Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi jamoasining Mustaqillik bayrami tabrigi
    31.08.2020

    Aziz Vatandoshlar!

    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xalqimizni eng aziz va ulug‘ bayram – Mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etadi.

    O‘tgan qisqa davrda jonajon O‘zbekistonimiz mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli istiqlol yo‘lini bosib o‘tdi va bu yo‘ldan og‘ishmasdan jadal sur’atlar bilan shaxdam qadam tashlab bormoqda.

    Bugun bir haqiqatni katta g‘urur va iftixor bilan aytishga to‘la asosimiz bor: mard va matonatli xalqimiz qanchalik qiyin va og‘ir sinovlarga duch kelmasin, o‘zining mustahkam irodasini namoyon etib, o‘zi tanlagan mustaqillik yo‘liga doimo sodiq bo‘lib kelmoqda.

    O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ymoqda. Mamlakatimizni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarini, qonun ustuvorligini ta’minlash asosida O‘zbekistonning yangi, demokratik qiyofasi yaratilmoqda. Bu borada Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor g‘oya biz uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

    Davlatimiz, el-yurtimizning salohiyati va kuch-qudratiga tayanib, tabiiy boyliklarimizdan oqilona foydalanib, biz o‘z oldimizga qo‘ygan ana shunday maqsadlar sari izchil qadam qo‘ymoqdamiz.

    Mustaqillikni mustahkamlash, nafaqat ozod va obod, balki rivojlangan, dunyoning yetakchi davlatlari bilan har tomonlama raqobatlasha oladigan davlat bunyod etish yo‘lida barcha sohalar kabi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi vakillari ham o‘zlarining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Zero, bugun hayotimizni zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

    Aziz hamyurtlar!

    Biz, albatta, o‘z maqsadlarimizga yetamiz – kelajagi buyuk O‘zbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz!

    Barchangizga sihat-salomatlik, yangi-yangi yutuqlar, oilaviy xotirjamlik yor bo‘lsin, farzandlar, nabiralarning baxtu kamolini ko‘rish nasib etishini tilab, O‘zbekiston davlat mustaqilligining yigirma to‘qqiz yillik bayrami bilan yana bir bor chin dildan samimiy tabriklaymiz!

    Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, jonajon O‘zbekistonimiz omon bo‘lsin!

    Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

     

    Manba: Axborot xizmati