Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Yangilanish, islohotlar va ularning natijalari sarhisobi
    11.05.2021

    7-may - Aloqachilar kuni sifatida oʻz kasbiy bayramini aloqa sohasi xodimlari nishonlamoqda. Bu esa chuqur ramziy maʼnoga ega.

    Oʻzbekiston oʻz oldiga kuchli demokratik, ilgʻor rivojlangan davlatlar safidan mustahkam oʻrin egallash, taraqqiyot uchun xavfli illatlar – korrupsiya, poraxoʻrlikdan xoli davlat qurishni maqsad qilgan. Bosh vazifa esa, dunyoning rivojlangan 50 mamlakati qatoriga kirishdir.

    Davlatimiz rahbari har bir chiqishida, aholi bilan muloqotida yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratadi. Ularni mamlakatning bugun va kelajagida tutgan muhim oʻrniga urgʻu beradi. Binobarin, yurtimizda navqiron avlod vakillarining zamonaviy bilimlarni egallashlari, “nou-xau”lar bilan hamnafas qadam tashlashlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Oʻtgan yil dekabr oyida boʻlib oʻtgan Yoshlar forumida Prezident tomonidan bu borada muhim takliflar ilgari surilgani ham bejiz emas.

    Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllangan Murojaatnomada esa “biz islohotlarimiz koʻlami va samarasini yana-da oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu - shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz” deya taʼkidlab oʻtildi.

    Mazkur dolzarb yoʻnalishdagi maqsadlarga erishishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish, soha bilan mashgʻul yoshlar kontingentini koʻpaytirish, shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etadi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi aynan shu mezonlar asosida oʻz faoliyatini davom ettirib, bir qancha zarur vazifalarni belgilab oldi. Ularning ijrosini taʼminlash esa qatʼiy nazoratga olingan.

     

    Zamonaviy AKT-infratuzilmasini yaratish

    Raqamli iqtisodiyotining izchil rivojlanishining birinchi va eng muhim omili - zamonaviy AKT-infratuzilmani yaratishdir. Bu boʻyicha Oʻzbekistonda bir qator yirik loyihalar amalga oshirildi. 2020 yilda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 68,6 ming kilometrni tashkil etdi, 2021 yilda birinchi chorakda esa 81,7 ming kilometrga yetkazildi. Joriy yil oxiriga qadar esa ushbu koʻrsatkichni 118,6 ming kilometrgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.

    Bugungi kunda 1 millionta Internet tarmogʻiga keng polosali ulanish portlari oʻrnatilib, ularning umumiy soni 3 millionga yetkazildi.

    2021-yil oxiriga qadar portlarning soni 3,9 milliongacha yetkaziladi.

    Mazkur loyiha boʻyicha ishlarning asosiy qismi yakunlanganligi munosabati bilan, 2021 yil 1 yanvardan transport kanallarini ijaraga berish xizmati joriy narxi 2 barobarga arzonlashtirildi.

    2020 yilda Respublika boʻyicha 31,7 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari mavjud boʻlgan boʻlsa, 2021 yil birinchi chorakda 945 ta baza stansiyalari ishga tushirilib, jami 32,68 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari faoliyat koʻrsatmoqda.

    Bugungi kunda Aholiga qulaylik yaratish maqsadida mobil internet xizmatlari narxlarini yanada arzonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

    Qolaversa, 2019-2020-yillarda operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif mavjud texnik quvvatlarni keskin oshirish hisobiga 2021 yil yanvardan operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan 1 Megabit/s tezlikdagi kanal narxi 2 barobarga arzonlashtirildi va hozirgi kunda  ushbu xizmat narxi 40 ming soʻm deb belgilangan. Bu oʻz navbatida operator va provayderlarning respublikamizning chekka hududlarida faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

    2021-yil  may oyidan ushbu xizmat joriy narxi yana 30% ga arzonlashtirilmoqda.

    Olib borilayotgan ushbu samarali ishlarni xalqaro portallar ham eʼtirof etmoqda. Misol uchun, Britaniyaning Cable.co.uk portali dunyodagi mobil internet narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qildi. Unga koʻra Oʻzbekiston 230 mamlakat orasida 21-oʻrinni egalladi. Bir yil davomida mamlakatimiz koʻrsatkichlarini 33 pogʻonaga koʻtardi.

    Taʼkidlab oʻtish joizki, 2020- yil fevral oyida ushbu saytda https://www.cable.co.uk/ Oʻzbekistonda Mobil internet narxi arzonligi boʻyicha roʻyxatda Oʻzbekiston 54-oʻrinni egallaganini koʻrsatgan edi .

    https://www.cable.co.uk/ resursining maʼlumotlari quyidagi metodologiya asosida shakllantiriladi.

    Davlatdagi barcha aloqa operatorlarining maʼlum xizmati uchun narxlari, ushbu holatda 1 Gigabayt mobil internet trafik narxlari haqida maʼlumotlar olinib, ularning oʻrtacha qiymati (mediana) belgilanadi va reytingga kiritiladi. Tahlil uchun asosan Internet xizmatidan foydalanish uchun moʻljallangan tarif rejalar va xizmatlar haqida maʼlumotlar olingan.

    Ijtimoiy soha obyektlarini yuqori tezlikdagi Internet bilan taʼminlash doirasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Respublikada 10 156 ta umumtaʼlim maktablari, 5 625 ta maktabgacha taʼlim muassasalari va 3 401 ta sogʻliqni saqlash obyektlari mavjud boʻlib, joriy holatiga 9 347 ta xalq taʼlimi, 5625 ta maktabgacha taʼlim muassasalari va 3 401 ta sogʻliqni saqlash obyektlariga jami 18 373 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilgan va yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻiga ulanish imkoniyati yaratilgan.

     

    Bir million dasturchi — kelajak poydevori

    Xususan, yoshlar va masʼullar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatishga xizmat qiluvchi “Yoshlar murojaati” elektron platformasini yaratish ustida ishlar olib borilyapti. U yoshlarning ilm olishlari, kasb-hunarli boʻlishlarini, bir soʻz bilan aytganda, hayotda oʻz oʻrinlari topishlari uchun xizmat qiladi degan umiddamiz.

    Mazkur yoʻnalishning mantiqiy davomida sifatida oʻsib kelayotgan navqiron avlodni AKT sohasiga yana-da qiziqtirish, ularning bu boradagi bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida joriy yilda 100 dan ziyod shahar va tumanda Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari ochiladi.

    Shu bilan bir qatorda, sohaga oid ilmiy izlanishlarini davom ettirishlarini taʼminlash, yana-da kengaytirish maqsadida Toshkent viloyatida Axborot texnologiyalari universiteti filiali hamda barcha hududlarda texnikumlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

    Davlat rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining “Dubai Future Foundation” fondi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinayotgan “Bir million dasturchi” loyihasini istiqbol sari tashlangan muhim strategik qadam, deb bemalol aytish mumkin.

    Loyiha doirasida 120 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim olib, ulardan 18 ming nafardan ortigʻi kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, bitiruvchi sertifikatini qoʻlga kiritgan boʻlsa, keyingi ikki yilda bu koʻrsatkichni 300 mingga yetkazish va ularni kompyuter texnologiyalari yoʻnalishida bepul oʻqitish, masofaviy taʼlimni va darslarni onlayn oʻtkazish imkoniyatini yaratadigan “Onlayn, Raqamli, Xavfsiz ixtisoslashtirilgan maktab”, “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimlari yaratilib, ishga tushiriladi.

    2021-yildan boshlab xalqaro IT sertifikatlarini qoʻlga kiritgan yoshlarga xarajatlarining 50 foizigacha boʻlgan qismini qoplab berish vazifalari belgilandi.

     

    Yosh startapchilar uchun keng imkoniyatlar

    Oʻz navbatida, IT-startaplariga koʻmak berish va AKT sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalliy oliy taʼlim muassasalari qoshida IT-Inkubatsiya markazlari tashkil etilmoqda. Hozirgi kunda shu kabi markazlar G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent moliya instituti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Andijon mashinasozlik instituti, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida faoliyat koʻrsatmoqda.

    Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash haqida gap ketar ekan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Namangan viloyatlarida IT-park filiallari faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilayotganligini alohida taʼkidlamay ilojimiz yoʻq. Bu bejiz emas, albatta.

    Zero, 2020-yilda mamlakatimizda ish boshlagan IT-parklar rezidentlari tomonidan jami 750 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi 346,2 mlrd. soʻm, jumladan, eksport hajmi 8,4 mln. dollarni tashkil etdi.

    Shunday ekan, Toshkent shahrida IT-Park rezidentlari sonini koʻpaytirish va ularga yetarli imkoniyatlar yaratish doimiy diqqat markazida turibdi. Shu maqsadda xorijdan jalb qilingan ekspert bilan hamkorlikda umumiy maydoni 408 ming kv. m.ga teng hududda infratuzilma obyektlarini bunyod etish konsepsiyasi ishlab chiqilib, qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Uning hududiy filiallarini tashkil etish boʻyicha joylardagi mahalliy hokimliklar bilan qoʻshma qarorlar imzolanib, har bir loyiha boʻyicha bajariladigan vazifalar tarmoq jadvallari tasdiqlandi.

    Bunday nuqtai-nazar faqat markaziy hududlar uchun xos emas. Buni IT-parkning hududiy filiallari binolari Andijon (“Digital City” texnoparki), Fargʻona (IT Park Margʻilon filiali), Sirdaryo (IT Park Guliston filiali), Qashqadaryo, Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlarida foydalanishga topshirilgani, Andijon filialida 10 ta va Margʻilon filialida 7 ta rezident faoliyat yuritayotgani misolida ham koʻrish mumkin.

    Quvonarlisi, ularda 2020-yilning oʻzida 400 dan ziyod korxona faoliyat boshlab, 900 dan ortiq dasturiy taʼminot mahsulotlari ishlab chiqarildi.

     

    10 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi

    Prezident tomonidan 2020-yil 6-oktyabrda AKT sohasida oxirgi yutuqlarga asoslangan holda va malakali IT-kadrlarga yuqori boʻlgan talabni qondirish maqsadida taʼlim sohasini takomillashtirish doirasida “Axborot texnologiyalari sohasida taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.

    Unga muvofiq, oʻtgan yilda ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari tashkil etilib, jihozlangani, tizimdagi korxona va tashkilotlar ularga homiy sifatida biriktirilgani va 10 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgani sohada boshlangan islohotlar qatʼiy, ortga qaytmas ekanligini yana bir bor tasdiqladi. 2021-yilda 82 ta, 2022- yilda 64 ta va 2023-yilda 45 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilishi koʻzda tutilgani ham shundan dalolat beradi.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Xalq taʼlimi vazirliklari hamda Davlat test markazi hamkorligida tasdiqlangan qabul kvotalari asosida qishki taʼtil kunlarida ixtisoslashtirilgan maktablarga iqtidorli oʻquvchilarni saralab olish boʻyicha tanlov ham oʻtkazildi.

     

    TATU, Amiti va Inha universitetlarida ulkan ishlar amalga oshirildi

    Yoshlarning AKT yoʻnalishiga qiziqishlarini inobatga olib, TATUda 2020-2021- oʻquv yilida yangi Raqamli iqtisodiyot bakalavr taʼlim yoʻnalishi hamda 8 ta yangi magistratura mutaxassisligi ochildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan mazkur OTM tuzilmasida Oʻzbek-Belarus qoʻshma fakulteti tashkil etilib, 2020-2021-oʻquv yili uchun qoʻshma fakultetga 500 nafar talaba qabul qilindi. Umuman olganda, bugungi kunda, TATU va uning filiallarida jami 15 000 ga yaqin talaba tahsil olmoqda.

    Bilamiz, AKTda toʻxtash va uzilish boʻlmaydi. Bu boradagi uzluksizlikni taʼminlashda esa xorij tajribasini chuqur oʻrganish, eng ilgʻorlarini mahalliy kadrlar tayyorlash tizimiga tatbiq etish dolzarb hisoblanadi.

    Shu maʼnoda aytadigan boʻlsak, 2019-yilda Toshkent shahrida Amiti universiteti faoliyati bejizga yoʻlga qoʻyilmadi. Unga xorijiy mamlakatlardan 17 nafar PhD darajasiga ega professor-oʻqituvchi jalb qilindi. Oʻtgan oʻquv yilida 498 nafar talaba birinchi bosqichni yakunladi. 2020-2021 - oʻquv yili uchun kirish imtihonlari toʻliq onlayn shaklda tashkil etilib, mazkur oliy taʼlim muassasasiga 384 nafar talaba qabul qilindi.

    Janubiy Koreyaning poytaxtimizdagi Inha universitetida ham jarayonlar qizgʻin. Ayni paytda ushbu dargohda 51 nafar professor-oʻqituvchi va assistent faoliyat yuritib kelyapti. Talabalarning umumiy soni 1506 nafarni tashkil etadi. Ularning orasida 420 nafari joriy oʻquv yilida imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlardir.

     

    Al-Xorazmiy izdoshlari

    Maʼlumki, barcha, ayniqsa, IT sohasi uchun boʻlajak mutaxassislarni tayyorlash jarayonlari qancha erta boshlansa, kelajak uchun yaratilayotgan poydevor shuncha mustahkam boʻladi. Shunday ekan, Yurtboshimizning bevosita gʻoyasi asosida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilgandi. Ayni paytda u yerda Oʻzbekistonning ilgʻor kadrlari taʼlim olyapti, imiji va potensiali shakllantirilmoqda. Joriy oʻquv yilida ularning safi yana-da kengaydi. Yaʼni qabul kvotasi 330 nafar etib belgilandi va kirish imtihonlari respublikamizda birinchi marotaba onlayn shaklda ikki bosqichda oʻtkazildi.

    Ayni chogʻda 5 ta muhim tashabbus doirasida aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etish masalasi ham doimiy diqqat markazida.

    Axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadida esa respublika boʻyicha birgina 2020 yilda 107 ta raqamli texnologiyalar oʻquv markazi tashkil etildi. Oʻtgan yilning oʻzida ularda tashkil etilgan oʻquv kurslarini 15 mingdan ortiq tinglovchi yakunladi.

     

    Aholiga qulaylik yaratish va davlat organlarining samaradorligini oshirish

    Elektron hukumatni takomillashtirish raqamlashtirish jarayonlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Davlat organlari va aholi oʻrtasida interaktiv muloqotning samarali mexanizmini barpo etilishi nafaqat fuqarolarimizning vaqt va mablagʻlarini tejashga, shu bilan birga davlat organlarining faoliyatini tubdan yaxshilashga zamin yaratadi, elektron hujjat aylanishi orqali ularning vaqt va moliya xarajatlarni sarflaydi, ochiqlik va oshkoralikni taʼminlaydi.

    Elektron hukumatni tizimida rivojlantirishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali muhim oʻrin tutadi (my.gov.uz) 2020-yilda Yagona portal xizmatini rivojlantirish doirasida muhim ishlar amalga oshirildi. Jumladan, oʻtgan yili natijalari boʻyicha 9,8 millionta ariza kelib tushgan, Yagona portalning foydalanuvchilar soni 185 mingga koʻpayib, 380 mingtaga yetdi. Bugungi kunda Yagona portal orqali 218 ta davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda.

    Aholi uchun qator dolzarb xizmatlar joriy qilindi. Hozirgi kunda fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali quyidagi xizmatlardan onlayn rejimida foydalanishlari mumkin.

    Joriy yil boshida esa yangi dolzarb va talabi yuqori xizmat joriy yetildi. Endi fuqarolarimiz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali biometrik pasportni ID kartaga almashtirish uchun ariza topshirishlari mumkin. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini takomillashtirish va foydalanuvchilarga yana-da qulaylik yaratish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

    Aholiga elektron davlat xizmatlarni olishda yana-da qulaylik yaratish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalning Android- va OS platformada ishlaydigan mobil ilova yaratildi va ishga tushirildi. Dasturning funksional jihatlari kalit soʻzlar orqali qidiruvni amalga oshirish, yuborilgan arizani koʻrib chiqish jarayoning monitoringni olib borish, davlat xizmatlari markazlarining geolokatsiyasini koʻrishga imkon beradi.

    Taʼkidlash kerakki, portalning mobil versiyasida faqatgina avtomatlashtirilgan elektron xizmatlar joriy etilgan. Bu esa davlat organi xodimining aralashuvini bartaraf yetishga va fuqarolarimizning vaqtini tejashga moʻljallangan.

    Yagona portalning yana bir muhim afzalliklaridan biri fuqarolar imtiyozli ravishda, 10 foiz chegirma bilan davlat xizmatlardan foydalanishlari mumkin.

     

    Strategiyaning ikki muhim tirgagi

    Soʻngi yillarda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat tizimini takomillashtirish boʻyicha muhim ishlar bajarildi. Ularning mantiqiy uzviyligini taʼminlash maqsadida “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilib, ijrosi izchil taʼminlanyapti. Uchrayotgan kamchilik va muammolarni zudlik bilan bartaraf etish choralar koʻrilmoqda. Bu borada Prezident va hukumat hujjatlari qabul qilinib, kompleks chora-tadbirlar belgilab olindi.

    “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga asosan, kelgusi uch yilda hududlar va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish boʻyicha 2,6 trln. soʻmdan ortiq boʻlgan 1 627 ta loyiha amalga oshirilishi buning tasdigʻidir.

    Ular quyidagilarda namoyon boʻladi:

    – raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish boʻyicha 2020 — 2022 yillarda 42 ta vazirlik va idorada jami 260 tadan ortiq loyiha hayotga joriy etilmoqda;

    – “Raqamli Toshkent” dasturi doirasida 30 dan ortiq axborot tizimini yaratish va integratsiya qilish ishlari boshlab yuborildi. Mazkur dastur doirasida “Yagona tez tibbiy yordam” axborot tizimini tatbiq etish orqali fuqarolar murojaatlarini qabul qilishga sarflanadigan vaqtni 2 barobarga qisqartirishga erishildi;

    – Toshkent shahridagi 88 ta koʻp tarmoqli va oilaviy poliklinikada “Elektron poliklinika” axborot tizimi joriy etildi;

    – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jami 50dan ortiq xizmatlar kiritilib, takomillashtirildi, natijada umumiy xizmatlar soni 218 taga yetkazildi;

    – foydalanuvchilarni identifikatsiya qilishning yagona tizimi modernizatsiya qilinib, unga 621 mingdan ortiq foydalanuvchilar ulandi;

    – davlat organlarining axborot tizimlari hisobini yuritish, ularni yaratish boʻyicha loyihalar monitoringini olib borish maqsadida “Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestri” hamda “Elektron hukumatning maʼlumotnoma va klassifikatorlar registri” axborot tizimlari ishga tushirildi va unga 34 turdagi maʼlumotnomalar va klassifikatorlar joylashtirildi;

    – raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat loyihalarini monitoring qilish va reytingli baholashga moʻljallangan “NIS.UZ” sistemasi ish boshladi.

     

    2021-yil uchun kompleks chora-tadbirlar qanday?

    Zotan, 2021 yilda pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish maqsadida sohada olib borilayotgan tizimli islohotlar jadal davom ettiriladi:

    Soha korxonalari tomonidan 168,5 mln. dollarlik dasturiy mahsulotlar tayyorlanadi, eksport hajmi 20,0 mln. dollarga oshiriladi.

    Raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasida qiymati 423,5 mln. dollarga teng investitsiyalar, shu jumladan 127,5 mln. dollarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi.

    Telekommunikatsiya tarmogʻini kengaytirish maqsadida joriy yilda 50 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 118,6 ming km.ga yetkaziladi. Bunda olis qishloq aholi maskanlari va ijtimoiy infratuzilma obyektlariga alohida eʼtibor qaratilib, mavjud barcha ijtimoiy obyektlar (maktablar, maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolari yigʻinlari)ni tezkor internet tarmogʻiga ulash ishlari yakuniga yetkaziladi.

    Ikki mingta qoʻshimcha mobil aloqa baza stansiyasini oʻrnatish orqali ularning umumiy soni 33,7 mingtaga, aholi maskanlarida keng polosali mobil internet qamrovi darajasi 95 foizgacha oshiriladi.

    “Elektron tijorat toʻgʻrisida”, “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida” va “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalari ishlab chiqiladi.

    2021-yil yakuniga qadar Nukus, Urganch, Namangan, Qarshi, Termiz va Toshkent shaharlarida ham IT-park filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

    Tibbiyot sohasini raqamlashtirish koʻlamini yana-da kengaytirish, shuningdek, barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni koʻpaytirish maqsadida 289 ta tibbiyot muassasasining IT-infratuzilmasini yaratish, kompyuter uskunalari bilan jihozlash orqali ularni toʻliq raqamlashtirish ishlari amalga oshiriladi hamda tibbiyot muassasalari oʻrtasida masofaviy tibbiy va taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha “Telemeditsina” tizimi joriy etiladi.

    Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida talabgorligi yuqori boʻlgan 60 ta elektron davlat xizmatini joriy etish boʻyicha roʻyxati shakllantiriladi va yil yakuniga qadar joriy etilishi taʼminlanadi;

    Shu bilan bir qatorda, “E-qaror” elektron tizimi respublikaning barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida joriy etiladi hamda Ochiq maʼlumotlar portalining infratuzilmasi va dasturiy platformasi modernizatsiya qilinadi.

    Har bir viloyatda tashkil etiladigan Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar markazlarini yuqori tezlikdagi internet tarmoqlariga ulash choralari koʻriladi.

    Shuningdek, agrosanoat majmuida yagona integratsion platformani tashkil qilish boʻyicha “Raqamli qishloq xoʻjaligi” axborot tizimi yaratiladi.

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Toshkent viloyati filiali tashkil etiladi.

    Hududlarda axborot texnologiyalari boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

    Qolaversa, tumanlar hamda shaharlarda bosqichma-bosqich jami 82 ta umumtaʼlim maktabi negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

    Pochta aloqasi sohasida tub islohotlarni amalga oshirish, davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonlarida ularning imkoniyatlaridan keng foydalanish, shuningdek, Umumjahon pochta ittifoqining Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida mamlakatimizni birinchi 50 talikka kiritish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

    Muxtasar qilib aytganda, maqsadlar katta, asosiysi ularning ijrosini oʻz vaqtida sifatli taʼminlashdir. Binobarin, vazirlik bu borada bor imkoniyatlari va salohiyatini toʻliq ishga solgan holda, soha rivoji uchun ulkan yutug’larga erishishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan.