Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda tizimdagi tashkilot xodimlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
    29.08.2021

    Bugun, 2021-yil 29-avgust kuni Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga yo‘naltirilgan fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan maktabda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi esdalik nishoni hamda Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi idoraviy mukofotlarini topshirilishiga va O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlarlari bilan taqdirlanganlarni tabriklashga bag'ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

     Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqov ishtirok etdi.

    Taqdirlash marosimida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasining yuqori darajada yuksalishi hamda ravnaqi yo‘lida faoliyat yuritayotgan, sohaning rivojlanishiga o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shib kelayotgan Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan kompaniya va jamiyatlar, korxona va tashkilotlar, shuningdek, sohadagi xorijiy va xususiy korxonalari rahbar xodimlari va mutaxassislarining 11 nafari Prezidentimizning yuksak e‘tirofiga munosib ko‘rilib, davlat mukofotlari bilan, 544 nafari “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

    Shu bilan birga, Vazirlik tomonidan mustaqilligimiz tantanasi arafasida sohamizda faoliyat yuritayotgan 63 nafar rahbar va xodimFaxriy yorliq”, “Mohir aloqachi” faxriy unvoni, “O‘z kasbining ustasi” belgisi bilan taqdirlandi.

    Mazkur tadbirda Vazirlikning hududiy boshqarmalari, viloyatdagi tizim tashkilot va korxona vakillari videokonferensaloqa orqali ishtirok etishdi.

    Hozirgi tezkor rivojlanish davrida, qayerda zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari hayotga izchil tatbiq etilsa, o‘sha joyda o‘sish bo‘ladi. Bu sohaning turli faoliyatlarga joriy qilinishi iqtisodiy o‘sish va davlatning ilmiy-texnik rivojlanishida bosh omil vazifasini o‘taydi.

    Shu o‘rinda sohada keyingi vaqtda amalga oshirilayotgan va erishilgan yutuqlarga to‘xtalib oʼtsak.

    Oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va samarali islohotlar natijasiga ko‘ra, 2021-yil 1 maydan operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan 1 Mbit/s tezlikdagi kanal narxi keskin arzonlashtirildi va hozirgi kunda ushbu xizmat narxi 32 000 so‘m qilib belgilandi.

    Olib borilayotgan ushbu samarali ishlarni xalqaro portallar ham eʼtirof etmoqda. Misol uchun, Britaniyaning Cable.co.uk portali dunyodagi mobil internet narxlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni eʼlon qildi. Unga koʼra O‘zbekiston 230 mamlakat orasida 21-o‘rinni egalladi. Bir yil davomida mamlakatimiz ko‘rsatkichlarini 33 pog‘onaga koʼtardi.

    Olib borilgan islohatlarning samarali natijasida 2020-yilda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 68,6 ming kilometrni tashkil etdi. Joriy yil oxiriga qadar esa ushbu ko‘rsatkichni 118,6 ming kilometrgacha yetkaziladi.

    Respublikamizning telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bosh maqsadlaridan biri – ijtimoiy obyektlarni yuqori tezlikdagi internet aloqa bilan taʼminlash. Hozirgi kunda xalq taʼlimi obektlarining 9 736 tasi (95 foiz), mahalla fuqarolar yig‘inglarning 8 485 tasi (92 foiz), militsiya tayanch punktlarning 3 798 tasi (60 foiz) hamda barcha maktabgacha taʼlim va tibbiyot muasassalari yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati bilan taʼminlangan. Joriy yil oxiriga qadar barcha ijtimoiy obektlarni yuqori tezlikdagi Internet bilan taʼminlash rejalashtirilgan.

    Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishning yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri – mobil aloqa xizmatlaridir. Shu maqsadda yurtimizda mobil aloqa tayanch stantsiyalarining umumiy sonini ko‘paytirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2020-yilda tayanch stantsiyalarining umumiy soni 31 740 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib ushbu koʼrsatkich 37 484 tani tashkil etmoqda.

    Bu esa, o‘z navbatiga mobil aloqa abonentlari sonining o‘sishiga zamin yaratmoqda. Hozirgi kundagi natijalariga ko‘ra mobil aloqa foydalanuvchilarining soni 27,5 millionga, mobil internet foydalanuvchilar soni esa 21,7 millionga etgan.

    Eng ilg‘or texnologik ishlanmalarni joriy etishga ham katta eʼtibor qaratildi. 2019-yil sentaabrdan ikkita mahalliy mobil operator - Uzmobile hamda Ucell 5G texnologiyasini test sinovidan o‘tkazishni boshlagan va bugungi kunda Toshkent shahrining markazlaridan biri – Tashkent City hududida Ucell kompaniyasi tomonidan 5G aloqasi ishga tushurilgan.

    Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali takomillashtirildi hamda bugungi kunda Portal orqali 257 ta elektron xizmatlari ko‘rsatilishi taʼminlandi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2018-yilda 2,4 millionta, 2019-yilda 5,8 millionta, 2020-yilda 9,8 millionta xizmat ko‘rsatilgan. Joriy yil yakuniga qadar Yagona portaldagi elektron xizmatlar soni 300 taga yetkaziladi.

    Аxborot texnologiyalari sohasini va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni yana-da rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ushbu sohadagi startap-loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda dasturiy va yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlarni targ‘ib qilishga ko‘maklashish maqsadida Respublika bo‘ylab IT Parkning 8 ta filiallari (Аndijon, Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo va Samarqand, Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida) tashkil qilindi. Respublikada ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatilgan IT-xizmatlar hajmi 2020-yilga nisbatan (1 trillion so‘m) 160 foizga oʼsib, 2021-yil birinchi yarimda 650 milliard so‘mga yetkazildi.

    Hozirgi kunda IT Park rezidentlarning soni 463 taga yetkazildi. 2021-yildan boshlab IT Park rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari 4 dan 18 gacha kengaytirilgan. Xususan, bugungi kunga qadar robototexnika, maʼlumotlarni qayta ishlash hamda IT-autsorsing xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar huquqiga ega bo‘lishdi.

    O‘tgan yilda ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari tashkil etilib, jihozlangani, tizimdagi korxona va tashkilotlar ularga homiy sifatida biriktirilgani va 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgani sohada boshlangan islohotlar qatʼiy, ortga qaytmas ekanligini yana bir bor tasdiqladi. 2021-2023 yillarda jami 205 ta ixtisoslashtirilgan IT-maktablarni tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

    Аholining raqamli texnologiyalarda ishlash ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Respublikaning barcha tuman (shahar)larida raqamli texnologiyalar oʼquv markazlari faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda. Bugungi kunda respublika bo‘yicha 147 ta raqamli texnologiyalar oʼquv markazlarini foydalanishga topshirildi va joriy yil yakuniga qadar markazlar soni 205 tani tashkil etiladi.

    Yuqorida keltirilgan maʼlumot va raqamlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarning bir qismi va uni yana davom ettirish mumkin.

    Bir so‘z bilan aytganda, Respublikamizning barcha hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish, axborot texnologiyalarini joriy etish hamda aholi hayot darajasi va farovonligining barqaror o‘sishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mana shunday ulkan oʼzgarishlarni amalga oshirish va oldinga qo‘yilgan marralarga erishish uchun soha xodimlarining mehnati va o‘rni juda ham katta shu bilan birga beqiyosdir.

     

    Manba: Axborot xizmati