Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 30-iyun – Yoshlar kuni bilan samimiy muborakbod etadi
    30.06.2021

    Mamlakatimizda, ayniqsa, keyingi yillarda yurtimiz kelajagi hisoblangan yoshlar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, imkoniyatlar eshigi keng ochilgan. Yoshlarimizning bilim olishlari uchun turli darajadagi ta’lim muassasalari, ularni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun zamonaviy sport majmualari, axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilmoqda. Shu boisdan, farzandlarimiz o‘rtasida bilimga chanqoq, jahon yoshlari bilan tengma-teng raqobatlasha oladigan yigit-qizlar safi tobora kengayib bormoqda. Shuningdek, turli tashabbus va loyihalarni ilgari surgan yoshlarga ma’suliyatli vazifalar ishonib topshirilmoqda.

    Albatta, berilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan yuksak bilim va salohiyatli, zamonaviy fikrlaydigan, o‘zining qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning bugungi va ertangi kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda axborot texnologiyalari va kommunikatsiya sohasida umumiy hisobda 30 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shulardan 8 mingdan ortig‘ini yoshlar tashkil qilishi, bizni behad quvontiradi.

    Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda AKT sohasida yoshlarga barcha imkoniyatlar yaratish, ularning salohiyatini hayotga tatbiq etish uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Dubai Future Foundation” jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasi yoshlarning axborot texnologiyalariga qiziqishini rag‘batlantirishda muhim strategik qadam bo‘ldi.

    O‘tgan yili loyihaga 120 mingdan ziyod o‘quvchi qamrab olindi. Ularning 18 mingdan ortig‘i kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat oldi. Kelgusida bu ko‘rsatkichni 300 mingga yetkazish va yoshlarni kompyuter texnologiyalari yo‘nalishida bepul o‘qitish hamda masofaviy ta’limni va darslarni onlayn o‘tkazish imkoniyatini beradigan axborot tizimlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

    Davlatimiz rahbari bu yildan boshlab xalqaro IT sertifikatini qo‘lga kiritgan yoshlar xarajatining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berish vazifasini qo‘ydi. Bu sa’y-harakatlar uchinchi tashabbusning tobora keng quloch yoyishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Ayni paytda yoshlar va mas’ullar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatini beruvchi “Yoshlar murojaati” elektron platformasi ustida izlanish olib borilyapti. U yoshlarning ilm olishi, kasb-hunarli bo‘lishi, bir so‘z bilan aytganda, hayotda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi.

    Bugun AKT sohasida kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor berilishi natijasida vazirlik tizimida 8 ta oliy taʼlim muassasasi, 3 ta texnikum, 6 ta akademik litsey, 15 ta axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat olib bormoqda.

    Ayni paytda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning Nukus, Urganch, Qarshi, Samarqand hamda Farg‘ona filiallari, Toshkent shahridagi Inxa universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari texnikumi, Samarqand axborot texnologiyalari texnikumi, Yangiqo‘rg‘on axborot texnologiyalari texnikumi, 6 ta akademik litsey hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida uzluksiz kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu taʼlim muassasalarida 22 ming nafarga yaqin talaba, 1,9 min nafarga yaqin o‘quvchi taʼlim olmoqda.

    Aholi, xususan, yoshlarni kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishga o‘rgatish uchun mamlakatimiz bo‘ylab Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularda yigirma bir ming nafardan ortiq tinglovchi kompyuter savodxonligi, dasturlash asoslari, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratish, axborot texnologiyalari sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslari yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslarini tugatdi. Kurslarni muvaffaqiyatli bitirgan o‘quvchilarga sertifikat beriladi.

    Yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmasini oshirishda IT parklarning o‘rni beqiyos. Ularning rezidentlariga moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatish bilan birga, ta’lim yo‘nalishida ham qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, texnopark qoshida IT akademiya ochilib, unda qator yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi ekspertlarni jalb qilgan holda o‘quv kurslari tashkil etilyapti.

    Bugungi kunda yuqori texnologiyalar hamda zamonaviy ilm-fanni mukammal egallash har qanday davlat taraqqiyotining ajralmas qismidir. Shu so‘zlarning ma’nosini chuqur anglagan holda, kelajak avlodlarning hamda yurtimizning barcha viloyat va tumanlarida, shahar va qishloqlarimizdagi yoshlarning har tomonlama barkamol va kuchli intellekt egalari bo‘lib kamol topishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishga harakat qilinmoqda.

    Aziz yoshlar!

    Sizlarni Yoshlar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklaymiz!

    Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilaviy baxt, tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka tilaymiz!

     

    Manba: Axborot xizmati