Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Til bayramlari: Qaysi davlatda qachon belgilangan?
    14.04.2020

    2020-yil 10-aprel o‘zbek millati uchun yana bir sana sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi. Aynan shu kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan «O‘zbek tili kunini belgilash to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. Muhim ahamiyatga ega mazkur hujjat bilan 21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.

    Xo‘sh, biz bu kunni kutdikmi? Yoki savolni boshqa qo‘yish mumkin: Bizga bu kun kerakmi? Menimcha, kerak. Rivojlanib borayotgan zamonamizda hamma innovatsion texnologiyalar, zamonaviy atamalardan foydalanishni, o‘z faoliyatlarini xorijiy tillardagi, aslida o‘zbek tilida ham hammaning e’tiborini jalb qilishga arziydigan nomlari ko‘p, «ajoyib», e’tiborni tortuvchi, go‘yoki dunyoga mashhur so‘zlar bilan nomlashni istayotgan bir paytda juda ham zarur. Xuddiki, mana shu bilan ish yurishib ketadi, xaridor, mijoz ko‘payadi, ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosi ortadi.

    Ushbu materialda tilning ahamiyati, uning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar haqida gapirmoqchi emasmiz. Bu haqida ko‘p va xo‘p gapirilmoqda. Bugungi mavzu qaysi davlatlarda qachon til kuni belgilangan, bunga qanday sabablar turtki bo‘lgan va u qanday bayram qilinadi?

    Har yili turli davlatlarda, har xil sanalarda Ona tili kuni munosabati bilan tillarni himoya qilish, yosh avlodda ularga hurmat ruhini uyg‘otish va tarbiyalash, o‘z tillarining yanada kengroq tarqalishini ta’minlashga qaratilgan bayram tadbirlari o‘tkaziladi. Chunki til milliy va madaniy o‘ziga xoslik tashuvchisi hisoblanadi.

    Masalan, 1999-yil 17-noyabr kuni YUNESKO tomonidan 21-fevral — Xalqaro ona tili kuni deb e’lon qilingan. Va bu sana 2000-yildan buyon til va madaniy xilma-xillikni hamda ko‘ptillilikni rivojlantirish maqsadida keng nishonlab kelinadi. O‘z navbatida BMT Bosh Assambleyasi 2008-yilni Xalqaro tillar yili deb e’lon qilgan. Bu sananing e’lon qilinishiga 1952-yil 21-fevral kuni Dakkada (Bangladesh poytaxti) sodir bo‘lgan voqea sabab bo‘lgan. Shu kuni namoyishga chiqqan talabalar o‘z ona tili – bengal tilini mamlakatning davlat tillaridan biri sifatida tan olishlarini so‘ragan va politsiya tomonidan uzilgan o‘qlardan bir necha talaba halok ham bo‘lgan.

    Estoniyada 1996-yildan buyon 14-mart Ona tili kuni sifatida keng nishonalandi. Ushbu sana eston adabiy tili rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan yozuvchi va shoir Kristyan Yaak Peterson tug‘ilgan kuni (1801–1822) sharafiga eston xalqi, tili va madaniyatini asrab-avaylash maqsadida belgilangan. Sana munosabati bilan butun mamlakat bo‘ylab davlat bayrog‘i ko‘tariladi.

    Fransuz tili kuni Birlashgan millatlar tashkilotining boshqa tillari qatorida 2010-yildan buyon nishonlab kelinadi. Bunday alohida sana belgilanishiga BMT tashabbus ko‘rsatgan. Fransuz tili kuni sifatida 20-mart tanlangani bejiz emas. Chunki aynan mana shu kuni Xalqaro frankofoniya kuni nishonlanadi. Frankofoniya – 58 davlat yoki davlatning bir qismini birlashtirgan dunyoning franuz tilli davlatlari hamkorligi tashkiloti. Shuningdek, 26 kuzatuvchisi mavjud. Mazkur tashkilot 1970-yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi. Fransuz tili BMT tillaridan biri bo‘lish bilan birga dunyo madaniy qadriyatlaridan biri ham bo‘lib qolmoqda. Chunki aynan mana shu tilda Volter, Didro, Gyugo, Dyuma, Balzak, Rable kabi jahonga mashhur shaxslar gapirishgan va ijod qilishgan.

    1978-yildan buyon har yili 9-aprel kuni ma’rifatparvar Mikael Agrikola sharafiga Fin tili kuni nishonlanadi. Agrikola yozma fin tili yaratilishiga ulkan hissa qo‘shgan. 1543-yil u birinchi fin alifbosini yaratadi. Shu yil fin yozma tilining tug‘ilgan yili hisoblanadi. Bu kun Finlandiyada dam olish kuni hisoblanadi, lekin 1980-yildan boshlab bayram munosabati bilan davlat bayrog‘i ko‘tariladi. 

    Xitoy tili kuni ham BMTning boshqa tillari qatori 2010-yilda belgilangan. 20-aprelda nishonlanadigan bu sana xitoy yozuvchi asoschisi San Sze xotirasiga bag‘ishlanadi. Afsonalarga ko‘ra, u imperator Xuan Di saroyida tarixchi bo‘lgan va xitoy iyerogliflari asosi — piktogramlar to‘plamini ishlab chiqqan. Xitoy yozuvi nafaqat dunyodagi eng qiyin yozuvlardan biri, balki xitoy tili ham yer yuzidagi qadimiy tillardan biri ham hisoblanadi. Uning butun boyligini tasvirlab berish uchun 80 mingga yaqin iyeroglifdan foydalaniladi. Kundalik muloqotlar uchun esa 3-5 ming belgini bilishning o‘zi kifoya.

    BMT tillaridan biri bo‘lgan Ingliz tili kuni ham 2010-yildan buyon 23-aprel — «Romeo va Juletta», «Otello», «Qirol Lir» kabi asarlari bilan tanilgan buyuk ingliz shoiri, yozuvchisi, dunyoga mashhur dramaturg Uilyam Shekspir tug‘ilgan kunda nishonlanadi. Ingliz tilida so‘zlashuvchilar anglofonlar deyilarkan.

    BMT tillaridan yana biri Ispan tili kuni ham 2010-yildan buyon ispan yozuvchisi Mishel de Servantes vafot etgan kun 23-aprel kuni nishonlanadi.

    YUNESKO BMTning rasmiy tillaridan biri hisoblangan Rus tili kunini ham nishonlash tashabbusi bilan chiqqan. Mazkur kunni bayram qilish uchun Aleksandr Pushkin tug‘ilgan sana — 6-iyun tanlangan.

    Geydar Aliyevning 2001-yil 9-avustdagi «Ozarbayjon alifbosi va tili kunini ta’sis qilish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra Ozarbayjon alifbosi va tili kuni bayram qilib kelinmoqda.

    1998-yil 20-yanvardagi Prezident qarori bilan Qozog‘iston xalqlari tillari kuni  sentyabr oyining uchinchi yakshanbasida nishonaladi. Lekin bir kunda o‘nlab xalqlarning bu yo‘nalishdagi yutuqlarini ko‘rsatib bo‘lmaydi, shu sababli ham respublika viloyatlarida haftalik, o‘n kunlik, oylik tillar festivallari o‘tkaziladi. 2007 yidan boshlab Qozog‘istonda ish yuritish to‘liq davlat tilida olib borilmoqda. Va davlat tilini mukammal bilish har bir qozog‘istonlik uchun zaruratga aylandi.

    Qirg‘iz davlat tili kuni har yili 23-sentyabr — «Qirg‘iziston SSR davlat tili haqida»gi qonun qabul qilingan kunda nishonlanadi.

    N.Abdullayev,
    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari
    va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri maslahatchisi

     

    Manba: Axborot xizmati