Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Ta’lim jarayonidagi uzluksizlik - IT mutaxassislarini tayyorlashda asosiy omil
    20.05.2021

     

    2021-yil 20-may kuni “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 101-sonida “Taʼlim jarayonidagi uzluksizlik — IT-mutaxassislarini tayyorlashda asosiy omil” nomli maqola chop etildi. 

    Mazkur maqolada uchinchi tashabbus doirasida taʼlim tizimida qilinayotgan samarali ishlar hamda  yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida yaratilayotgan imkoniyatlar haqida  soʻz yuritilgan. 

    Maqolaning gazeta ko'rinishidagi varianti.

     

     

    Besh tashabbus

     

    Ta’lim jarayonidagi uzluksizlik

     IT mutaxassislarini tayyorlashda asosiy omil

     

    Uchinchi tashabbus doirasida qilinayotgan samarali ishlar yoshlarning kompyuter savodxonligini, intellektual salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etyapti.

    Ta’lim tizimida innovatsion texnologiyalarni qo‘llashga qiziqish va zamonaviy usullarni joriy etishga e’tibor kun sayin kuchaymoqda. Sababi, ilgari o‘quv maqsadi yoshlarning tayyor bilimlarni o‘zlashtirib, yodlab olishiga qaratilgan edi. Endi zamonaviy texnologiyalar ularni bilimni o‘zi qidirib topishga, mustaqil xulosalar chiqarishga o‘rgatmoqda.

    Shu bois, mamlakatimizda mavjud umumta’lim maktablari negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.

    O‘quv jarayonida “axborot savodxonligi” o‘qituvchi uchun ham, o‘quvchi va talaba uchun ham muhim. Bunday bilimlarni o‘zlashtirish bilan ular ma’lumot izlash va yig‘ish, axborot almashish usullarini bilish, ularni amalda qo‘llashda hech qanday qiyinchilikka duch kelmaydi. Shu tufayli umumta’lim maktablarining 100 nafar eng yaxshi informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisini Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi va IT park mablag‘lari hisobidan mukofotlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

    Ixtisoslashtirilgan IT maktablarni zamonaviy uskunalar, mebel, kompyuter texnikasi, shuningdek, o‘quv adabiyotlari, uslubiy qo‘llanmalar va boshqa vositalar bilan ta’minlash bo‘yicha namunaviy loyiha hamda me’yorlar ishlab chiqildi. 2021-2022-o‘quv yili davomida ushbu maktablarni to‘liq ishga tushirish maqsadida yagona namunaviy konsepsiya ishlab chiqish, maktablarning o‘quv dasturini xalqaro standartlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqish, universitet talabalarining malakaviy amaliyotni hududlarda o‘tash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator takliflar taqdim etildi.

    Mamlakatimiz zamonaviy ta’lim tizimida turli texnologiyalardan foydalanish o‘quv jarayonida mavjud muammoni yangicha yondashuv asosida yechish imkonini beradi. Shu maqsadda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘qitishda ta’lim uzluksizligiga alohida e’tibor qaratilyapti.

    Ayni paytda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi oltita litseyda jami ikki yarim mingdan ziyod o‘quvchi tahsil olmoqda. Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari, Samarqand axborot texnologiyalari va Yangiqo‘rg‘on axborot texnologiyalari texnikumlari faoliyat ko‘rsatyapti. Bugunga qadar imtihon asosida 569 nafar o‘quvchi saralab olindi.

    2021-yilda esa, hududlarda yana 11 ta shunday texnikum tashkil etiladi. “Raqamli O‘zbekiston - 2030” dasturini ishlab chiqish jarayoni ustida qizg‘in ish ketmoqda. Kelgusida raqamli universitetlarni tashkil etish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, Coursera (AQSh), EPAM (AQSh, Belarus) va Open University Malaysia (Malayziya) singari tashkilotlar bilan hamkorlik qilish hamda ulardan o‘quv materiallarini olishga kelishildi. Bu bilan hududlardagi yoshlarning, jumladan, ayollar va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining ishdan ajralmagan holda ta’lim olish orzusi ro‘yobga chiqadi.

    Yosh avlodga ta’lim berishda zamonaviy axborot texnologiyalari xizmatidan yanada samarali foydalanish hamda yangi texnika va texnologiyalar bilan ishlashni o‘rganish maqsadida amalga oshirilgan ishlardan biri masofadan o‘qitish texnikasi va texnologiyasidir. U shu paytgacha mavjud bo‘lgan ta’lim turlaridan ijobiy tomonlari bilan ajralib turadi. Jumladan, barcha o‘quvchi va talabalar, umuman, ta’lim olishni xohlovchilarga yetakchi universitetlar, akademiyalar, institutlar, tayyorlov markazlari, kadrlarni qayta tayyorlash muassasalarida asosiy ta’lim va ish faoliyatidan ajralmagan holda qo‘shimcha ta’lim olish imkoniyatini yaratadi.

    Masofaviy o‘qitish shaklining dasturiy apparat kompleksini yaratish maqsadida “Muhammmad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida masofaviy ta’limni boshqarish axborot tizimlari majmuasi hamda ta’lim kontentlarini yaratish va joriy etish” loyihasi ishlab chiqilib, vazirlik tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgan. Masofaviy ta’limni boshqarish bo‘yicha axborot tizimining texnik topshirig‘i, texnik loyihasi hamda TATUda masofaviy ta’limni joriy etish konsepsiyasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Tizim universitet strukturasi, talabalar, o‘quv rejalari va dasturlarini boshqarish, o‘quv materiallarini taqdim qilish, fanlarning o‘quv topshiriqlarini hamda nazorat va imtihonlarni, hisobotlarni nazorat qilish kabi asosiy modullardan iborat. Tizimning imtihonlarni boshqarish va hisobotlarni shakllantirish modullari, reyting daftarchasini shakllantirish va talabalarni kursdan-kursga o‘tkazish funksiyalarini yaratish ishlari olib borilmoqda.

    2020-2021- o‘quv yilida o‘nta fanning masofaviy ta’lim kontentlari o‘zbek va rus tillarida tayyorlandi. Fanlar bo‘yicha jami 320 ta videodars tasvirga olinib, montaj ishlari yakunlandi. Taqdimot materiallari, nazariy bilimlar bo‘yicha ma’ruza matnlari va bilimlarni nazorat qilib borish bo‘yicha test savollari to‘plami tayyorlandi. Masofaviy ta’lim kontentlari fanlar va mavzular kesimida masofaviy ta’lim platformasiga joylandi.

    2021- yilda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish uchun Janubiy Koreyaning Invil dasturi tajribasini o‘rganish, shu orqali o‘quv markazlarining rivojlanish dasturini ishlab chiqib, ikki-uchta pilot markazda tajriba-sinovdan o‘tkazish, markazlarda shu yil davomida yigirma ming nafar tinglovchini o‘qitish, xorijiy va mahalliy IT ekspertlarni o‘quv markazlariga keng jalb etish kabilar rejalashtirilgan. Hozir IT sohasida yiliga o‘rtacha besh mingdan ortiq oliy ma’lumotli kadr yetishib chiqadi. Shundan uch ming uch yuz nafari Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hissasiga to‘g‘ri kelyapti.

    O‘tgan yili Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida IT park filiallari tashkil etildi. IT park rezidentlari soni 440 dan oshdi. Ular tomonidan mingga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etildi. Dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi bir trillion so‘mdan oshdi. IT park filiallarida startap loyihalarni amalga oshirish, yoshlarni dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishga keng jalb qilish bo‘yicha ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Toshkent shahrida IT park rezidentlarini ko‘paytirish va ularga yetarli imkoniyatlar yaratish doimiy e’tiborda. Shu maqsadda xorijdan jalb qilingan ekspert bilan hamkorlikda umumiy maydoni 408 ming kvadrat metrga teng hududda infratuzilma obyektlarini bunyod etish konsepsiyasi ishlab chiqilib, qurilish ishlari olib borilmoqda.

    Shu yil mart oyi yakuni bo‘yicha respublika miqyosida www.uzbekcoders.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tib “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ta’lim olayotganlar soni 200 mingdan oshdi. Ularning 81 ming nafardan ortig‘i ishtirokchi va 50 ming nafardan ortig‘i bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritdi. Hududlar kesimida uzbekcoders.uz portalidan ro‘yxatdan o‘tganlar soni bo‘yicha Navoiy viloyati (36 ming 600 nafar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (27 ming 574 nafar) va Toshkent shahri (25 ming 572 nafar) yetakchilik qilmoqda. Faoliyat turi bo‘yicha tahlil natijalariga ko‘ra, umumta’lim maktablari o‘quvchilari jami loyiha ishtirokchilari orasida 67,2 foiz bilan birinchi o‘rinda. Keyingi o‘rinlarda oliy ta’lim muassasalari talabalari (13,1 foiz), ish faoliyati bilan band bo‘lganlar (5,8 foiz), kollej va litsey o‘quvchilari (1,4 foiz) hamda boshqalar (12,5 foiz). Loyiha doirasida umumta’lim maktablari o‘quvchilari orasida uzbekcoders.uz portali orqali eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tgan va ishtirokchilar soni bo‘yicha Navoiy viloyati maktablari yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan viloyati umumta’lim maktablari eng faol maktablar ro‘yxatidan joy olgan. Yosh toifasi bo‘yicha ta’lim oluvchilarning asosiy qismi, ya’ni 90 foizdan ortig‘i 13–34 yoshlilar hissasiga to‘g‘ri keladi.

    2021-yildan boshlab xalqaro IT sertifikatini qo‘lga kiritgan yoshlarga xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. Bugungi kun auditoriyalari avvalgilaridan katta farq qiladi. Hozir yoshlar qulay va zamonaviy markazlarda, maktablarda o‘qishni xohlaydi. Shunga monand auditoriyalar ham kompyuter, iPad, planshet, smart doskalar va boshqa turdagi ta’lim vositalari bilan jihozlangan.

     Shuningdek, hozirgi talabalar an’anaviy uslubda o‘qishni istamaydi, aksincha, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan innovatsion ta’lim tarafdori. Shuning uchun axborot texnologiyalarini ommaviy va samarali qo‘llash orqali ta’lim tizimini raqamlashtirish davr talabi. Endi o‘qituvchilar ham odatiy usulda o‘qitmaydi. Chunki rivojlangan davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham intellektual salohiyati yuqori avlod voyaga yetmoqda. Bunday muhitda kamol topayotgan yoshlarning fikrlashi va axborotni qabul qilish tarzi oldingi fikr yuritish va bilim olish jarayonidan tubdan farq qiladi.

     

    Mohinur Qudratullayeva,

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini

    rivojlantirish vazirligi axborot xizmati mas’ul xodimi

     

    Manba: Axborot xizmati