Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • To‘laqonli IT-ekotizimini barpo etish — muhim masala
    04.08.2020

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil rivojlanishining yana bir muhim omillaridan biri sohada raqobatbardosh mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki hamda tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirishdir.

    Aynan mana shu maqsadni ko‘zlab barpo etilgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park)ning rezidentlari hisoblangan 392 tashkilotda bugun to‘rt ming nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, ushbu tashkilotlarning 14 tasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan bo‘lsa, 54 tasi yangi ochilgan.

    Mazkur IT-parkda zarur infratuzilma, jumladan, zamonaviy laboratoriyalar, kovorking- markaz hamda ofis maydonlari taqdim etilgan. Texnoparkda rezidentlarga moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi. Yana bir muhim jihat shundaki, rezidentlar uchun moliyaviy imtiyozlar ham berilgan: ular 2028 yilning 1 yanvariga qadar barcha soliq va davlatning maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan, shuningdek, bir martalik ijtimoiy to‘lovlardan ozod qilingan.

    Yil boshidan beri IT-park rezidentlari tomonidan jami 560 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi 321 mlrd. so‘mni, shu bilan birga eksport hajmi 5,1 mln. dollarni tashkil etdi.

    Toshkent shahrida IT-park rezidentlari sonini ko‘paytirish hamda yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida umumiy maydoni 408 ming kv. m.ga teng hududda xorijdan jalb qilingan ekspert bilan hamkorlikda IT-park infratuzilmasi ob’ektlarini qurish konsepsiyasi ishlab chiqildi.

    IT-parkning hududiy filiallarini tashkil etish bo‘yicha joylardagi mahalliy hokimliklar bilan qo‘shma qarorlar imzolanib, har bir loyiha bo‘yicha bajariladigan vazifalar tarmoq jadvallari tasdiqlandi.

    IT-parkning hududiy filiallari binolari Andijon (“Digital city” texnoparki), Farg‘ona (IT-Park Marg‘ilon filiali), Sirdaryo (IT-Park Guliston filiali) viloyatlarida foydalanishga topshirilib, Andijon filialida 10 ta va Marg‘ilon filialida 7 ta rezident faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Namangan (5800 kv.m), Nukus (12000 kv.m), Samarqand (12000 kv.m), Urganch (9200 kv.m) hamda Jizzax (850 kv.m) shaharlarida IT-Park filiali binolarini qurish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Bundan tashqari, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Ixtisoslashgan IT-maktab hududida IT-park filiali ham tashkil qilinadi. Loyiha bo‘yicha 16 qavatli bino qurilib, loyihaning umumiy qiymati 70 mlrd. so‘mga teng bo‘ladi.

    AKT bozorini rivojlantirish va IT ekotizimini shakllantirish maqsadida bozor professional ishtirokchilari o‘rtasida keng muloqot olib borish, startaplarni amalga oshirish, turli ko‘rik-tanlov va ko‘rgazmalarni o‘tkazish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda.

    Jumladan, O‘zbekistonda BMT vakolatxonasi va IT-park bilan birgalikda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, uning oqibatlarini yengillashtirishga xizmat qiluvchi innovatsion g‘oyalarni izlab topish bo‘yicha yoshlar o‘rtasida “COVID-19 Challenge 2020” tanlovi o‘tkazildi.

    Tanlovda sog‘liqni saqlash, yordamga muhtoj aholiga ko‘maklashish, ta’lim, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash kabi 8 ta yo‘nalish bo‘yicha 600 dan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lib, shulardan 5 ta eng yaxshi loyiha g‘olib deb topildi va g‘oliblarga 42,5 ming dollar ajratildi.

    Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport, tadbirkorlik hamda turizm yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida eng yaxshi mobil ilovalarni ishlab chiqish bo‘yicha “mGovAward” birinchi respublika tanlovi o‘tkazilmoqda. Tanlov uchun Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan 100 ming dollar ajratilgan va 3 ta munosib jamoa mazkur mablag‘ hisobidan rag‘batlantiriladi.

    Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki tomonidan IT-startaplarga ko‘mak berish, startapchilarning malakasini oshirish maqsadida qator inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarni amalga oshirmoqda. Hozirda IT-Park tomonidan amalga oshirilayotgan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari bo‘yicha 30 ta startap jamoa o‘quv jarayonini muvaffaqiyatli yakunladi.

    Xususan, USAID agentligi bilan birgalikda IT-park tomonidan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari hamda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qiymati 140 ming dollarlik tadbirkorlik va biznes-muhitni rivojlantirish loyihasi amalga oshirilyapti.

    Bundan tashqari, o‘tgan bir yil davomida IT-park umumiy sovrin jamg‘armasi 2,5 mlrd. so‘mni tashkil qiluvchi, kibersport bo‘yicha ikkita onlayn turnirini o‘z ichiga olgan, jami 40 dan ziyod loyiha va marosimlarni amalga oshirdi.

    Shuningdek, asosiy ijrochisi IT-park bo‘lgan bepul onlayn platformasi – «One Million Uzbek Coders» loyihasini ham yoddan chiqarmaslik lozim. Ushbu loyihaning o‘ziga xosligi shundaki, unda barcha xohlovchilar dasturlash asoslarini o‘zbek tilida bepul o‘rganishi mumkin.

    Bugungi kunga kelib platformada respublika bo‘yycha 60 mingdan ziyod tinglovchi ta’lim olmoqda. 5 mingdan ortiq tinglovchi allaqachon loyiha bitiruvchisiga aylandi va muayyan IT-mutaxassisliklar asosini o‘rgangan holda o‘z o‘quv jarayonlarini muvaffaqiyatli yakunladilar.

    Yangi o‘quv yilidan boshlab «One Million Uzbek Coders» o‘quv dasturi Respublikadagi maktab va universitetlarda o‘rgatila boshlanadi. 250 mingdan kam bo‘lmagan maktab o‘quvchilari va talabalar 2020-2021 o‘quv yilida ushbu platformada ta’lim oladilar.

    Ta’lim haqida gapirar ekanmiz, aytish lozimki, O‘zbekiston bo‘ylab 32 ta IT-markaz ochildi va ularda 7200 o‘quvchi ta’lim oldi. Shuningdek, IT-markazlarda 80 dan ziyod ish o‘rni va 116 ta onlayn videodars yaratildi. 2021 yilga kelib yurtimizning har bir tuman markazida IT-markazlar ochiladi va unda IT dunyosining eng kerakli va dolzarb IT-yo‘nalishlari o‘qitiladi.

    Qolaversa, bugungi kunda IT-park qoshidagi IT-markaz va IT-akademiyalarda har bir xohlovchi yurtimiz uchun hattoki begona bo‘lgan kibersport va mobil robototexnikani o‘z ichiga olgan 10 dan ortiq yo‘nalishlarda ta’lim olishlari mumkin.

    2020 yilning 24 iyul kuni O‘zbekistondagi ilk IT-park ochilganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan «IT Park Rewind» onlayn marafoni o‘tkazildi.
    Onlayn marafonda o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan muhim loyihalar muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, asosiy maqsad – sifatli kadrlar tayyorlash, bu yo‘lda intiluvchan yoshlar uchun barcha infrastruktura va ta’lim imkoniyatlarini yaratish, shu orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning 3-yo‘nalishi doirasida, aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishni ko‘zda tutuvchi, har bir hududda IT-park filiallarini, har bir tuman markazida esa IT-markazlarni tashkil etishdir.

    Shu kunlarda esa IT-park tomonidan amalga oshirilayotgan yana bir muhim loyihaga start berildi. Ya’ni, mobil robototexnika bo‘yicha milliy terma jamoa shakllantirilishi jarayonlari boshlandi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshchiligida maktab o‘quvchilari uchun muhandislik loyihalashtirish va robototexnika bo‘yicha “Future Skills Uzbekistan” IT-olimpiadasi ham tashkil qilindi. Mazkur musobaqa g‘oliblari kelgusidagi muvaffaqiyatlariga motivatsiya bo‘luvchi katta pul yutuqlari egasiga aylanishlari mumkin.

    Yaqin orada IT-markazlar 2021-yilda Shanxayda bo‘lib o‘tadigan xalqaro tanlovga robototexnika bo‘yicha milliy terma jamoani tayyorlashni rejalashtirmoqda.

     

    Manba: Axborot xizmati