Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • AKT xodimlari uchun yangi va zamonaviy uylar o‘z egalariga topshirildi
    13.08.2021

    Bugun, 13-avgust kuni “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan qurilgan Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Qushbegi mavzesi hamda Shayxontohur tumanidagi Ibn Sino mavzesida qad rostlagan 210 xonadonli 4 ta to‘qqiz qavatli turar-joy binolaridagi xonadonlarni o‘z egalariga berish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yangi va barcha qulayliklarga ega xonadonlar kaliti  Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimida faoliyat yuritadigan xodimlarga topshirildi.

    Zamonaviy shaklda qurilgan turar-joy binolarining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sodiqov, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimi A. Sayfutdinov, O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi A. Ishanxodjayev, mahalliy hokimiyat va telekommunikatsiya sohasi vakillari rahbariyati ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari hamda yoshlar qatnashdi.

    - So‘nggi yillarda hayotimizning barcha jabhalarida erishilgan yutuqlar bilan har qancha faxrlansak, har qancha g‘ururlansak arziydi. Birgina 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar tahliliga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tgan yilda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, zamonaviy elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimiga o‘tish yanada jadallashdi. Bu esa Davlatimiz rahbari tomonidan soha xodimlariga bildirilgan yuqori darajadagi ishonchni munosib oqlash lozimligini taqozo etadi. Eng muhimi, Vatan taraqqiyoti, mamlakatdagi o‘zgarishlar-u yangilanishlar samarasi yurtdoshlarimiz turmush farovonligi, xonadonlaridagi qut-baraka, tinchlik-osoyishtalik timsolida o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarni doimiy rag‘batlantirib borish va ularni zarur sharoitlarga ega turar-joylar bilan ta’minlash dolzarb masalalardan biridir. Ijtimoiy himoya, xususan, doimiy ravishda sog‘lomlashtirish, sayohatlar, turli madaniy-ommaviy va sport tadbirlarini uyushtirish soha xodimlarini rag‘batlantirish va birlashtirishning eng samarali vositasidir. Bugun ham ushbu turar-joy majmuasidagi xonadonlarni o‘z egalariga topshirar ekanmiz, ularning xonadonlariga tinchlik-xotirjamlik, oilaviy totuvlikni tilab qolamiz, - deydi AKT vaziri Sh. Sodiqov.

    Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlaridagi ushbu yangi binolarning birinchi qavatida 250-218-elektron avtomat telefon stansiyalari joylashgan bo‘lib, bu nafaqat turar-joy majmualari aholisi, balki umuman mavzelarda yashovchilar uchun ham telefon xizmatlaridan foydalanish borasida qulayliklar yaratadi.

    Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasi arafasida  davlatimiz tomonidan mazkur soha vakillariga qaratilayotgan e’tibor alohida e’tirofga loyiq. Ushbu turar-joy kompleksi Kompaniya tomonidan xodimlar uchun maxsus barpo etildi. Ikki manzilda qad rostlagan binoda shinam xonadonlar qurilgan bo‘lib, ularda barcha sharoitlar mujassamlashgan. Shinam va ko‘rkam xonadonlar bundan buyon oilalar uchun xizmat qiladi. Bu kabi yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlardan xodimlarning oilalarida xotirjamlik, ishlarida esa unum va baraka bo‘lishi shubhasiz.

    Turar-joy majmuasi ko‘chaning qulay qismida joylashgan bo‘lib, avtomobillar uchun alohida to‘xtash joyi shuningdek, majmuada bolalar uchun maxsus o‘yingohlar qurilgan.

    Ta’kidlash joizki, poytaxtimiz markazida qad rostlagan mazkur uylarning foydalanishga topshirilishi sohaning keng ko‘lamli ijtimoiy loyihasining faqat boshlanishidir. Keyingi yillarda  Yunusobod, Sergeli va Chilonzor tumanlarida ham mana shunday zamonaviy, yangi turar-joy binolarini qurish rejalashtirilmoqda.  

     

    Manba: Axborot xizmati