11 sentyabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida O‘zbekiston respublikasi Hisob palatasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda “Korrupsiyaga qarshi kurashish – muhim vazifa” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Hisob palatasining mas’ul xodimlari so‘zga chiqib, davlat va jamiyatning rivojiga, xalqning adolatga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavf – korrupsiya xavfining oldini olish va unga qarshi kurashish borasidagi ishlar respublikamizda izchillik bilan amalga oshirilayotganini qayd etdilar.
Ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashishda va uning oldini olish maqsadida fuqarolarda korrupsiyaga murosasizlik madaniyatini shakllantirish, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, qonun ustuvorligini hamda fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatlovchi sud-huquq tizimini, korrupsiyaga qarshi kurash olib boruvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirishni izchil davom ettirish, davlat xizmatchilarini ijtimoiy himoyalash normativ-huquqiy xujjatlarni ishlab chiqish, ularning mehnatiga haq to‘lash tizimini isloh qilish, mansabdor shaxslar o‘rtasida odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash davr talabidir.
Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mehnat jamoasi orasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, jumladan qonunchilik, xizmat intizomi, odob-axloq qoidalari va ichki tartibga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining boshqa vazirlik va idoralar faoliyatidagi yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish yuzasidan 2020-2021 yillarga muljallangan “YO‘L XARITASI” atroflicha muhokama qilindi.
Manba: Axborot xizmati