Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • AKT vaziri Xonobod yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
    27.05.2021

    Bugun, 27-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov bilan Andijon viloyati Xonobod shahri yoshlari o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

    Tadbir ochilishida AKT vaziri Sh. Sodiqov ta’kidlaganidek - yoshlar bilan uchrashuvning asosiy maqsadi - dildan suhbatlashish va mavjud muammolarni muhokama qilib, ularni hal qilish ya’ni, mazkur uchrashuv hech qanday rasmiyatchiliklarsiz, «galstuksiz» degan iboraga amal qilgan holda rahbar va yoshlar orasidagi mavjud chegarani olib tashlab, samimiy muloqot o‘tkazishdan iboratdir.

    Hurmatli Prezidentimiz o‘z ma’ruzalarida yoshlar O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasidir deb urg‘u bergan edilar. Shuning uchun ham hududlarga tashrif doirasida imzolagan aksariyat hujjatlarda yoshlar muammosini aniqlash, ularni hal qilish va yoshlarni birlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

    Ochiq muloqot davomida nafaqat IT sohaga oid muammolar, bundan tashqari yoshlarni qiziqtiradigan barcha masalalar ham batafsil muhokama qilindi. Yoshlar o’zlarining fikr va takliflarini bildirdilar.

    Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda AKT sohasida yoshlarga barcha imkoniyatlar yaratish, ularning salohiyatini hayotga tatbiq etish uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Hozirgi kunda AKT sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlaydigan 3 ta oliy o‘quv yurti, ya’ni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inxa va Amiti universitetlari o‘z faoliyatini olib bormoqda. Joriy yildan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filiali o‘z faoliyatini boshladi.

    Ayni paytda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi oltita litseyda jami ikki yarim mingdan ziyod o‘quvchi tahsil olmoqda. Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari, Samarqand axborot texnologiyalari va Yangiqo‘rg‘on axborot texnologiyalari texnikumlari faoliyat ko‘rsatyapti. Bugunga qadar imtihon asosida 569 nafar o‘quvchi saralab olindi. 2021 - yilda esa, hududlarda yana 11 ta shunday texnikum tashkil etiladi.

    Kelgusida raqamli universitetlarni tashkil etish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, Coursera (AQSh), EPAM (AQSh, Belarus) va Open University Malaysia (Malayziya) singari tashkilotlar bilan hamkorlik qilish hamda ulardan o‘quv materiallarini olishga kelishildi. Bu bilan hududlardagi yoshlarning, jumladan, ayollar va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining ishdan ajralmagan holda ta’lim olish orzusi ro‘yobga chiqadi.

    O‘tgan yilning 6-oktabrida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlariga asoslangan holda va malakali IT kadrlarga yuqori bo‘lgan talabni qondirish maqsadida ta’lim tizimini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish «Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.

    Unga muvofiq, o‘tgan yili informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablar tashkil etilib jihozlangani, tizimdagi korxona va tashkilotlar ularga homiy sifatida biriktirilgani va 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgani sohada boshlangan islohotlar qat’iy, ortga qaytmas ekanligini tasdiqladi. O‘tgan yili 14 ta ixtisoslashtirilgan IT maktablar ochildi, joriy yilda 85 ta, 2022 yilda 64 ta va 2023 yilda 45 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilishi ko‘zda tutilgani ham shundan dalolat beradi.

    Davlat rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Dubai Future Foundation” fondi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinayotgan «Bir million dasturchi» (One Million Uzbek Coders) loyihasini istiqbol sari tashlangan muhim strategik qadam, deyish mumkin.

    2020-yilda loyiha doirasida 120 mingdan ziyod o‘quvchi ta’lim olib, ulardan 18 ming nafardan ortig‘i kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyingi ikki yilda bu ko‘rsatkichni 300 ming yetkazish va ularni kompyuter texnologiyalari yo‘nalishida bepul o‘qitish, masofaviy ta’limni va darslarni onlayn o‘tkazish imkoniyatini beradigan «Onlayn, raqamli, xavfsiz ixtisoslashtirilgan maktab», «Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish» axborot tizimlari yaratilib, ishga tushiriladi.

    Shu yildan boshlab xalqaro IT sertifikatlarini qo‘lga kiritgan yoshlarga xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berish vazifalari belgilandi.

    Ayni chog‘da besh muhim tashabbus doirasida aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etish masalasi ham doimiy e’tiborda. 2020-yilda mamlakatimiz bo‘ylab 130 dan ortiq raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi. O‘tgan yilning o‘zida o‘quv kurslarini 15 mingdan ko‘p tinglovchilar yakunladi.

    Yurtimizda axborot texnologiyalari bozori jadal rivojlanishi barobarida IT mutaxassislarga ehtiyoj ham tobora oshmoqda. Mana shu talabni qoplash maqsadida korxonalarni malakali IT kadrlar bilan ta’minlash uchun mahalliy oliy ta’lim muassasalari qoshida IT inkubatsiya markazlari tashkil etilmoqda.

    Yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmasini oshirishda IT-parklarning o‘rni beqiyos.

    Ularning rezidentlariga moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatish bilan birga, ta’lim yo‘nalishida ham qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, texnopark qoshida IT-akademiya ochilib, unda qator yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi ekspertlarni jalb qilgan holda o‘quv kurslari tashkil etilyapti.

    Bunday nuqtai nazar faqat markaziy hududlar uchun xom emas. Bugungi kunda IT-parkning hududiy filiallari Andijon (“Digital City” texnoparki), Farg‘ona (IT Park Marg‘ilon filiali), Sirdaryo (IT Park Guliston filiali), Qashqadaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlarida faoliyat ko‘rsatmoqda.

    -  Bularning barchasi faqat va faqat siz yoshlar uchundir. Sizlarning bilim olishlaringiz uchun barcha imkoniyatlarni yaratish biz rahbarlarning zimmamizdadir. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etmoqdamiz, - deb so‘zladi AKT vaziri Sh. Sodiqov.

    Muloqot davomida yoshlar tomonidan sohani rivojlantirishga oid takliflar, mulohazalar bildirildi. Vazir Shuhrat Sodiqov ular tomonidan bildirilgan tanqidiy mulohazalar yuzasidan sohadagi tegishli korxonalar rahbarlariga topshiriq berar ekan, ayrim iqtidorli yoshlarning takliflarini shaxsan o‘zi bafurja ko‘rib chiqishga tayyorligini, lozim topilsa, ularning amaliyotga joriy qilinishi ustida ish olib borilishini qayd etdi.

    Tadbir yakunida eng faol va tashabbuskor yoshlarning taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi va ularga AKT vazirning esdalik sovg‘alari topshirildi.

     

    Manba: Axborot xizmati