Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Mobil qurilmalarni IMEI kodlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi yuzasidan Rasmiy Bayonot
    24.09.2020

    24-sentyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi direktori Bobur Tillabayev, mavzu yuzasidan to‘liq ma’lumot berib shunday dedi.

    “Ma’lumki, mamlakatimizda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli va 2019 yil 17 sentyabrdagi 778-sonli qarorlariga asosan mobil qurilmalar IMEI kodlarini ro‘yxatga olish tizimi joriy etilgan. Bu tizim dunyoning ko‘p mamlakatlarida amaliyotda qo‘llanib kelinmoqda. Ushbu tizimni joriy etishdan maqsad, iste’molchilar huquqini himoya qilish, respublikamizga sifatsiz mobil qurilmalarning kirib kelishi hamda uning noqonuniy savdosining oldini olishdir.

    Nizomga asosan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilangan bo‘lib, unga asosan jismoniy shaxslar uchun ro‘yxatdan o‘tkazishni onlayn, “O‘zbekiston pochtasi”ning joylardagi pochta aloqa punktlariga yoki tizim operatoriga shaxsan murojaat qilish orqali amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.

    Jismoniy shaxslar mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun pasport ma’lumotlari, telefon raqami va mobil qurilmaning IMEI-kodini taqdim etishlari talab qilinadi.

    Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim qilinayotgan mobil qurilmalarning Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘rnatilgan bojsiz olib kirish normalariga rioya etilganligini tekshirish maqsadida shaxsning pasport ma’lumotlariga asosan fuqaroning O‘zbekiston Respublikasi chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tekshiriladi.

    Shu maqsadda Tizim operatori Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashinuvini yo‘lga qo‘ygan. Biroq, ro‘yxatdan o‘tkazish masofaviy yoki onlayn tarzda amalga oshirilayotganida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi shaxs bilan Tizim operatori o‘rtasida bevosita kontakt bo‘lmasligi sababli fuqarolarning pasport ma’lumotlarini aynan shu shaxsning o‘zi yoki boshqa shaxs tomonidan taqdim qilinayotganligini tizim orqali aniqlash imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli hozirda uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari kuzatilmoqda.

    Uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlarini kiritgan holda noqonuniy ravishda respublikamiz hududiga olib kirgan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish holatlarini oldini olish va ushbu noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan shaxslarni aniqlash maqsadida Tizim operatori huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda ishlamoqda.

    Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli qarorining 2-bandida “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi — mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini ro‘yxatga olish va qo‘llash, ushbu yo‘nalishda normativ-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirish bo‘yicha vakolatli organ” deb belgilangan.

    Shu asosda «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi — Tizim operatori Jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun shaxsning pasport ma’lumotlari, uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy foydalanishini oldini olish maqsadida mobil qurilmalarni ro‘yxatdan ŭtkazish jarayëniga qo‘shimcha tekshiruv algoritmi kiritildi. Ya’ni, qurilmaning IMEI-kodini/kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilganligi talab etiladi.

    Yuqorida ta’kidlanganidek, dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda (Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiya, Belgiya, Daniya, Finlyandiya, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, AQSh, Turkiya, Ozarbayjon va boshqa davlatlar) noqonuniy, o‘g‘irlangan va qalbaki uyali aloqa vositalari savdosining oldini olish, telekommunikatsiyalar sohasiga yo‘naltiriladigan investitsiyalar oqimini ko‘paytirish maqsadida uyali aloqa telefonlarining IMEI raqamlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy qilingan.

    Aholi va jamoatchilik orasida mobil telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini bo‘yicha ko‘pincha aholini chalg‘ituvchi talqinlar ham kuzatilmoqda. Shu yerda bir qator ma’lumotlarni keltirib o‘tishimiz mumkin. Bugungi kunda mobil qurilmalarni ruyxatdan o‘tkazish tizimi orqali 47,14 mln. dan ziyod IMEI kodlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

     

    Jumladan:

    • 2019 yil 1 apreldan 2019 yil 1 noyabrgacha – 42,61 mln. IMEI kodlari avtomatik tarzda;
    • 2019 yil 1 noyabrdan 1 dekabrgacha – 1,47 mln. ta IMEI kodlari bepul ravishda operatorga murojaat etish orqali;
    • 2020 yilning 1 yanvaridan 15 sentyabrgacha – 3,06 mln. IMEI kodlar pullik asosda tizimda ro‘yxatdan o‘tkazildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi IMEI kodlarni ayrim shaxslar tomonidan noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazishga urinish singari holatlarga vakolatli organlar bilan hamkorlikda tegishli choralar olib borilmoqda va bu uzluksiz davom ettiriladi.

    Shu o‘rinda fuqarolarimizdan Respublika xududidan mobil qurilmalarni xarid qilish vaqtida, Mobil kurilmaning imei kodlari ro‘yxatdan o‘tganligini tekshirib olishingizni so‘rab qolardik. Tekshirishni 1170 kiska rakamiga imei kodni sms orkali jo‘natish yoki uzimei.uz sayti orkali tekshirib olishingiz mumkin.”

     

    Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Qobulov, mavzu yuzasidan to‘liq ma’lumot berib shunday dedi.

     

    “ Iste’molchilarga sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorni kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi va sotilishidan himoya qilish hamda telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida 2018 yil 22 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 847-son qarori qabul qilindi.
     

    Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari
    va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan respublikada mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari asosida ro‘yxatga olish bo‘yicha Tizim ishlab chiqish yuzasidan ishlar amalga oshirila boshlandi.
    Keyinchalik, mazkur qarorning mantiqiy davomi sifatida 2019 yil
    17 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining 778-son qarori qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.
     

    Mazkur Nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilgan mobil qurilmalarga IMEI (International Mobile Equipment Identifier, 15 ta raqamdan iborat) yoki xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodni Tizim operatori yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali ro‘yxatdan o‘tkazilishi joriy etildi.

     

    Bugungi kunda chetdan olib kelingan mobil qurilmalarning
    IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun:

     

    Birinchi holatda, mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi hududida sotish uchun tadbirkorlik sub’ekti (importiyor) tomonidan BYuD asosida olib kirish:
    Bu holatda, mobil qurilmalarning IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tadbirkor tomonidan BYuD taqdim etilishi lozim.
    Bugungi kunda bojxona organlari tomonidan rasmiylashtirilgan BYuDlar hisobini yuritish bo‘yicha DBQ YaAAT dasturi “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi” DUKning dasturiy ta’minotlari bilan onlayn ravishda integratsiya qilinganligi sababli, tadbirkor taqdim etgan BYuDdagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda tekshirish yo‘lga qo‘yilgan.
    Agar import qiluvchi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar BYuDda aks ettirilgan ma’lumotga mos kelmasa, qurilmalarning butun to‘plami ro‘yxatga olinmaydi.
    Ma’lumot uchun, Tizim operatoriga tovar bo‘yicha ma’lumotlar BYuDning 31-grafasida nima ko‘rsatilgan bo‘lsa o‘sha ma’lumotlar ko‘rinadi (IMEI kodni ko‘rsatish majburiy emas).

     

    Ikkinchi holatda, jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini o‘zlari kesib o‘tgan holda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan bojxona chegarasi orqali tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan normalaridan oshmagan miqdorda olib kirilgan mobil qurilmalarning IMEI kodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o‘tganligini tasdiqlashi lozim.

    Bunda ham jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (sana, usul va boshqa) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashish orqali murojaat etilgan sana va jismoniy shaxsning shaxsiy identfikatsion raqami qayd etilgan holda avtomatik tekshiriladi.
    Shuningdek, me’yoridan ortgan qismi bo‘yicha Bojxona kirim orderi orqali bojxona to‘lovlarini ham to‘lash mumkin bo‘lib, mazkur ma’lumotlar ham Uz IMEI tizimiga integratsiya qilingan.

     

    Uchinchi holatda, jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali olib kirilgan mobil qurilmalar faqat Tizim operatoriga o‘zi kelib murojaat etish orqali pochta identifikatorining shtrix kodi va kalendar shtempeli bo‘lgan konvert taqdim etilgan holda amalga oshiriladi.
    So‘ngi vaqtlarda mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq muammoli holatlar ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb mavzuga aylandi.

    Gap shundaki, xorijdan kelgan ko‘plab fuqarolar o‘zlari bilan olib kelgan mobil telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazishmoqchi bo‘lganida, ularning nomiga allaqachon boshqa mobil qurilmalar Uz IMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tganligi ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘layotgan edi.

    Ushbu muammoli masala yuzasidan boshqa mutasaddi vazirlik
    va idoralar qatorida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirildi.
     

    Xususan, Davlat bojxona qo‘mitasining tunu-kun ishlab turadigan 11-08 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali mazkur masala yuzasidan fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqilishi yo‘lga qo‘yildi.

    Shuningdek, xabaringiz bor, qonunbuzarlik holatlarini aniqlash borasida olib borilgan tadbirlar natijasida ro‘yxatdan o‘tmagan mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali harakatlangan fuqarolarning nomlariga noqonuniy yo‘llar bilan ro‘yxatga qo‘yish, shaxslarga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ib, saqlab, ulardan g‘arazli niyatlarda foydalanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

    Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O.A. sheriklari M.B. va T.R.lar bilan tuzgan o‘zaro jinoiy rejaga ko‘ra qo‘shni davlatlarga o‘tishib, u yerda O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pasport ma’lumotlarini telefon yordamida rasmga tushirib, “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali yuborib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelishgan.

    Birgina fuqaro B.M.ning uyali aloqa vositasi ko‘zdan kechirilganida, telefon xotirasida O‘zbekiston fuqarolarining 200 ga yaqin pasport rasmlari borligi, u ushbu pasport ma’lumotlarni yig‘ib, jinoiy sherigi O.A.ga yetkazib berganligi uchun har bir pasportga 5 AQSh dollardan haq olganligi ma’lum bo‘ldi.
    Mazkur xolat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1412-moddasining 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.

     

    Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, mobil qurilmalar importi
    2019 yilning 1 yanvar – 15 sentyabr davrida 58 810 tani (4,6 mln. doll.) tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida 451 039 ta (29,8 mln. doll.) tashkil etdi.
    Davlat byudjetiga 2019 yilning ushbu davrida 8,7 mlrd, so‘m, joriy yilda esa 72,6 mlrd. so‘m undirildi, ya’ni o‘tgan yilgan nisbatan 63,9 mlrd. so‘mga ko‘p.

    Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tizim to‘liq amaliyotga joriy etilgandan so‘ng 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 15 sentyabrga qadar
    911 882 ta (47,3 mln. doll.) import qilingan bo‘lib, davlat byudjetiga
    100,1 mlrd. so‘m undirilgan.

    Joriy yilda jami 4,9 mlrd. (2019 y. 6,2 mlrd.) so‘mlik 7 484 ta (2019 y. 7691 ta) uyali aloqa vositalarining noqonuniy olib o‘tish holatlari aniqlandi.”

     

    O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov dapartamenti katta tergovchisi Javohir Qodirov, mavzu yuzasidan to‘liq ma’lumot berib shunday dedi.

    “Mobil aloqa vositalarining mamlakatimiz hududiga noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelishini oldini olish, mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni markazlashgan tizim sifatida tartibga solish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 847-son Qaroriga asosan “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi (UZIMEI) tashkil etilib, uning zimmasiga mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini ro‘yxatga olish, vazirlik va idoralar hamda telekommunikatsiya operatorlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishi yuklatilgan.

    So‘ngi vaqtlarda, xorijiy davlatlardan mamlakatimizga kelayotgan fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlaridan uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda foydalanilib, ularning ma’lumotlari asosida “UZIMEI” mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi orqali, kelib chiqishi ma’lum bo‘lmagan mobil aloqa vositalari ro‘yxatga qo‘yilayotgani haqidagi murojaatlar soni ortib borayotganligi kuzatilmoqda.

    Shu munosabat bilan, mazkur holatni muhokama etish maqsadida, joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi (UZIMEI) mas’ul xodimlari ishtirokida jami 3 marotaba ishchi uchrashuvlar o‘tkazilib, unda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

    Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida o‘zaro axborot almashinuvi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim talablarini sifatli tashkil qilish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari ko‘rsatmasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB, viloyatlar IIBlarida “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi bilan o‘zaro axborot almashinuviga mas’ul bo‘lgan tegishli xodimlari biriktirilib, kuni kecha, 23 sentyabr kuni “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi (UZIMEI) ishtirokida onlayn videokonferensiya tashkil etilib, yuzaga kelgan savollar atroflicha muhokama etildi.

    Ta’kidlab o‘tish joizki, shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 iyuldagi “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-547-son Qonuni bilan himoyalanib, fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining
     

    46-2-moddasiga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa-besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. O‘sha harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, yoxud bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirilib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilsa, yoxud og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 1412-moddasiga asosan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

     

    Jumladan, joriy yilning 18 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi, Andijon viloyati IIB xodimlari bilan hamkorlikda Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, yuqorida qayd etilgan noqonuniy harakatlarni sodir qilgan uch nafar shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 1412-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 030011/2020-38-sonli jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovning yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinib, ushbu fuqarolarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov jarayonida, fuqaro bank filialidan o‘zining nomiga berilgan 5 ta plastik kartadagi pul mablag‘laridan “UZPAYNET” MChJ orqali jami 2158 ta uyali aloqa vositalarini qonunga xilof ravishda “Mobil qurilmalarini ro‘yxatga olish tizimi”ga qayd etishganligi aniqlangan. Ushbu xolatda gumon qilinuvchilar juda ko‘p miqdorni tashkil etgan 3115 ta mobil aloqa vositalarini Qirg‘iziston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga bojxona nazoratini chetlab aylanma yo‘llar bilan olib kirganligi aniqlangan.

    Ayni vaqtda mazkur noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish yuzasidan Ichki ishlar organlari tomonidan tegishli tadbirlar davom ettirilmoqda.”

     

    Manba: Axborot xizmati