Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “Elektron hukumatni amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar” to’g’risidagi masalalarga bag’ishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi
    03.05.2021

    Bugun, 3-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalari agentligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida “Elektron hukumatni amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Matbuot anjumanida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda AKT vazirligining Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbar va xodimlari ishtirok etishdi.

    Barchamizga maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi PF-6079-son “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi. Mazkur Strategiya doirasida hududlarni va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlari belgilandi.

    Bugungi kunda axborot tizimlari va resurslarini rivojlantirish borasida “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimining yangi talqini ishlab chiqilib, ishga tushirildi (www.id.egov.uz). Eski tizimda roʻyxatdan oʻtgan aktiv foydalanuvchilar maʼlumotlari yangi tizimga avtomatik migratsiya qilindi.Tizimning ishga tushishiga qisqa vaqt boʻlganiga qaramasdan, bugungi kunda uning foydalanuvchilari soni 220 mingtaga ortib, 820 mingtaga yetdi (eski tizimda 600 mingta edi). Hozirgi kunda ushbu tizimga davlat idoralari va tashkilotlarning 60 dan ortiq axborot tizimlari va resurslari integratsiya qilingan.

    Hamda, davlat organlarida elektron hukumatning joriy etilgan va joriy etilayotgan axborot tizimlari hisobini yuritish va monitoringini olib borish, shuningdek, loyiha-texnik hujjatlarni koʻrib chiqish jarayonini elektron shaklga oʻtkazish imkoniyatini yaratish maqsadida Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslarining yagona reyestri axborot tizimi ishlab chiqilib ishga tushirildi (www.reestr.uz).

    Shuningdek, Elektron hukumatning maʼlumotnomalar va klassifikatorlar registri (www.cs.egov.uz) axborot tizimining yangi talqini ishlab chiqildi va sinov tariqasida ishga tushirildi. Ushbu tizimning asosiy maqsadi – elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishda davlat idoralari axborot tizimlarining idoralararo elektron hamkorligi doirasida yagona talablarga muvofiq zamonaviy maʼlumotnomalar va tasniflagichlarni shakllantirish, saqlash, yangilash va taʼminlashdan iborat. Bugungi kunga kelib Registrda 13 ta tashkilot tomonidan 41 ta klassifikator kiritilgan.

    Xalqimizga elektron davlat xizmatlaridan masofadan foydalanishni yana-da yengillashtirish maqsadida 2020-yil dekabr oyida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangilangan talqini oʻz faoliyatini boshladi. Bunda portalga bir necha yangilik va oʻzgartirishlar kiritildi, jumladan 20 dan ortiq yangi xizmat turlari joriy etildi, elektron toʻlov imkoniyatlari kengaytirildi, portal interfeysi yangilandi hamda statistik maʼlumotlar yana-da aniq va kengroq yoritildi. 2020-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 50 ta yangi xizmat joriy etilib, bugungi kunda portaldagi jami elektron xizmatlar soni 216 tani tashkil etmoqda.

    Shuningdek, Yagona portalning mobil talqini ham ishga tushirilib, bugungi kunda unda 30 dan ortiq davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.

    Fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda qulayliklar yaratish maqsadida, hududlarda pochta aloqasi boʻlinmalarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali platformasidan foydalangan holda davlat xizmatlarini taqdim etish yoʻlga qoʻyildi.

    Shundan kelib chiqib, olis va chekka hududlardagi 300 dan ortiq pochta aloqa obyektlarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanilgan holda 17 turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

    Davlat statistika qoʻmitasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalining yangi talqini ishlab chiqilmoqda. Ushbu yangilangan portal davlat organlarining axborot tizimlari integratsiyasini nazarda tutadi va maʼlumotlarni oʻz vaqtida yangilashning monitoring tizimini taʼminlaydi. Bugungi kunga qadar portalda 149 ta davlat idoralari tomonidan 11 mingdan ortiq maʼlumotlar toʻplami joylashtirilgan boʻlib, ulardan foydalanishlar soni 7,5 milliondan ortiqdir.

    Shuningdek, Davlat organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda hududlarning raqamli rivojlanishi holatlarining “diagnostikasi”ni oʻtkazish, muammoli masalalarni aniqlash va agar kerak boʻlsa, bugungi kunda ularni hal qilish yoʻllarini aniqlash maqsadida maxsus baholash metodikalari ishlab chiqildi.

    Mazkur metodika doirasida davlat organlarida raqamlashtirish darajasini reytingli baholashni avtomatlashtirilgan tarzda olib borish hamda raqamlashtirish holati yuzasidan dolzarb maʼlumotlarni bir joyda saqlanishiga qaratilgan NIS.UZ idoralararo avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy qilindi.

    2020-yil dekabr oyida ushbu metodika asosida baholash jarayoni amalga oshirildi. Baholashda jami 107 ta tashkilot ishtirok etib, shundan 59 tasi davlat va 48 tasi xoʻjalik boshqaruvi organlarini tashkil etdi. Baholash natijasiga koʻra davlat organlari orasida 16 ta (27,1%) tashkilot “yaxshi”, 9 ta (15,3%) tashkilot “qoniqarli”, 34 ta tashkilot (57,6%) “qoniqarsiz” baho olgan. Xoʻjalik organlari orasidan “yaxshi” bahoni 5 ta (10,4%) tashkilot, “qoniqarli” bahoni 12 ta (25%) va “qoniqarsiz” bahoni 31 ta (64,6%) xoʻjalik organi olgan.

    Shu bilan birga, mamlakatimiz hududlarida raqamli infratuzilma, raqamli iqtisodiyot va raqamli taʼlim darajasi holati yuzasidan oʻtkazilgan baholashda jami 203 ta tuman va shaharlar ishtirok etdi. Baholash natijasiga koʻra 28 ta (14%) tuman va shaharlar “yaxshi”, 59 ta (29%) tuman va shaharlar “qoniqarli”,116 ta (57%) tuman va shaharlar “qoniqarsiz” bahoga ega boʻlgan.

    Hozirgi kunda baholash natijalariga koʻra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar bilan tegishli oʻrganish ishlarini tashkillashtirish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

    Matbuot anjumani doirasida Oʻzbekiston Respublikasida elektron hukumatni rivojlantirishda mavjud dolzarb masalalar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro indekslar koʻrsatkichlari asosida mamlakatlarning elektron hukumat rivojlanishini baholash metodologiyasi, elektron hukumatni rivojlantirish boʻyicha xalqaro tajriba yuzasidan soʻz yurildi.

    Axborot kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiy etishi bilan hayotimizni qulayliklar bilan boyitish maqsadida taqdim etilayotgan ishonchli imkoniyatlardan biri “Elektron hukumat”tizimining joriy etilishidir. Maʼlumki, “Elektron hukumat” tizimi jahon amaliyotida oʻzining afzalliklarini namoyon etib ulgurgan tizim hisoblanadi.

    Matbuot anjumani yakunida savol-javob qismida ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

     

     

    Manba: Axborot xizmati