Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Mustaqilligimizning 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etadi
    31.08.2021

    Har qanday millat va xalq uchun eng muqaddas qadriyat, bu shubhasiz, mustaqillikdir, ammo hurriyatga hech qaysi millat osonlik bilan erishgan emas. Barchamizga ma’lumki, Vatanimiz ozodlikka erishganiga, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘lga kiritganiga 30 yil to‘ldi.

    O‘tgan yillar davomida mustaqilligimiz har tomonlama mustahkamlanib bordi, zamonaviy armiya va xavfsizlik tuzilmalari shakllantirildi, yurtimiz xalqaro maydonda ham o‘z o‘rniga, o‘z so‘ziga ega bo‘la oldi. Shu bilan birga, xalqimiz dunyoqarashida mustaqillik tuyg‘usi, erk hissi chuqur ildiz otib, yangi avlod, ya’ni istiqlol farzandlari yetishib chiqdi.

    Bugungi kunda Vatanimizning kelajagi va taqdirini o‘z qo‘liga olishga qodir, hayotga yangicha qaraydigan ming-minglab yoshlarimiz biz uchun, kelajagimiz uchun tog‘dek tayanch bo‘lib, mamlakatimizda olib borilayotgan barcha islohotlarning tashabbuskori va ijrochisi bo'lib maydonga chiqmoqda. Bu esa, qisqa davrda tez va barqaror sur'atlar bilan taraqqiy etib borayotgan, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallayotgan hamda qudratli davlatga aylanib borayotgan yurtimiz farovonligi va osmonimiz musaffoligi uchun muhimdir. Shu sababli 30 yilligi nishonlanayotgan hur, ozod va obod ona Vatanimiz mustaqilligining qadriga yetib yashashimiz darkor.

    Mustaqillik ayyomi arafasida Prezidentimizning e’tibori va e’tirofi AKT sohasining yuqori darajada yuksalishi hamda ravnaqi yo‘lida faoliyat yuritayotgan xodimlarining xursandchiligi ikki hissa ko‘proq bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimiz orasida sohamiz vakillarining bor edi.

    Ma’lumki, bugun sohada jami 35 mingdan ortiq rahbar va xodim faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Har bir inson o‘z mehnatining samarasini, ijobiy natijasini ko‘rishni, buning uchun qaysidir darajada rag‘batlantirish olishni istaydi.

    Vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan kompaniya va jamiyatlar, korxona va tashkilotlar, shuningdek, sohadagi xorijiy va xususiy korxonalar rahbar-xodimlari va mutaxassislarining 11 nafari Prezidentimizning yuksak e’tirofiga munosib ko‘rildi va ularga davlat mukofotlari berildi. Shuningdek, mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirishga katta hissa qo‘shayotgan, davlatimiz iqtisodiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishda ibrat va namuna bo‘lib kelayotgan xodimlarning 1 056 nafariga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni topshirildi.

    Shu bilan birga, Vazirlik tomonidan mustaqilligimiz tantanasi arafasida sohamizda faoliyat yuritayotgan 63 nafar rahbar va xodim “Faxriy yorliq”, “Mohir aloqachi” faxriy unvoni, “O‘z kasbining ustasi” belgisi bilan taqdirlandi. Kelajakda ushbu mukofot egalari sohamizni rivojlantirish uchun yangidan-yangi g‘oyalarni taqdim qiladi va ularni amaliyotga joriy qilish yo‘lida barcha imkoniyatlarini ishga soladi.

    Vazirlik jamoasi Mustaqilligimizning 30 yilligi bilan, eng avvalo, istiqlolni oliy qadriyat deb biluvchi, xalqimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimizni samimiy muborakbod etgan holda, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, tinchlik-omonlik, fayz-u baraka tark etmasligini tilaydi.

    Erishayotgan yutuqlarimiz bardavom, turmushimiz farovon, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!