Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Yakkasaroy tumanida obodonlashtirish ishlari davom etmoqda
    19.08.2021

    Joriy yilning 13-avgust kuni  mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Qushbegi mavzesi va Shayxontohur tumanidagi Ibn Sino mavzesida 210 xonadonli 4 ta to‘qqiz qavatli turar-joy binolari aloqa sohasi xodimlariga topshirilgan edi. Mazkur tantana sababli o‘tkazilgan marosimda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimi A. Sayfutdinov AKT vazirligining Yakkasaroy tumanida obodonlashtirish, xayr-saxovat ishlariga kamarbasta bo‘layotganini alohida e’tirof etdi.

    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi 8 ta mahallada bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Hozirgi kunga qadar vazirlik Ishchi guruhi tomonidan mazkur mahallalar o‘rganilib, aniqlangan 433 ta muammodan 302 tasi bartaraf etilgan. Shuningdek, vazirlik tizimidagi korxonalar tomonidan “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bo‘yicha o‘rganish olib borilmoqda. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan tashkil etilgan suhbatlar davomida har bir biriktirilgan hududda muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va kam ta’minlangan oilalar ro‘yxati shakllantirildi. Ana shu daftarlarga kiritilgan jami 11 nafar ishsizning bandligi ta’minlandi.

    – Aloqachilar, xususan, “UzMobile”  filiali tumanimizdagi «Damariq» mahallasida maqtagulik ishlarni amalga oshirdi, – dedi Yakkasaroy tumani hokimi A.Sayfutdinov. – Mahalladagi uy hovlilarida yangi bolalar maydonchasi tashkil etildi. Uylarning old qismida “Work out” ko‘rinishdagi sport maydonchasining qurilish hamda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shu jumladan, 3 ta bolalar maydonchasi ta’mirlanib, 2 ta yangi bolalar maydonchasi barpo etildi. Bundan tashqari, mahalla fuqarolar yig‘ini binosida joylashgan Elektron kutubxonani jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda va 150 dan ziyod elektron kitoblar sovg‘a qilindi. Mana ko‘rib turibsizlar, tumanimizning ushbu mavzesi obod va ko‘rkam maskanga aylandi.

    Tumandagi yordamga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarning 13 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi. O‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan jami 151 nafar oilaga oziq-ovqat mahsulotlar berildi.

    “O‘zbektelekom” AK Toshkent shahar filiali tomonidan uchta qurilish ta’mirlash brigadasi tashkil etildi. Mazkur brigadalar tomonidan 21 ta mahallada aloqa kabellari tartibga kelirildi, shuningdek, 21 ta yangi simyog‘och ustunlari o‘rnatildi, 70 m. kabel kanalizatsiya qurilib havo aloqa liniyalari yer ostiga olindi.

    Yettita mahalla hududlarida joylashgan pochta aloqasi bo‘limlarining yangi zamonaviy ko‘rinishga keltirilmoqda. Xususan, bugungi kunda “Boshliq” mahallasida joylashgan 22-pochta aloqasi bo‘limini mukammal ta’mirlash ishlari tugatilib, atrofi obodonlashtirildi. “Bog‘saroy” mahallasidagi 31-pochta aloqasi bo‘limi binosida esa ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.

    AKT vazirligi tizimidagi soha korxonalari tomonidan o‘tgan vaqt davomida tumandagi mahallalarda quyidagi ishlar amalga oshirildi:

    - 119 tonna chiqindilar olib chiqildi, 1570 ga yaqin mevali va manzarali nihol va ko‘chatlar ekildi, 1 954 dan ortiq daraxtlarga shakl berildi va oqlandi;

    - ko‘p qavatli uylarning 15 tasi tom qismi, 11 ta yerto‘la qismi, mahallardagi 31 ta bolalar maydonchasi (shundan 13 tasi yangidan qurildi, 18 tasi ta’mirlandi), 3 ta futbol, voleybol, basketbol, badminton o‘yingohlari ta’mirlandi;

    - 337 metr. optik tolali aloqa kabellari va 750 metr havo aloqa liniyasi tartibga keltirildi.

    “Besh muhim tashabbus” doirasida aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish borasida Yakkasaroy tuman hokimligi bilan hamkorlikda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Tuman hokimligida “Hudud axborot tizimi” hamda “Korxonalarni ro‘yxatga olish” axborot tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan.

    Ayni paytda bu kabi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ta’kidlash lozimki, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi korxona, tashkilot hamda kompaniyalar poytaxtimizning boshqa tumanlarida ham ana shunday bunyodkorlik, xayr va saxovat ishlarini olib borishmoqda.

     

    Manba: Axborot xizmati