Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • 7-may Aloqachilar kuni munosabati bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan amalga oshirilgan keng koʻlamli yangilanish va islohotlar, ularning natijalari toʻgʻrisida brifing
    07.05.2021

    Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xizmati rahbari Sh. Axmatov ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi.

    Mazkur brifingda  7- may Aloqachilar kuni munosabati bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan amalga oshirilgan keng koʻlamli yangilanish va islohotlar, ularning natijalari toʻgʻrisida so’z yuritildi.

    Har birimizning xonadonimizga kirib borgan, kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini yana-da rivojlantirish, sohaning yuqori darajada yuksalishi hamda ravnaqi yoʻlida faoliyat olib borayotgan, yurtimizda raqamli iqtisodiyot rivojiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshib kelayotgan aloqa sohasi xodimlarini ushbu kasb bayrami bilan Vazirlik jamoasi nomidan samimiy tabriklaymiz!

    Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, iqtisodiyotimiz barqarorligi, har bir sohaning sifati va samaradorligi, aholiga qulayliklar yaratish axborot texnologiyalari bilan bogʻliq.

    Shu oʻrinda sohada keyingi vaqtda amalga oshirilayotgan va erishilgan yutuqlarga toʻxtalib oʻtsam.

    2011-yilda operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan 1 Megabit/s tezlikdagi kanal narxi 939 816 soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, 2016-yil ushbu koʻrsatkich 295 030 soʻm boʻlgan. Oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va samarali islohotlar natijasiga koʻra 2021 yil 1 maydan operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan 1 Megabit/s tezlikdagi kanal narxi keskin arzonlashtirildi va hozirgi kunda ushbu xizmat narxi 32 000 soʻm qilib belgilandi.

    Ushbu narx 2021 yil boshidan 1 may kunigacha 30 foizga pasaydi.

    Olib borilayotgan ushbu samarali ishlarni xalqaro portallar ham eʼtirof etmoqda. Misol uchun, Britaniyaning Cable.co.uk portali dunyodagi mobil internet narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qildi. Unga koʻra Oʻzbekiston 230 mamlakat orasida 21-oʻrinni egalladi. Bir yil davomida mamlakatimiz koʻrsatkichlarini 33 pogʻonaga koʻtardi.

    Internet xizmatlarining sifati va yuqori tezligini taʼminlashga xizmat qiluvchi optik tolali tarmoqning uzunligi 2011-yilda respublika miqyosida 12,6 ming kmga teng boʻlgan. 2016 yilda tarmoqning uzunligi 22,2 ming kmni tashkil qilgan boʻlsa, olib borilgan islohotlarning samarali natijasida 2020 yilda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 68,6 ming kilometrni tashkil etdi, 2021 yilda birinchi chorakda esa 81,7 ming kilometrga yetkazildi. Joriy yil oxiriga qadar esa ushbu koʻrsatkichni 118,6 ming kilometrgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.

    Ushbu optik tolali tarmoqlarning qurilishi natijasida butun mamlakat boʻylab 9 627 ta xalq taʼlimi obyektlari, 5 625 ta maktabgacha taʼlim muassasalari, 3 401 ta sogʻliqni saqlash obyektlari sifatli va tezkor Internet aloqasiga ulanish imkoniyatiga ega boʻldi.

    2020 yilda Respublika boʻyicha 31,7 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari mavjud boʻlgan boʻlsa, 2021 yil birinchi chorakda 945 ta baza stansiyalari ishga tushirilib, jami 32,68 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari faoliyat koʻrsatmoqda.

    2019-yilda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat organlari tomonidan koʻrsatiladigan 173 ta xizmat ishga tushirilgan boʻlsa, bu raqam 2020-yilda 218 taga yetkazildi. 2021-yil yakuniga qadar esa ularning sonini 278 taga yetkazish ustida ish olib borilmoqda.

    Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 6 oktyabrda AKT sohasida oxirgi yutuqlarga asoslangan holda va malakali IT-kadrlar bilan taʼminlash maqsadida taʼlim sohasini takomillashtirish doirasida “Axborot texnologiyalari sohasida taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.

    Unga muvofiq, oʻtgan yilda ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari tashkil etilib, jihozlangani, tizimdagi korxona va tashkilotlar ularga homiy sifatida biriktirilgani va 10 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgani sohada boshlangan islohotlar qatʼiy, ortga qaytmas ekanligini yana bir bor tasdiqladi. 2021 yilda 82 ta, 2022 yilda 64 ta va 2023 yilda 45 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilishi koʻzda tutilgani ham shundan dalolat beradi.

    Yoshlarning AKT yoʻnalishiga qiziqishlarini inobatga olib, TATUda 2020/2021 oʻquv yilida yangi Raqamli iqtisodiyot bakalavr taʼlim yoʻnalishi hamda 8 ta yangi magistratura mutaxassisligi ochildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan mazkur OTM tuzilmasida Oʻzbek-Belarus qoʻshma fakulteti tashkil etilib, 2020/2021 oʻquv yili uchun qoʻshma fakultetga 500 nafar talaba qabul qilindi. Umuman olganda, bugungi kunda, TATU va uning filiallarida jami 15 000 ga yaqin talaba tahsil olmoqda.

    2019 yilda Toshkent shahrida Amiti universiteti faoliyatini boshladi. Oʻtgan oʻquv yilida 498 nafar talaba birinchi bosqichni yakunladi. 2020/2021 oʻquv yili uchun kirish imtihonlari toʻliq onlayn shaklda tashkil etilib, mazkur oliy taʼlim muassasasiga 384 nafar talaba qabul qilindi.

    Janubiy Koreyaning poytaxtimizdagi Inha universitetida talabalarning umumiy soni 1506 nafarni tashkil etadi. Ularning orasida 420 nafari joriy oʻquv yilida imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlardir.

    Yuqorida keltirilgan maʼlumot va raqamlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarning bir qismi va uni yana davom ettirish mumkin.

    Shu yerda 2021 yil oxirigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan asosiy ishlarga toʻxtalib oʻtsam. Soha korxonalari tomonidan 168,5 mln. dollarlik dasturiy mahsulotlar tayyorlanadi, eksport hajmi 20,0 mln. dollarga oshiriladi.

    Telekommunikatsiya tarmogʻini kengaytirish maqsadida joriy yilda 50 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 118,6 ming km.ga yetkaziladi. Bunda olis qishloq aholi maskanlari va ijtimoiy infratuzilma obyektlariga alohida eʼtibor qaratilib, mavjud barcha ijtimoiy obyektlar (maktablar, maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolari yigʻinlari)ni tezkor internet tarmogʻiga ulash ishlari yakuniga yetkaziladi.

    Ikki mingta qoʻshimcha mobil aloqa baza stansiyasini oʻrnatish orqali ularning umumiy soni 33,7 mingtaga, aholi maskanlarida keng polosali mobil internet qamrovi darajasi 95 foizgacha oshiriladi.

    2021 yil yakuniga qadar Nukus, Urganch, Namangan, Qarshi, Termiz va Toshkent shaharlarida ham IT-park filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

    Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida talabgorligi yuqori boʻlgan 60 ta elektron davlat xizmatini joriy etish boʻyicha roʻyxati shakllantiriladi va yil yakuniga qadar joriy etilishi taʼminlanadi.

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Toshkent viloyati filiali tashkil etiladi.

    Hududlarda axborot texnologiyalari boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

    Qolaversa, tumanlar hamda shaharlarda bosqichma-bosqich jami 82 ta umumtaʼlim maktabi negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

    Pochta aloqasi sohasida tub islohotlarni amalga oshirish, davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonlarida ularning imkoniyatlaridan keng foydalanish, shuningdek, Umumjahon pochta ittifoqining Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida mamlakatimizni birinchi 50 talikka kiritish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

    Muxtasar aytganda, maqsadlar katta, asosiysi ularning ijrosini oʻz vaqtida sifatli taʼminlashdir. Binobarin, vazirlik bu borada bor imkoniyatlari va salohiyatini toʻliq ishga soladi.

    Soha oldiga belgilab berilgan vazifalarni mas'uliyat bilan bajarayotgan soha xodimlarini oʻz kasb bayramlari bilan yana bir bor Vazirlik jamoasi tabriklaydi! Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi sohada olib borayotgan yaratuvchanlik, bunyodkorlik hamda ezgu ishlaringizda ulkan zafarlar tilaydi.

     

    Manba: Axborot xizmati