Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy maslahatlashuv yig‘ilishida AKT vazirligi xodimlari ishtirok etdi
    03.02.2021

    Joriy yilning 28-yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan Milliy maslahatlashuv yig‘ilishi” tashkil etildi.

    Mazkur tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan Investitsiyalar, moliya va komplayens nazorati boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.

    Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Jumladan, mamlakat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

    Ushbu islohotlar natijasi xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Jumladan, Transparency International korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro nodavlat tashkiloti Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2020 yil reytingiga muvofiq, O‘zbekiston o‘z o‘rnini 7 pog‘onaga yaxshilab, 180 ta davlat orasida 146-o‘rinni egalladi (2019 yilda 153 o‘rin).

    Prezident Shavkat Mirziyeyovning Konstitutsiya qabul qilinganligining 28 yilligiga bag‘ishlab O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida oldimizda turgan beshta eng muhim vazifalardan biri sifatida taraqqiyot kushandasi bo‘lgan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi ishlarni tizimli va kompleks davom ettirish uchun 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi ustida ish olib borilayotgani qayd etildi.

    Bundan tashqari, 2020 yil 29 dekabrdagi parlamentga Murojaatnomada ko‘plab yo‘nalishlar qatorida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu esa ushbu soha davlat siyosatining ajralmas qismiga aylangani va bu boradagi islohotlar ortga qaytmasligini yana bir bor namoyon etdi.

    Shuningdek, Murojaatnomada korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish barchaning kundalik hayot tarziga aylanishi shartligi bildirildi. Davlat rahbari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda barchaning sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligi alohida ta’kidlandi. Buning uchun barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaroni safarbar etish zarurligi bildirildi.

    Yuqoridagi vazifalardan kelib chiqqan holda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan sohalar va yo‘nalishlarning chuqur tahlili, aholi va keng jamoatchilik fikr mulohazalari, xorijiy tajribani inobatga olgan holda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyaning dastlabki loyihasi tayyorlandi.

    Yig‘ilishda qayd etilganidek, Milliy strategiya kelgusi besh yillikdagi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi asosiy ustuvor vazifalarni belgilab beruvchi, bu boradagi harakatlarni birlashtiruvchi va muvofiqlashtiruvchi hujjat hisoblanadi.

    Milliy strategiya loyihasini tayyorlashda Gruziya, Qozog‘iston, Estoniya, Malayziya, Indoneziya, Italiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy davlatlar tajribasi ham o‘rganildi.

    Mazkur davlatlarda ushbu turdagi hujjatlarning qabul qilinishi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda ijobiy natija berganligi hamda mamlakatning ichki va tashqi obro‘sini ko‘tarishga xizmat qilgan.

    Milliy strategiya loyihasida mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi joriy holati, kamchiliklar, davlat siyosatining kelgusidagi asosiy yo‘nalishlari aks ettirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ushbu vazifalarni bajarilishini monitoring qilish va moliyalashtirish mexanizmini belgilash hamda amalga oshirilgan ishlardan kutilayotgan natijalar o‘rin olishi rejalashtirilgan.

    Qizg‘in bahs-munozaralar va takliflarga boy o‘tgan yig‘ilishda har bir ishtirokchi o‘z yo‘nalishidan kelib chiqqan holda mulohazalarini bildirdi. Jumladan, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish, davlat xizmati tizimining normativ asoslarini takomillashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlash, daromadlarni deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, davlat xaridlarining samarali huquqiy mexanizmlarini yaratish, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV faoliyatining chinakam erkinligiga erishish bo‘yicha tegishli takliflar bildirildi.

    Yig‘ilish yakunida bildirilgan takliflar asosida Milliy strategiyaning dastlabki loyihasi takomillashtiriladigan bo‘ldi.