“Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK, internet sahifalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent teleminorasini chaqmoq urgani va teleminoraning bayrog‘i yonishi aks etgan video bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi.
Toshkent shahridagi kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti vaqtida Toshkent teleminorasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chaqmoq urish hodisasi sodir bo‘lmagan, ya’ni video olingan rakursdan chaqmoq urganligi qayd etilgan bo‘lsada, aslida chaqmoq sodir bo‘lishi teleminoradan ma’lum bir masofada bo‘lib o‘tgan.
Toshkent teleminorasining bayrog‘i yongan video ham yolg‘on xabar bo‘lib, Teleminora bayrog‘ining past qismidagi ogohlantiruvchi qizil chiroqlar shu’lasi bayroqqa tushib ushbu holatni aks ettirgan.
Respublikamizning noyob arxitektura inshooti bo‘lmish Toshkent teleminorasi kuchli chaqmoq urishiga qarshi himoya tizimi va yerga ulanish konturlari bilan ta’minlangan bo‘lib, chaqmoq urish xavfidan to‘liq himoyalangan. Bugungi kunda Toshkent teleminorasida barcha texnik qurilmalar barqaror ishlamoqda va aholiga teleradiodasturlar uzluksiz tarqatib kelinmoqda.