung” haqida faktlar:

    - 1930-yillari koreyalik ishbilarmon Li Byon Chxol guruch uni ishlab chiqarish ishiga kirishadi. Tegu shahrida uncha katta bo‘lmagan ombor quradi. Ana shu ombor “Samsung” kompaniyasiga tamal toshi bo‘ladi.

    -  Kompaniya 1938-yilda “Samsung Trading Company” savdo belgisi bilan ro‘yhatdan o‘tdi.

    - Samsung 1983-yildan shaxsiy kompyuterlar ishlab chiqarila boshlandi.

    - 1991 – 1992 yillarda shaxsiy mobil vositalar va mobil telefonlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

    - 1999-yili konsern elektron maishiy texnika ishlab chiqarish bo‘yicha «Forbes Global» jurnalining mukofotiga sazovor bo‘ldi.

    - Konsernga tegishli LCD monitorlari va televizorlar ishlab chiqaradigan zavodlar Janubiy Koreya – Suvon shahri (1981), Vengriya (1990), Malayziya (1995), Buyuk Britaniya (1995), Meksika (1998), Xitoy (1998), Braziliya (1998), Slovakiya (2002), Hindiston (2001), Vetnam (2001), Tailand (2001) va Ispaniyada (2001) faoliyat yuritadi. Bu tarmoq kompaniyaga yiliga 5 mlrd. AQSh dollari olib keladi.

    -  “Interbrand” konsalting kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, “Samsung” kompaniyasi savdo belgisining qiymati bo‘yicha dunyoda 21-o‘rinda turadi. Uning asosiy raqobatchisi “Sony” esa 25-o‘rinda.

    Manba: Axborot xizmati