Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali - aholi uchun qulay onlayn xizmatlar majmuidir
    14.09.2020

    Fuqarolarning davlat organlari bilan aloqasini elektron platforma orqali amalga oshirish, ya’ni davlat o‘z fuqarolari uchun elektron xizmatlar ko‘rsatishi va elektron mahsulotlarni taklif etishi raqamli iqtisodiyotning tarkibiy qismi hisoblanadi. Ana shu maqsadda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (https://my.gov.uz) ishlab turibdi.

    Bugungi kunda ushbu portal orqali 208 ta elektron davlat xizmatlari taqdim etib kelinmoqda. Ular bo‘yicha yil boshidan beri 1,4 millionta ariza kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,1 foizga oshdi. Yil yakuniga qadar umumiy xizmatlar turi 230 tadan oshiriladi.

    Jumladan, ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olish, ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnoma olish xizmatlari joriy qilinishi hamda arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini olish, kadastr pasportini ro‘yxatdan o‘tkazish, ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyasini olish xizmatlarining takomillashtirilishi rejalashtirilgan.

    Sog‘liqni saqlash axborot tizimi doirasida “Elektron poliklinika” axborot tizimi joriy etildi. Poliklinikaga kelgan bemorlarni ro‘yxatga olish, navbatni boshqarish, shifokorlar reyestrini yuritish kabi jarayonlar avtomatlashtirilgan.
    Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimi (dshk.uz) joriy qilinib, republika hududida yuritilayotgan davlat shaharsozlik kadastri to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarni onlayn shaklda olish imkoniyati yaratildi.

    “E-Mehmon” tizimi joriy etilib, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni internet orqali masofadan turib ro‘yxatga olish imkoniyati yaratildi.

    “Karantininfo.uz” tizimi joriy etilib, pandemiya davrida koronavirus bilan infeksiyalangan bemorlarni va aloqada bo‘lgan shaxslarni onlayn qayd etish, vaqtinchalik karantin markazida bo‘lgan shaxslarni elektron ro‘yxatga olish imkoniyati yaratildi.

    Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali 2020 yil avgust oyi uchun ommabop xizmatlar Top-10 taligini e’lon qildi. Unga ko‘ra, avgust oyi davomida:

    - farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini olish uchun - 105,8 mingta ariza;

    - solik to‘lovchining indentifikatsion raqamini aniqlash uchun - 97,9 mingta ariza;

    - fuqarolarning davlat pensiya (nafaqa) haqida ma’lumot olish uchun - 56 mingdan ortiq ariza;

    - tashqi iqtisodiy faoliyatga tegishli kontrakt (shartnoma) ma’lumotlarini Tashki savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritish uchun - 45,6 mingta ariza;

    - O‘zbekiston Respublikasi xududidaga temiryo‘l transport vositasi orqali olib kirilayotgan yuk haqida ma’lumot olish uchun - 44,2 mingta ariza;

    - ko‘chmas mulkning kadastr pasportini shakllantirish uchun – 35,7 mingta ariza;

    - jismoniy shaxslar uchun soliq to‘lovchilarning identifikatsion raqamini olish uchun - 34,7 mingta ariza;

    - ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish uchun - 34 mingdan ortiq ariza;

    - dafn marosimini o‘tkazish uchun nafaqa pulini olish uchun - 32,9 mingta ariza;

    - narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish uchun fuqarolardan 32,4 mingta elektron arizalar kelib tushgan.

    Kun sayin aholining elektron xizmatlardan foydalanishga bo‘lgan talablari ortib bormoqda. Bu esa elektron hukumat tizimining rivojlanishidagi muhim omildir.

     

     

    Manba: Axborot xizmati