Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Dasturlash va robotexnika maktab o‘quv dasturlariga kiritiladi
    15.07.2020

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 iyul kuni yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

    Yig‘ilishda davlatimiz rahbari yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlashda muammolarini hal etish muhimligini ta’kidladi, bu borada alohida e’tibor qaratish zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni, jumladan maktab bitiruvchilarini o‘qish va ishga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

    Shu tariqa maktabdanoq dolzarb va yuqori talab bo‘lgan kasblarga o‘qitish tizimi joriy etilishi masalasi ko‘tarildi. Buning uchun 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning kasblar kesimida qiziqishi aniqlanadi. 8-9-sinf boshlab o‘quvchilari dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni egallaydi. 10-sinfdan esa robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori kasblarga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.

    Yig‘ilishda ko‘tarilgan yana bir muhim masalalaridan biri —mehnat bozoridagi bugungi talab va ehtiyojlarini, yoshlarning ularga tayyorligini o‘rganish. Bu borada Prezidentimiz iqtisodiyot tarmoqlarini malakali kadrlar bilan ta’minlash masalasiga alohida urg‘u berdi.

    Ta’kidlash kerakki, IT-mutaxassislarni tayyorlash maqsadida bugungi kunda respublikada maxsus onlayn portal orqali (uzbekcoders.uz) aholining keng qatlamlarini dolzarb IT-mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy bepul o‘qitishga yo‘naltirilgan “Bir million dasturchi” («One Million Uzbek Coders») yirik loyihasi amalga oshirilmoqda.

    Mazkur loyihaga yoshlarni keng jalb qilish maqsadida Prezidentimiz tomonidan joriy yil 8 iyun kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvida joriy yil yakuniga qadar 100 mingta va 2021 yilning birinchi yarmida yana 150 mingta o‘quvchini o‘qitish vazifasi belgilandi. 5-sinfdan o‘qitib kelinayotgan “Informatika” faniga “Bir million dasturchi” loyihasiga doir yo‘nalishlarini kiritish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgandi.

    Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan ko‘tarilgan masalalar iqtisodiyot tarmoqlari, xususan AKT sohasi uchun malakali kadrlarni tayyorlash vazifasining o‘ta dolzarb va muhim bo‘lganligini yanada yaqqol namoyon etdi.

     

    Manba: Axborot xizmati