Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Inson – aziz, xotira – muqaddas
    17.10.2020

    O‘zbekistonning davlat mustaqilligi e’lon qilinganidan so‘ng tarixiy haqiqat va adolatni tiklash bo‘yicha olib borilgan ishlar eng avvalo, Vatan va xalq ozodligi yo‘lida jonini fido etgan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirishda namoyon bo‘ldi.

    2002 yil 31 avgustda Toshkent shahri Yunusobod tumanida tashkil etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi hududida ozodlik va mustaqillik uchun kurashgan va o‘z jonini ayamagan fidoyilar xotirasini yod etish maqsadida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi ochildi. Muzey ekspozitsiyalarining g‘oyaviy asosini ziyoratga kelgan har bir vatandoshimizning qalbi va ongiga vatanparvarlik, o‘z xalqiga muhabbat va sadoqat hissini singdirish, hozirgi kunlarning qadriga yetish, qatag‘on qurbonlari xotirasiga nisbatan yuksak hurmat va ehtirom tuyg‘usini tarbiyalash tashkil etadi.

    O‘tgan davr mobaynida muzeyning ilmiy ekspozitsiyasini shakllantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mavzuga bevosita daxldor bo‘lgan 150 dan ziyod arxiv hujjatlari, 100 dan ortiq tarixiy fotosurat, 100 ga yaqin ashyoviy buyumlar, 175 ta kitob, ko‘plab vaqtli matbuot nashrlarining namunalari izlab topildi va ular muzey ekspozitsiyasidan o‘rin egalladi.

    Barcha viloyatlarda Qatag‘on qurbonlari muzeyining bo‘limlari ochildi. Qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan yangi-yangi kitoblar, filmlar yaratilmoqda.

    Mamlakatimiz tarixining so‘nggi 130 yillik fojiali davrini, chor Rossiyasi va sovet hukmronligi yillarida amalga oshirilgan siyosiy qatag‘onlarning maqsad-mohiyatini ochib berishga qaratilgan 50 ga yaqin kitob va risola chop etildi, ommaviy axborot vositalarida turkum maqolalar e’lon qilindi. Qator teleko‘rsatuvlar va hujjatli filmlar tayyorlanib, efir orqali namoyish etildi. Bu yo‘nalishdagi ishlar muntazam davom ettirilmoqda.

    Shuningdek, so‘nggi yillarda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Ishoqxon Ibrat va boshqa ma’rifatparvarlar xotirasiga bag‘ishlab muzeylar, Toshkentdagi “Adiblar xiyoboni"da muazzam haykallar yaratildi.

    Davlatimiz rahbari 2020 yil 31 avgust kuni “Qatag‘on qurbonlari muzeyi”ga tashrifi chog‘ida nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqotda: “Bu insonlar haqiqiy yetakchilar, ilg‘or ziyolilar, adabiyot, madaniyat namoyandalari, boshqacha aytganda, millatimizning, xalqimizning eng sara vakillari edi. Tasavvur qiling, agar ular qatag‘on qilinmaganida Vatanimiz rivoji uchun, ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat va adabiyotimiz uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lar edi, xalqimizni oldinga boshlardi. Shu bilib turib qilingan. Bugun buni armon bilan eslaymiz”, – dedi Prezident.

    Shuningdek, muzey faoliyatini bugungi kun talablari nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish, o‘tgan davr mobaynida qatag‘on mavzusini ilmiy o‘rganish borasida amalga oshirilgan ishlarni, yangi topilgan ma’lumot va faktlarni keng yoritish, tariximizning ana shunday fojiali sahifalari haqidagi xaqiqatni jamoatchilikka, ayniqsa, yosh avlodga xolis va haqqoniy asosda yetkazish zarurligi to‘g‘risida konseptual fikrlar bildirdi. “Qatag‘on qurbonlari muzeyi”ni milliy g‘oya asosida ta’sirchan tarbiyaviy maskanga aylantirish maqsadida tegishli sharoitlar yaratish, xususan, muzeyning ilmiy ekspozitsiyasini yangitdan shakllantirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar oldiga qator vazifalar ko‘yildi.

    Yuqorida aytilgan taklif va vazifalarni hisobga olgan holda, 2020 yil 8 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi e’lon qilindi.

    Bu farmoyishda quyidagi muhim fikr bildirilgan: “Dunyoda global xavf-xatarlar kuchayib borayotgan hamda milliy o‘zlikni anglash va haqiqiy tariximizni tiklash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi davrda mustabid tuzum tomonidan shafqatsiz qatag‘on qilingan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot namoyandalarining, oddiy kasb egasi bo‘lgan minglab yurtdoshlarimizning nomlari va xotiralarini abadiylashtirish, ularning jasorati va matonati misolida yosh avlodimizni Vatanimiz va xalqimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu boradagi tarixiy ma’lumotlarni xolis va haqqoniy o‘rganish mamlakatimiz mustaqilligi qanday og‘ir va mashaqqatli kurashlar bilan qo‘lga kiritilganini, bugungi erkin, ozod va obod hayotimizni asrab-avaylab, qadrlab yashash kerakligini yanada chuqur anglashga xizmat qiladi”.

    Ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining fidoyi farzandlari, ma’rifatparvar ajdodlari hayoti va faoliyati bilan bog‘liq haqiqatni to‘la yuzaga chiqarish, ularga nisbatan tarixiy adolatni tiklash ham maqsad qilib olingan. Farmoyishda qatag‘on qurbonlari merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirish uchun turli ilm-fan, ta’lim, ma’naviyat va ma’rifat ishlari bilan shug‘ullanadigan mas’ul tashkilotlarga keng qamrovli taklif va vazifalar berilgan. Shulardan ayrim vazifalarni bajarishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi ham o‘z hissasini qo‘shishi mumkin. Masalan:

    – qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida akademiya kutubxonasida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy kabi ulug‘ ma’rifatparvarlarga bag‘ishlangan xotira burchagini tashkil etish;

    – xorijdagi turli arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlik o‘rnatgan holda, ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish;

    – qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini ilmiy tadqiq etish, ular haqida ilmiy-tarixiy kitoblar yaratish;

    – “Inson – aziz, xotira – muqaddas” degan g‘oya asosida barcha tuman, shahar va mahallalarda aholi, ayniqsa, yosh avlodni mustaqillik va adolat tantanasi uchun kurashgan fidoyi ota-bobolarimizning xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ko‘rsatgan jasorati va ibratli faoliyatlarini targ‘ib etishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini tashkil etish.

    Shunday qilib, oxirgi yillarda yangi O‘zbekistonni barpo etishda tarixiy adolat va haqiqatni tiklash ishlari bir necha yo‘nalishda olib borilmoqdaki, shu yo‘nalishlardan biri qatag‘on qurbonlarining merosini tiklash, yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishdir.

    Saidakbar A’ZAMXO‘JAYeV,

    O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

    professori, tarix fanlari doktori.

    Manba: Axborot xizmati