Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Ishchi guruh Surxondaryo viloyatidagi soha faoliyati bilan tanishdi
    02.06.2021

    O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Ishchi guruhi a’zolari xizmat safari bilan Surxondaryo viloyatida bo‘ldi. Safar avvalida ishchi guruh Termiz shahridagi informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan 16-tayanch maktabi faoliyati bilan tanishdi.

    Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-oktabrdagi «Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, 2023-yil yakuniga qadar barcha tuman (shahar)larda bosqichma-bosqich 205 ta informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi belgilangan. Hozirgi kunga qadar respublika bo‘yicha 14 ta ana shunday maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

    Termizdagi 16-maktabni ham informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabiga aylantirishga qaror qilinib, ushbu ta’lim dargohi ta’mirlandi. «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» DUK esa ikkita informatika, robototexnika, laboratoriya, o‘qituvchilar xonalari va elektron kutubxonani kompyuterlar va mebellar bilan jihozladi. Shu yilning fevral oyida tayanch maktabi rasman ish boshladi. Maktabda jami 980 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Shu yil boshida imtihon o‘tkazilib, 30 nafar o‘quvchi informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan sinflarga qabul qilindi.

    Ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati bilan Ishchi guruh a’zolari hamrohligidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov va AKT vazirining o‘rinbosari Bahromjon Olmatovlar yaqindan tanishib, maktab o‘qituvchilari bilan muloqot qilishdi va fikr almashinildi.

    Shundan so‘ng Ishchi guruh «O‘zbektelekom» AK Surxondaryo filiali Termiz shahar telekommunikatsiyalar bog‘lamasining yaqinda ochilgan sotuv va xizmat ko‘rsatish ofisida bo‘lishdi.

    O‘tgan yilda viloyatda zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 51,3 ming raqamli 38 ta zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalari o‘rnatilib, stansiyalar soni 122 taga va umumiy sig‘imi 112,8 ming raqamga yetkazilgan edi. Shuningdek, 2021-yilning o‘tgan davri davomida 920 km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 5 ming km.ga yetkazildi.

    Mijozlarga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish maqsadida 2021-yil 3-mart kuni Termiz shahrida «O‘zbektelekom» milliy operatorining zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish ofisi ochildi. Haqiqatda bu maskanda mijozlar uchun barcha sharoitlar to‘laqonli yaratilgan.

    Bugungi kunda Surxondaryo viloyatidagi aholi maskanlari 104 ta pochta aloqa bo‘limlari orqali pochta xizmatlari bilan qamrab olingan. 32 ta aloqa bo‘limlarida aholiga 16 turdagi davlat va bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.

    Mijozlarga pochta xizmatlarini taqdim etish maqsadida 2021-yil 5-may kuni Termiz shahrida zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish ofisi ish boshladi. Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan «O‘zbekiston pochtasi» AJ xodimlarini davlat xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitilib, qayta tayyorlandi hamda dasturiy ta’minoti yo‘lga qo‘yib berildi. Ofis xodimlarining aytishlaricha, tashkilotlardan xat jo‘natish miqdori ko‘paygan bo’lib, kitob savdosi ham yo‘lga qo‘yilgan.

    AKT vazirligi Ishchi guruhi tomonidan xizmat ko‘rsatish ofisida xodimlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

     

    Manba: Axborot xizmati