Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Qiziltepa tumanida raqamlashtirish jarayonlari keng qamrovda olib borilmoqda
    06.11.2020

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 5 oktyabrdagi PF-6079-son Farmoniga muvofiq, Navoiy viloyatidan tanlab olingan Qiziltepa va Xatirchi tumanlarini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 53,9 milliard so‘mga teng 86 ta loyihalar amalga oshirilishi belgilangan.

    Shundan, 2020 yil yakuniga qadar Qiziltepa tumanida jami 22 ta loyiha hamda 2021 yil 1-chorakda Xatirchi tumanida jami 21 ta loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” tasdiqlangan.

    Joriy yilning 5-6 noyabr kunlari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari J.Maksudov boshchiligida ishchi guruh Navoiy viloyatida bo‘lib, farmon bilan belgilangan loyihalarning ijro holati bilan tanishdi.

    Xususan, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanini raqamli transformatsiya qilish doirasida tuman aholisiga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish, tumandagi ijtimoiy soha ob’ektlarini yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanishini ta’minlash maqsadida 60 kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari qurilib, 512 portga teng qurilmalar o‘rnatildi.

    Shuningdek, mobil aloqa operatorlarining 8 ta yangi tayanch baza stansiyalari o‘rnatilib ishga tushirildi hamda 5 ta mavjud baza stansiyalar 3G/4G standartiga modernizatsiya qilindi.

    Tumandagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada “Elektron poliklinika” axborot tizimi sinov tarzida ishga tushirildi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning uchinchi yo‘nalishi — aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish doirasida Qiziltepa tumanida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tuman yoshlari va aholisi uchun tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Markazda yiliga ming nafardan ortiq yoshlarimizga axborot kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida zamonaviy bilimlar berish imkoniyati mavjud.

    Mazkur markazning ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari J.Maxsudov, Qiziltepa tumani hokimi Sh.Nabiyev, keng jamoatchilik vakillari hamda tuman yoshlari ishtirok etishdi.

    Ushbu markazda yoshlar uchun kompyuterdan samarali foydalanish, dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi va dizayn, robototexnika, veb dizayn asoslari, veb va mobil ilovalarni yaratish kabi o‘quv kurslari hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbar va xodimlari uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etiladi.

     

    Manba: Axborot xizmati