Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Davlat tili bilan bog‘liq vaziyat: xorijda qanday?
    29.04.2020

    Davlat tili bilan bog‘liq vaziyat xorijda qanday? Ish hujjatlari qaysi tillarda yuritiladi? Mazkur savollarga ushbu maqolada javob izlanadi. 

    Germaniya.
    «Ma’muriy amaliyotlar to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, ma’muriy amaliyotlar uchun rasmiy til sifatida nemis tili belgilangan. Agar mas’ul idoraga nemis tilidan boshqa tilda murojaat qilinsa, organ darhol uning nemis tiliga tarjimasini talab qilishi kerak. Nemis tilidan boshqa tilda murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.

    Irlandiya.
    Davlat tili sifatida irland va ingliz tili qabul qilingan. Davlat organlarida davlat tillari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinayotganini tekshirish bo‘yicha alohida organ mavjud. Agar davlat organi ushbu tashkilotga hujjatlarni taqdim qilmasa, ular bilan hamkorlik qilmasa, ushbu organ mansabdor shaxsi uchun 2000 yevrogacha jarima yoki 6 oy qamoq jazosi belgilangan. Bu tekshiruvlar natijasida til to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgani aniqlansa, davlat organi mansabdor shaxsi javobgarlikka tortilishi mumkin.

    Fransiya.
    Konstitutsiyada faqat fransuz tili davlat tili deb belgilangan. Tubon Qonuniga ko‘ra, davlat tashkilotlari tomonidan ish yuritish istisnosiz fransuz tilida olib boriladi, terminlarning fransuzcha muqobili turganda, inglizchasi yoki boshqa tildagisini ishlatish taqiqlanadi. Fransiya aholisining 51 foizi fransuz tilidan boshqa tilda gaplashadi. Qonun talablariga rioya qilmaganlik jismoniy shaxsga 700 yevro, yuridik shaxsga 3750 yevro jarima solinishiga sabab bo‘ladi, boshqa tilda peshlavhasi yoki yorlig‘i yozilgan mulk musodara qilinishi ham mumkin.

    Gruziya.
    «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, davlat korxona va tashkilotlarida faqat gruzin tilida ish yuritiladi, zarurat tug‘ilsa, hujjatlar boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin, ammo bu tarjimalar rasmiy hujjat hisoblanmaydi.

    Rossiya.
    «Davlat tili to‘g‘risida»gi Rossiya Federal Qonuniga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, Rossiya hududida faoliyat yurituvchi har qanday tashkilot davlat tili (rus tili)da ish yuritishi, tashkilotni nomlashda ham davlat tilidan foydalanishi belgilangan. Rossiyada 190 dan ortiq millat va elatlar yashaydi. Qonunni buzish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

    Ozarbayjon.
    Konstitutsiyaga ko‘ra, davlat tili ozarbayjon tili hisoblanadi. «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, tashkilotlarda ish yuritish davlat tilida olib boriladi. Qonun talabiga rioya qilmaslik tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

    Turkiya.
    Barcha yozishmalar, yozuv va hisob-kitoblar hech qanday istisnolarsiz turk tilida olib borilishi talab etiladi. Ushbu talabga rioya qilmaganlik ma’muriy jarimaga tortilishga sabab bo‘ladi. Turk yuridik shaxslari o‘rtasida tuzilgan turk tilida bo‘lmagan shartnomalar bekor qilinadi.

    Qatar.
    2019-yilda qabul qilingan yangi qonunga ko‘ra, Qatarda barcha davlat organlari va rasmiy hujjatlarda arab tilidan majburiy foydalaniladi. Qonun talablariga amal qilmaganlik uchun 50 000 Qatar riali (14 000 AQSh dollari atrofida) miqdorida jarima belgilangan.

    Manba: Axborot xizmati