Bugun, 30-aprel kuni Janubiy Koreyaning Milliy axborot agentligi jamiyati (NIA) tashkiloti bilan hamkorlikda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialida tashkil etilgan “Axborot almashinuv markazi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari J.Egamberdiyev, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Moliya va iqtisod ishlari prorektori F.Aripjanov va professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.
Ochilish marosimining ramziy mehmonlari sifatida Koreya Respublikasining Milliy axborot jamiyati agentligi prezidenti Yong-Sik Mun boshchiligidagi vakillari onlayn ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Janubiy Koreya davlatlari o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik rishtalari kundan kunga mustahkamlanib bormoqda. Bu hamkorlik aloqalari iqtisodiyotning ilg‘or sohalarida, jumladan taʼlim va axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida ham o‘z aksini topmoqda.
Taʼlim yo‘nalishida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan ko‘plab loyihalar bunga misol bo‘la oladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, АKT sohasida taʼlim yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha Janubiy Koreyaning Milliy axborot jamiyati agentligi bilan amalga oshirayotgan loyihalar va Аgentlik tomonidan ajratilayotgan beg‘araz ko‘mak mablag‘lari Respublikamizda АKT taʼlim tizimini yanada isloh qilish va rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelmoqda.
Markaz talaba-yoshlarga axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish uchun keng imkoniyatlarni taqdim etish, ularni Axborot jamiyatiga jalb qilishni maqsad qilib olgan.
Manba: Axborot xizmati