Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Barcha murojaatlarga davlat tilida javob beriladi
    09.07.2021

     2021-yil 9-iyul kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan davlat tiliga oid qonun hujjatlariga amal qilish holatiga bag‘ishlangan videokonferensaloqa shaklida uchrashuv-seminar o‘tkazildi.

    Tadbirda Vazirlik markaziy apparati boshqarma va bo‘limlari, shuningdek, tizimdagi aksiyadorlik jamiyatlari, kompaniyalari, korxona, tashkilot va muassasalar rahbar xodimlari ishtirok etdi.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi N.Abdullayev tomonidan Vazirlik hamda uning tizim tashkilotlarida davlat tilida ish yuritish holati, amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida maʼlumot taqdim qildi.   

    Uchrashuv-seminarda Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri o‘rinbosari Sh.Musayev tomonidan 2021-yil 1-avgustga qadar barcha joy, ko‘cha, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va eʼlonlar, shuningdek, ish qog‘ozlari va turli blanklarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishini taʼminlash bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

    Jumladan, ish qog‘ozlari deganda tashkilot faoliyatiga oid chiquvchi xatlar, buyruq, farmoyish, ustxatlar va boshqa blanklar tushunilishiga aniqlik kiritildi.

    O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yurituvchi davlat tashkilotlari va korxonalari tomonidan yuborilgan xat qaysi tilda bo‘lishidan qatʼi nazar, javob xati davlat tilida berilishi shartligi, bundan, chet davlatlar elchixonalari, xorijiy tashkilotlar vakolatxonalari mustasno ekanligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Rahbar kadrlar va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 4-fevraldagi 52-son qarori, unda belgilangan vazifalar, yuzaga kelayotgan muammolar haqida batafsil maʼlumotlar taqdim qilindi.

    Bundan tashqari, “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Transport vazirligi tizimi, transport sohasi tashkilotlari hamda Sirdaryo viloyatida amalga oshirilishi holati quyidagi yo‘nalishlarda o‘rganilganligi, mazkur Qonuni ijrosi jarayonida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchilik hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilinganligi haqida to‘xtalib o‘tildi:

    • xodimlarning Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida malaka oshirishi;
    • 2019-yildan o‘rganish davrigacha qabul qilingan buyruq, farmoyishlar, hujjatlar almashinuvi (chiqish hujjatlari);
    • ish yuritishning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida tashkil qilinishi (muhrlar, peshlavhalar, blanklarning tayyorlanishi);
    • tashkilotda davlat tiliga oid qonun hujjatlariga amal qilinishi bo‘yicha masʼul tayinlanganligi;
    • davlat tili haqidagi qonun hujjatlari mohiyatini targ‘ib qilish.

    Uchrashuv-seminar ishtirokchilari davlat tilida ish yuritish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tish, masʼul lavozimlarga xodim qabul qilishda uning davlat tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatga ega bo‘lishi kabi turli yo‘nalishlarda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.

     

    Manba: Axborot xizmati