Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining yangi yil tabrigi
    31.12.2020

    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Siz aziz yurtdoshlarimizni kirib kelayotgan Yangi – 2021 yil bilan samimiy qutlaydi.

    Ildam odimlar bilan rivojlanishning yangi bosqichlariga qadam qo‘yayotgan Jonajon Vatanimiz rivojiga o‘zining halol mehnati, ilmiy izlanishlari, xalqaro maydonlardagi yutuqlari bilan munosib hissasini qo‘shayotgan ko‘p millatli butun xalqimizga yangi yilda sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, oilangizga qut-baraka, baxtu saodat, ulkan muvaffaqiyat va farovonlik tilaymiz.

    Joriy yilda butun dunyo mamlakatlarida hukmronlik qilgan Covid-19 pandemiyasi sababli respublikamizda ham yuzaga kelgan turli muammo va qiyinchiliklarga qaramasdan, 2020 yil mamlakatimiz uchun tinch, har tomonlama omadli va barakali bo‘ldi, deyish mumkin.

    Birgina axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida shaxsan hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida, qolaversa, Hukumatimiz ko‘magida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta muhim yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturi hamda boshqa muhim dastur va chora-tadbirlarda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan bir qator yirik loyihalar samarasi o‘laroq salmoqli natijalarga erishildi.

    Qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan birgalikda, albatta, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar mavjud. Shuningdek, kelgusi yillarda amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan ishlarimiz hali juda ko‘p.

    Bugun Vatanimiz taraqqiyotning yangi davri, yangi bosqichida o‘zining shaxdam qadamlarini tashlab, ilgarilab bormoqda. Bu jarayonda barcha soha o‘zlarining butun kuch-g‘ayratlarini safarbar etgan, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi ham.

    Bizning eng asosiy maqsadimiz aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘lib, va o‘ylaymizki, bu maqsadimizni amalga oshirish yo‘lida amalga oshirayotgan ishlarimizda o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.

    Aziz yurtdoshlar!

    Biz yangi yilda ham xalqimiz hayot darajasi va sifatini, nafaqat markazlarda, balki respublikamizning barcha hududiga, bir so‘z bilan aytganda har biringizning xonadoningizga kirib borishga, bu orqali esa uzog‘ingizni yaqin, og‘iringizni yengil qilishga alohida ahamiyat qaratamiz.

    Kirib kelayotgan 2021 yilda oldimizga yanada ulkan vazifalarni qo‘yganmiz. Ana shu vazifalarning eng asosiysi bu – butun mamlakat bo‘ylab qurilayotgan optik aloqa tarmoqlari orqali faqatgina xonadoningizga emas, balki ko‘nglingizga kirib borishdir! Ana shu ishlarni amalga oshirish uchun sohada faoliyat yuritayotgan har bir xodim o‘z hissasini qo‘shadi, buning uchun bor mahoratini, tajribasini ishga soladi.

    Bizning niyatimiz, tilagimiz shuki, har bir oila, har bir inson shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatidan bahramand bo‘lsin!

    Yana bir marta butun O‘zbekiston ahlini kirib kelayotgan yangi – 2021 yil bilan chin dildan tabriklab, barchaga dunyodagi eng katta baxt – oilaviy xotirjamlik, farzandlar, nabiralar baxtu kamolini ko‘rish nasib etishini tilaymiz!

    2021 yil har bir oila, har bir xonadonga, Jonajon Vatanimizga qut-baraka, baxt va omad olib kelsin!

    Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

    Manba: Axborot xizmati