Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • AKT vaziri Uchinchi Yevroosiyo raqamli forumida soʻzga chiqdi
    01.06.2021

    Bugun, 1-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi maʼsul xodimlarining Belarus Respublikasiga “TIBO-2021” XXVII Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalari forumida ishtirok etish uchun tashrifi doirasida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sodiqov Uchinchi Yevroosiyo raqamli forumida soʻzga chiqdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi AKT vaziri Sh.Sodiqov soʻzining avvalida taʼkidlaganidek, bugungi kunda davlat siyosatining strategik maqsadi bu -Oʻzbekistonni rivojlantirishning yangi bosqichiga yaʼni raqamli hukumatga oʻtish va raqamli jamiyat, mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyotini taʼminlash, fuqarolarning turmush tarzini yaxshilash, insonlarning ehtiyojlari va erkin rivojlanishini qondirish uchun keng imkoniyatlar yaratish, qadriyatlarga asoslangan rivojlanish modelini amalga oshirishdir.

    Shu maqsadda “Raqamli Oʻzbekiston -2030” strategiyasi qabul qilinib, uning asosiy yoʻnalishlaridan biri davlat va iqtisodiyotni boshqarishni raqamli oʻzgartirish, ularning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishdir.

    Bugungi kundagi barcha oʻzgarishlar mamlakatda “Fuqarolar emas, hujjatlar harakat qiladi” tamoyili asosida ishlaydigan virtual hukumatning toʻlaqonli modelini yaratish orqali davlat faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlashga qaratilgan.

    “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri davlat xizmatlarini onlayn formatda oʻtkazishda fuqarolarga qulaylik yaratishga qaratilgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini (my.gov.uz) rivojlantirishdir. Bugungi kunda YIDXP tizimida 250 dan ortiq xizmatlar mavjud. Portalning mobil versiyasida 35 turdagi xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, kelgusida ularning sonini yuztaga yetkazishdir.

    Bugungi kunda Davlat statistika qoʻmitasi bilan hamkorlikda Ochiq maʼlumotlar portalining yangi turi ishlab chiqilib, portalga 149 ta davlat idoralari tomonidan 11 mingdan ortiq maʼlumotlar bazalari joylashtirildi va ularning murojaatlari soni 7,6 milliondan oshdi.

    Qarorlarni qabul qilish jarayonida fuqarolarning ishtirokini taʼminlash maqsadida Oʻzbekistonda qonun hujjatlari taʼsirini baholash tizimi muvaffaqiyatli ishlamoqda, unda bir vaqtning oʻzida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoat muhokamasidan oʻtkazish va idoralararo muvofiqlashtirishni amalga oshirish mumkin (regulation.gov.uz, project.gov.uz).

    Prezidentning shaxsiy tashabbusi bilan fuqarolarning jamoat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, davlat hokimiyati vakillik organlarining shaffofligini, qabul qilingan qonunlarning hayotiyligi va samaradorligini taʼminlash, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Mening fikrim” mobil portal ilovasi yaratildi va ishga tushirildi. Bugungi kunga qadar u orqali 5 mingga yaqin jamoaviy murojaat kelib tushgan.

    Endilikda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari onlayn shaklda murojaat qilishlari mumkin boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi (pm.gov.uz) mavjud. 2017-yildan beri fuqarolar va tadbirkorlik subyektlaridan Virtual qabulxona orqali qabul qilingan 5 milliondan ortiq elektron murojaat ijobiy hal qilindi.

    Tadbirkorlar bilan ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri aloqani taʼminlash, ularning qonunchilik talablarini samarali amalga oshirish va muammoli masalalarni hal qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining yagona “business.gov.uz” interaktiv portali ishga tushirildi.

    Shahar infratuzilmasi holati, kommunal xizmatlarning sifati va aholini qiziqtirgan boshqa masalalar ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish uchun “Xalq nazorati” portali va mobil ilovasi ishga tushirildi. U yordamida aholi oʻzlarining muammolari yuzasidan shikoyat yuborishlari mumkin.

    Shu bilan birga “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasiga koʻra joriy yil oxirigacha tijorat banklarning raqamli transformatsiyasini yakunlanishi rejalashtirilgan boʻlib, va shu talqinida ular tomonidan turli kredit mahsulotlarini taqdim etish, masofaviy ravishda omonat va hisob raqamlarni ochishdan iborat onlayn xizmatlarni koʻrsatilishi nazarda tutilgan. Taʼkidlash kerakki, hozirgi kunda onlayn banking xizmatlarining foydalanuvchilari soni 15 millionga yaqinlashib, ularning aksariyati jismoniy shaxslarga toʻgʻri keladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati AKT sohasida innovatsion startap-loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish, shu jumladan texnoparklarni yaratish, venchur kapital bozorini rivojlantirish, biznes akseleratorlari va inkubatorlarini tashkil etishga katta eʼtibor qaratmoqda.

    Shu maqsadda rezidentlar uchun Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining Texnologik parki (IT Park) tashkil etilib, uning rezidentlariga soliq va bojxona imtiyozlari berildi. Ayni paytda respublika boʻyicha IT Parkning yettita filiali ochilgan va 2022-yil oxiriga qadar ular mamlakatning barcha hududlarida tashkil etiladi.

    Hozirgi kunda IT-Park rezidentlari 484 ta axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar boʻlib, 60 ta eksportga yoʻnaltirilgan va 14 ta kompaniya xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan. “EPAM Systems”, “SoftClub”, “Эксадель” kabi qator Belorus IT-kompaniyalari IT-Park rezidentlari hisoblanadi.

    Yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi rahbari tomonidan tasdiqlangan “Besh tashabbus” loyihasi doirasida butun mamlakat boʻylab Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari tashkil etilmoqda. Bugungi kunda respublikada 130 dan ortiq ana shunday oʻquv markazlari faoliyat yuritmoqda va ularda 29 mingdan ziyod talabalar tahsil olishgan. Joriy yilning oxiriga kelib ularning soni 205 taga yetkaziladi.

    Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda tegishli IT mutaxassisliklari boʻyicha aholi va yoshlarning masofaviy taʼlimiga qaratilgan “ One Million Uzbek Coders” megaloyihasi amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda 380 mingdan ziyod talaba megaloyihada oʻqitildi. Bugunga qadar 150 mingdan ortiq talabalar oʻqishni muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikatlarni qoʻlga kiritishgan.

    Respublika boʻylab yosh tadbirkorlarni va startap-loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida oliy oʻquv yurtlarida IT-inkubatsiya markazlari tashkil etilmoqda. Hozirda 12 ta shunday markaz ochilgan boʻlib, joriy yil oxiriga qadar ularning sonini 20 taga yetkazish rejalashtirilgan.

    “Oldimizda turgan maqsadlar “raqamli” kun tartibida belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish uchun uzviy hamkorlik qilishni, shu jumladan oʻzaro muloqotni kengaytirish va eng ilgʻor jahon tajribasidan kelib chiqib yagona standart va yondashuvlarni ishlab chiqishni talab etadi. Mazkur Forum oʻzaro mulohaza olib borish, fikr almashish va raqamli rivojlantirishga yoʻnaltirilgan dasturlarga kerakli dolzarb oʻzgartirishlar kiritish uchun zamin yaratadi, - deydi AKT vaziri Sh. Sodiqov.

     

     

     

    Manba: Axborot xizmati