Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi
    10.09.2021

    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-sentabr kuni IT sohasida kadrlar tayyorlash, shuningdek, Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarda ta’lim sifatini oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

    Yig‘ilishda videokoferensaloqa orqali Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad Abdulla al-Gergaviy ham ishtirok etdi.

    Dastlab IT sohasida kadrlar tayyorlash masalasi muhokama qilindi.

    Ma’lumki, “raqamli iqtisodiyot” kelgusi besh yilda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy drayveri sifatida belgilab olindi. Barcha soha va hududlarda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boshlandi.

    Bu borada hozirga qadar hududlarda 89 ta, tarmoqlarda 200 dan ortiq loyihalar amalga oshirildi. Yil boshidan buyon IT-park rezidentlari soni 35 foizga ko‘payib (482 ta), ularda 6 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

    Joriy yil 8 oyida ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar hajmi 2,4 baravarga, ularning eksporti 3,3 baravarga oshib, 26 million dollarga yetdi.

    Shu bilan birga, kelgusi 3 yilda iqtisodiyot tarmoqlarida yana 300 ta yangi loyihani amalga oshirish belgilangan. Ushbu loyihalarni to‘liq amalga oshirish uchun sohada yuqori malakali kadrlarni tayyorlash dolzarb masala hisoblanadi.

    Bu borada, Dubay Kelajak fondi ishtirokida “Bir million dasturchi” loyihasi tatbiq etilmoqda.

    bugungi kunga qadar loyiha doirasida 567 ming yoshlar uchun bepul ta’lim olish imkoniyati yaratilib, ularning 217 ming nafari sertifikat oldi. Misol uchun, Navoiy, Andijon va Qoraqalpog‘istonda sertifikat olgan yoshlar soni eng ko‘p. E’tiborlisi, loyiha ishtirokchilarining 446 ming nafarini (79 foiz) maktab o‘quvchilari tashkil etadi.

    “Bir million dasturchi” loyihasini samarali amalga oshirishda Birlashgan Arab Amirliklari ishtiroki katta ahamiyat kasb etib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning yorqin ifodasiga aylandi.

    Prezident zamonaviy IT, qayta tiklanuvchi energiya manbalari kabi eng ilg‘or yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgani uchun Birlashgan Arab Amirliklari hukumatiga, jumladan, vazir al-Gergaviyga tashakkur izhor qildi.

    Yig‘ilishda BAA hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad Abdulla al-Gergaviy so‘zga chiqib, O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish hamda kelgusida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor ekanini ta’kidladi.

    O‘zA

    Manba: Axborot xizmati