Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Innovatsion salohiyat va yuksalish. Axborot texnologiyalari – taraqqiyot sari yo‘l
    20.05.2021

     

    2021-yil 20-may kuni Yangi O‘zbekiston” gazetasining 101-sonida AKT vaziri Sh. Sodiqovning “Innovatsion salohiyat va yuksalish. Axborot texnologiyalari – taraqqiyot sari yo‘l” nomli maqolasi chop etildi. 

    Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan "Besh muhim tashabbus" doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida so‘z yuritilgan. 

    Maqolaning gazeta ko'rinishidagi varianti.

     

    Besh tashabbus

    Innovatsion salohiyat va yuksalish

    Axborot texnologiyalari – taraqqiyot sari yo‘l

    Bundan uch yil avval Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus bugun ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, navqiron avlod bugun uning ijobiy samaralarini o‘z hayoti misolida yaqqol ko‘rib, guvohi bo‘lmoqda.

    Xususan, uchinchi tashabbus doirasidagi ishlar aholining kompyuter savodxonligini oshirish, axborot texnologiyalariga qiziqqan yigit-qizlarni malakali mutaxassis darajasiga olib chiqish, dasturiy mahsulotlar yaratish ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qilyapti.

    O‘tgan vaqt mobaynida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ilg‘or xalqaro tajriba asosida barcha shahar va tumanlar markazida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi. Elektron tijorat va dasturlashni bepul o‘rgatish, axborot texnologiyalari sohasida biznes yuritish bo‘yicha innovatsion ko‘nikmalarni shakllantirish, “startap” loyihalarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha sezilarli natijaga erishildi.

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Dubai Future Foundation” jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasi yoshlarning axborot texnologiyalariga qiziqishini rag‘batlantirishda muhim strategik qadam bo‘ldi. O‘tgan yili loyihaga 120 mingdan ziyod o‘quvchi qamrab olindi. Ularning 18 mingdan ortig‘i kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat oldi. Kelgusida bu ko‘rsatkichni 300 mingga yetkazish va yoshlarni kompyuter texnologiyalari yo‘nalishida bepul o‘qitish hamda masofaviy ta’limni va darslarni onlayn o‘tkazish imkoniyatini beradigan axborot tizimlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

    Loyiha doirasida eng ko‘p tahsil oluvchilar Navoiy viloyati (36,6 ming), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (27,6 ming) va Toshkent shahri (24,5 ming) hissasiga to‘g‘ri keladi. Sirdaryo (4,3 ming) va Jizzax (5,9 ming) viloyatlari esa, quyi pog‘onalardan o‘rin olgan.

    Bu yil “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida bitiruvchilar salmog‘i bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan Karmana tumanidagi 2-maktab va Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-maktab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi — “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi.

    Davlatimiz rahbari bu yildan boshlab xalqaro IT sertifikatini qo‘lga kiritgan yoshlar xarajatining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berish vazifasini qo‘ydi. Bu sa’y-harakatlar uchinchi tashabbusning tobora keng quloch yoyishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Ayni paytda yoshlar va mas’ullar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatini beruvchi “Yoshlar murojaati” elektron platformasi ustida izlanish olib borilyapti. U yoshlarning ilm olishi, kasb-hunarli bo‘lishi, bir so‘z bilan aytganda, hayotda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi.

    Sohaga oid ilmiy izlanishlarni davom ettirish, yanada kengaytirish maqsadida Toshkent viloyatida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti filiali hamda barcha hududda texnikumlar ochiladi.

     

    O‘quv markazlaridagi imkoniyatlar

    Aholi, xususan, yoshlarni kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishga o‘rgatish uchun mamlakatimiz bo‘ylab 132 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu markazlarda 240 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Yigirma bir ming nafardan ortiq tinglovchi kompyuter savodxonligi, dasturlash asoslari, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratish, axborot texnologiyalari sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslari yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslarini tugatdi.

    Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida kompyuter savodxonligi, raqamli va IT tadbirkorlik asoslari, “Bir million dasturchi”, Frontend dasturlash, Backend dasturlash, grafik va veb dizayn, Android ilovalar yaratish, mobil robototexnika, kibersport, SMM, IT Yenglish kabi 11 turdagi o‘quv kursi tashkil etilgan. Kurslarni muvaffaqiyatli bitirgan o‘quvchilarga sertifikat beriladi.

    Xorazmda yangi — TechBika o‘quv loyihasi joriy qilindi. Undan maqsad ming nafar o‘quvchi qizni axborot texnologiyalari hamda har xil sohalar bo‘yicha keng qamrovli o‘quv dasturi orqali yuqori malakali mutaxassis etib tayyorlashga qaratilgan.

    Shu yilning 12-13 fevral kunlari Xorazm viloyatida TechBika loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda 300 nafardan ortiq xotin-qiz qatnashdi. Tadbirdan so‘ng yoshlarga mahorat darslari o‘tildi. Hozirga qadar 1 ming 210 nafar qiz ushbu loyihada ishtirok etish istagini bildirdi.

    Shuningdek, 19 fevraldan 26 fevralgacha Xorazm viloyatining Urganch, Xonqa, Qo‘shko‘pir, Shovot, Yangiariq, Bog‘ot, Tuproqqal’a, Xiva, Hazorasp, Yangibozor, Gurlan tumanlari va Xiva shahridagi Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi. 1-9 mart kunlari o‘tkazilgan test sinovlarida 543 nafar xotin-qiz qatnashdi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan 123 nafar xotin-qiz 10 martdan Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida kompyuter savodxonligi bo‘yicha o‘qishni boshladi. Shu yil 26 fevralda davlatimiz rahbari raisligida xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimiz aholisining qariyb yarmi xotin-qizlar ekani, ularning manfaatini himoya qilish, jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishlaridan ekani qayd etildi.

    Joriy yilda “ITWomen.Uz–2021” loyihasi doirasida xotin-qizlarning tadbirkorligi va kompyuter savodxonligiga oid qisqa muddatli offlayn va onlayn treninglar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ularning birinchi bosqichi 35 yoshgacha bo‘lgan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga mo‘ljallangan. Unda ikki ming nafardan ortiq xotin-qiz mobil ilova va veb-sayt yaratish hamda kompyuter dizaynerlik faoliyati, shuningdek, offlayn psixologik treninglar bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshirishi mumkin. O‘qishni muvaffaqiyatli yakunlagan 1 ming 228 nafar xotin-qizga sertifikat va turli sovg‘alar taqdim etiladi.

     

    Ehtiyojga mos malakali mutaxassislar

    Yurtimizda axborot texnologiyalari bozori jadal rivojlanishi barobarida IT mutaxassislarga ehtiyoj ham tobora oshmoqda. Mana shu talabni qoplash maqsadida korxonalarni malakali IT kadrlar bilan ta’minlash uchun mahalliy oliy ta’lim muassasalari qoshida IT inkubatsiya markazlari tashkil etilmoqda. Hozirgi kunda shunday markazlar G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent moliya instituti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Andijon mashinasozlik instituti, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida faoliyat ko‘rsatmoqda.

    Yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmasini oshirishda IT parklarning o‘rni beqiyos. Ularning rezidentlariga moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatish bilan birga, ta’lim yo‘nalishida ham qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, texnopark qoshida IT akademiya ochilib, unda qator yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi ekspertlarni jalb qilgan holda o‘quv kurslari tashkil etilyapti.

    Yoshlarning AKTga qiziqishi yuqoriligi inobatga olinib, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 2020-2021 o‘quv yili uchun raqamli iqtisodiyot bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda sakkizta yangi magistratura mutaxassisligi ochildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan mazkur oliy ta’lim muassasasida O‘zbek-Belarus qo‘shma fakulteti tashkil etilib, 2020-2021 o‘quv yili uchun 500 talaba qabul qilindi. Umuman, bugungi kunda universitet va uning filiallarida jami 15 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi uzluksizlikni ta’minlashda xorij tajribasini chuqur o‘rganish, ilg‘or uslublarni mahalliy kadrlar tayyorlash tizimiga tatbiq etish dolzarb hisoblanadi. Shu bois, 2019- yilda Toshkent shahrida Amiti universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Unga xorijiy mamlakatlardan 17 nafar PhD darajasiga ega professor-o‘qituvchi jalb qilindi. O‘tgan o‘quv yilida 498 nafar talaba mazkur universitetning birinchi kursini bitirdi. 2020-2021- o‘quv yili uchun kirish imtihonlari to‘liq onlayn shaklda tashkil etilib, mazkur oliy ta’lim muassasasiga 384 nafar talaba qabul qilindi.

    Poytaxtimizdagi Inha universitetida ham o‘quv jarayoni qizg‘in. Ayni paytda ushbu ta’lim dargohida 51 nafar professor-o‘qituvchi va assistent faoliyat yurityapti. Talabalarning umumiy soni 1 506 nafar.

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda O‘zbekistonning bo‘lajak ilg‘or kadrlari ta’lim olyapti. Joriy o‘quv yilida ularning safi yanada kengaydi. Qabul kvotasi 330 ta etib belgilandi va kirish imtihonlari yurtimizda birinchi marotaba onlayn shaklda ikki bosqichda o‘tkazildi.

     

    Ixtisoslashtirilgan maktablar rivoji uchun 10 milliard so‘mdan ortiq mablag

    Prezidentimizning 2020-yil 6-oktyabrdagi “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, o‘tgan yili ixtisoslashtirilgan tayanch maktablar tashkil etilib, jihozlandi. Tizimdagi korxona va tashkilotlar homiy sifatida biriktirilib, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga o‘n milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Bu yil 82 ta, 2022-yilda 64 ta va 2023-yilda 45 ta shunday ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish ko‘zda tutilgan.

    2020-yilda hududlarda 14 ta tayanch maktablar ochildi. Ushbu maktablarga jami 1 325 nafar o‘quvchi hujjat topshirib, joriy yilning 12-yanvar kuni test sinovlari asosida 18 ta guruhga 630 nafar o‘quvchi saralab olindi. Tayanch maktablarining 14 nafar direktori va 42 nafar informatika fani o‘qituvchisi (har bir maktabdan 3 nafardan) Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU), Toshkent shahridagi Amiti universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti o‘qituvchilari tomonidan o‘qitildi (144 soat).

    2021-yilda esa, hududlarda 82 ta maktab tashkil etilib,164 ta guruhga 4 920 nafar o‘quvchi saralab olinadi.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Davlat test markazi hamkorligida tasdiqlangan qabul kvotalari asosida qishki ta’til kunlari ixtisoslashtirilgan maktablarga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish bo‘yicha tanlov o‘tkazildi.

    Muxtasar aytganda, besh tashabbus doirasida aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etish, yosh avlodni bilimli va yetuk kadr sifatida shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, ta’lim darajasi va sifati har qanday davlatning istiqbolini belgilab beradigan muhim omildir.

     

    Shuhrat SODIQOV,

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini

    rivojlantirish vaziri

     

    Manba: Axborot xizmati