Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “ITWomenUz - 2021” loyihasiga start berildi
    17.02.2021

    Joriy yil 17 fevral kuni Xotin-qizlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan “ITWomenUz - 2021” loyihasiga start berildi. Mazkur loyiha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Dasturiy maxsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park), Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti (TATU), Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent shahridagi Amiti universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

    Loyiha doirasida hududlardagi Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida hamda TATU, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent shahridagi Amiti universitetida joriy yilning fevral-mart oylarida 2000 ga yaqin xotin-qizlar uchun onlayn va oflayn o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ushbu o‘quv kurslarining maqsadi “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatga kiritilgan xotin-qizlarga zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha tegishli bilimlarni berish, ularning kompyuter savodxonligini oshirish, ularda mobil ilova va veb-sayt yaratish hamda kompyuter dizaynerlik faoliyati bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni hosil qilish orqali ushbu yo‘nalishlarda kelgusida o‘z ish faoliyatlari davomida axborot texnologiyalaridan foydalanish uchun zamin yaratish hamda AKT yo‘nalishida ilk qadamlarini tashlashga ko‘maklashishdan iborat.

    “ITWomenUz - 2021” loyihasining birinchi bosqichida mamlakatimizning barcha hududlarida 2021 yil 17 fevraldan 6 martgacha bo‘lgan muddatda kompyuter savodxonligini oshirish va elektron biznes yo‘nalishida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

    Loyihaning navbatdagi bosqichlarida mobil ilova va veb-sayt yaratish hamda kompyuter dizaynerlik yo‘nalishlarida o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashirilmoqda.

    “ITWomenUz - 2021” loyihasi doirasida tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etadigan xotin-qizlar ro‘yxati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan tavsiya qilingan “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatga olingan, AKT sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga hamda mazkur ko‘nikmalarni kelgusida ish faoliyatlarida foydalanishga ehtiyoji mavjud bo‘lgan xotin-qizlardan shakllantirildi.

    O‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish uchun “IT-Park”ning hududlardagi Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari mutaxassislari, TATU, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent shahridagi Amiti universitetining malakali professor-o‘qituvchilari jalb qilingan.

    O‘quv kursining yakunida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlarga sertifikatlar topshiriladi.

    Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan loyihada ishtirok etgan, zamon talablariga javob beradigan yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlarning bandligi ta’minlanadi, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga kredit mablag‘lari ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatilishi ko‘zda tutilmoqda.

     

    Manba: Axborot xizmati