Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi jamoasi ustoz va murrabiylarni 1-oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabriklaydi
    30.09.2021

     

    Muhtaram ustoz va murabbiylar!

    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi jamoasi Siz azizlarni, sizlarning timsolingizda ustoz degan sharafli nomni ulug‘lab kelayotgan yurtimizdagi barcha insonlarni umumxalq bayrami 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etadi.  

    Ustoz, o‘qituvchi, murabbiy - bu so‘zlar zamiriga nazar solsak, o‘z hayotini ta’lim-tarbiyaga baxshida etgan fidoyi inson, ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli, ziyo tarqatuvchi, adolat va haqiqat mezoni, mehr va odamiylik o‘chog‘i, o‘z sohasining zukko bilimdoni bo‘lgan sizlar kabi mo‘tabar zotlar ko‘z oldimizga keladi.

    Xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri - ustozlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularni ulug‘lashdir. Bugun mamlakatimizda o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish jahonning ko‘plab davlatlari tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Mazkur sana arafasida ustozlik kasbida halol va samarali ish olib borayotgan ilg‘or pedagoglarning yuksak mukofotlar bilan taqdirlanishri buning amaldagi isbotidir.

    Buyuk shoir Alisher Navoiy ta’kidlaganidek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham sizlarning oliyjanob mehnatingiz haqini ado etib bo‘lmaydi. Har bir jajji bolani o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini baxsh etadigan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan ming-minglab farzandlarimiz kamoli uchun javobgar o‘qituvchi va murabbiylar fidoyi kasb egalaridir.

    Bugungi kunda Raqamli texnologiyalarni mamlakatimizda keng joriy qilishda eng muhim masala – bu sohada yuqori malakali kadrlarlarni tayyorlash hisoblanadi. Shu bilan birga, yoshlarimizning ham “IT” yo‘nalishida ta’lim olishga qiziqishi keskin oshib bormoqda.

    Ta’kidlash lozim, hozirgi vaqtda republikamizda 100 dan ortiq tayanch IT-maktab, 151 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi, 14 ta IT-texnikumlar, oliy ta’lim muassasalari qoshidagi 6 ta akademik litsey faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Amiti universiteti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning 6 ta hududiy filiallarida professor-o‘qituvchilar tomonidan malakali, oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanmoqda. Ular axborot texnologiyalari sohasida daqiqa sayin sodir bo‘layotgan yangiliklar va o‘zgarishlardan o‘quvchi-talabalarni xabardor qilib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish va yangi loyihalar ustida ishlashlari uchun o‘z mehnatlarini ayamay fidoyilik ko‘rsatmoqdalar.

    Aziz ustozlar! Sizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish, jonajon Vatanimizni yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, g‘oyat sharafli mehnatingizni barchamiz ko‘rib turibmiz. Va bu vazifani mas’uliyat bilan ado etib kelayotgan Siz kabi fidoyi insonlar – kelajak bunyodkorlariga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.

    Sizlarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklagan holda, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilaymiz!

    Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz USTOZLAR!

     

     

    Manba: Axborot xizmati