Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • AKT vaziri Boysun tumani yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
    26.06.2021

    Yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi mamlakatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Shu sababli, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

    Bugun, 26-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sodiqov hamda Boysun tumani hokimi A. Jo‘rayev bilan Surxondaryo viloyati Boysun tumani yoshlari o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

    Ochiq muloqot davomida nafaqat IT sohaga oid muammolar, bundan tashqari yoshlarni qiziqtiradigan barcha masalalar ham batafsil muhokama qilindi. Yoshlar o’zlarining fikr va takliflarini bildirdilar.

    Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda AKT sohasida yoshlarga barcha imkoniyatlar yaratish, ularning salohiyatini hayotga tatbiq etish uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Dubai Future Foundation” jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasi yoshlarning axborot texnologiyalariga qiziqishini rag‘batlantirishda muhim strategik qadam bo‘ldi.

    O‘tgan yili loyihaga 120 mingdan ziyod o‘quvchi qamrab olindi. Ularning 18 mingdan ortig‘i kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat oldi. Kelgusida bu ko‘rsatkichni 300 mingga yetkazish va yoshlarni kompyuter texnologiyalari yo‘nalishida bepul o‘qitish hamda masofaviy ta’limni va darslarni onlayn o‘tkazish imkoniyatini beradigan axborot tizimlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

    Davlatimiz rahbari bu yildan boshlab xalqaro IT sertifikatini qo‘lga kiritgan yoshlar xarajatining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berish vazifasini qo‘ydi. Bu sa’y-harakatlar uchinchi tashabbusning tobora keng quloch yoyishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Ayni paytda yoshlar va mas’ullar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatini beruvchi “Yoshlar murojaati” elektron platformasi ustida izlanish olib borilyapti. U yoshlarning ilm olishi, kasb-hunarli bo‘lishi, bir so‘z bilan aytganda, hayotda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi.

    Sohaga oid ilmiy izlanishlarni davom ettirish, yanada kengaytirish maqsadida Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti filiali ochildi. Kelgusida Respublikamizning barcha hududlarda IT mutaxassislarni tayyorlaydigan texnikumlarni ochilishi ham ko‘zda tutilgan.

    Aholi, xususan, yoshlarni kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishga o‘rgatish uchun mamlakatimiz bo‘ylab Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularda yigirma bir ming nafardan ortiq tinglovchi kompyuter savodxonligi, dasturlash asoslari, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratish, axborot texnologiyalari sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslari yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslarini tugatdi. Kurslarni muvaffaqiyatli bitirgan o‘quvchilarga sertifikat beriladi.

    Yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmasini oshirishda IT parklarning o‘rni beqiyos. Ularning rezidentlariga moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatish bilan birga, ta’lim yo‘nalishida ham qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, texnopark qoshida IT akademiya ochilib, unda qator yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi ekspertlarni jalb qilgan holda o‘quv kurslari tashkil etilyapti.

    Yoshlarning AKTga qiziqishi yuqoriligi inobatga olinib, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 2020-2021 o‘quv yili uchun “Raqamli iqtisodiyot” bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda sakkizta yangi magistratura mutaxassisligi ochildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan mazkur oliy ta’lim muassasasida O‘zbek-Belarus qo‘shma fakulteti tashkil etilib, 2020-2021 o‘quv yili uchun 500 talaba qabul qilindi. Umuman, bugungi kunda universitet va uning filiallarida jami 15 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi uzluksizlikni ta’minlashda xorij tajribasini chuqur o‘rganish, ilg‘or uslublarni mahalliy kadrlar tayyorlash tizimiga tatbiq etish dolzarb hisoblanadi. Shu bois, 2019-yilda Toshkent shahrida Amiti universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Unga xorijiy mamlakatlardan 17 nafar PhD darajasiga ega professor-o‘qituvchi jalb qilindi. O‘tgan o‘quv yilida 498 nafar talaba mazkur universitetning birinchi kursini bitirdi. 2020-2021- o‘quv yili uchun kirish imtihonlari to‘liq onlayn shaklda tashkil etilib, mazkur oliy ta’lim muassasasiga 384 nafar talaba qabul qilindi.

    Poytaxtimizdagi Inha universitetida ham o‘quv jarayoni qizg‘in. Ayni paytda ushbu ta’lim dargohida 51 nafar professor-o‘qituvchi va assistent faoliyat yurityapti. Talabalarning umumiy soni 1 506 nafar.

    Prezidentimizning 2020-yil 6-oktabrdagi “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4851-sonli qaroriga muvofiq, o‘tgan yili ixtisoslashtirilgan tayanch maktablar tashkil etilib, jihozlandi. Tizimdagi korxona va tashkilotlar homiy sifatida biriktirilib, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga o‘n milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Bu yil 82 ta, 2022-yilda 64 ta va 2023-yilda 45 ta shunday ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish ko‘zda tutilgan.

    2020-yilda hududlarda 14 ta tayanch maktablar ochildi. Ushbu maktablarga jami 1 325 nafar o‘quvchi hujjat topshirib, joriy yilning 12-yanvar kuni test sinovlari asosida 18 ta guruhga 630 nafar o‘quvchi saralab olindi. 2021-yilda esa, hududlarda 82 ta maktab tashkil etilib,164 ta guruhga 4 920 nafar o‘quvchi saralab olinadi.

    Muloqot davomida yoshlar tomonidan sohani rivojlantirishga oid takliflar, mulohazalar bildirildi. Vazir Shuhrat Sodiqov ular tomonidan bildirilgan tanqidiy mulohazalar yuzasidan sohadagi tegishli korxonalar rahbarlariga topshiriq berar ekan, ayrim iqtidorli yoshlarning takliflarini shaxsan o‘zi bafurja ko‘rib chiqishga tayyorligini, lozim topilsa, ularning amaliyotga joriy qilinishi ustida ish olib borilishini qayd etdi.

    Tadbir yakunida eng faol va tashabbuskor yoshlarning taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi va ularga AKT vazirning esdalik sovg‘alari topshirildi.