Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “UNICON.UZ” joriy yilda qanday ishlarni amalga oshirdi?
    25.08.2020

    Joriy yil birinchi yarim yakunlari bo‘yicha “UNICON.UZ” Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi davlat unitar korxonasi tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirildi.

    Ilmiy-ishlab chiqarish faoliyati “UNICON.UZ” DUKning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanib, ushbu sohada qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2020 yilning I yarim yilligi davomida 4 ta normativ hujjatlarni ishlab chiqish ishlari yakunlandi.

    Ta’kidlash kerakki, Markaz tomonidan o‘ta dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar izchil amalga oshirilmoqda, jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish usullarni va imkoniyatlarini o‘rganish, axborot xavfsizligi masalalarini hal qilish, ochiq kalitlar masalasi bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish. Shuningdek, yurtimizda mobil aloqa beshinchi avlodining rivojlanish istiqbollari, 5G mobil aloqa tarmoqlariga qo‘yiladigan texnik talablar, 5G ni samarali joriy qilish uslublari borasida ilmiy tadqiqot ishlari ham olib borildi. Yana ko‘plab yo‘nalish va mavzularda ilmiy tadqiqot ishlari davom etmoqda.

    “UNICON.UZ” DUKning ikkinchi va yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri — axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, joriy qilish va modernizatsiyalash. Bu borada Markaz o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan axborot texnologiyalarini xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga sotadi.

    Hozirgi paytda “UNICON.UZ” davlat idoralari bilan tuzgan shartnomalar asosida qator dolzarb va muhim loyihalarda ishtirok etmoqda, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi apparatida, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarida «E-xat» himoyalangan elektron pochta tizimini o‘rnatish, «ijro.gov.uz» Yagona tizimini keyingi joriy qilish ishlari amalga oshirish.

    Bundan tashqari, kelgusidagi Prezident saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida «Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi (SJB AT)» loyihasi doirasida yangi loyiha tayyorlandi hamda O‘zR Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi uchun «Geomakon axborotini ta’minlash yagona avtomatlashtirilgan tizimini yaratish» va «Geofond» ma’lumotlarni qayta ishlash markazi» loyihalarini amalga oshirish uchun texnik topshiriqlar ishlab chiqildi.

    AKT sohasida yagona standart va tamoyillarni ishlab chiqish “UNICON.UZ” DUKning yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri. Masalan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni faoliyatining yagonaligini ta’minlash doirasida halqaro standart va normativ hujjatlar asosida davlat standartlarini ishlab chiqishni tashkil qilish va ko‘maklashish amalga oshirilmoqda.

    Elektron va qog‘oz ko‘rinishda tarmoq normativ hujjatlar ma’lumot-axborot fondini muntazam shakllantirish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, elektron «Normativ hujjatlar ma’lumotlar banki» avtomatlashtirilgan tizimi yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida NHMB ATga 12 ta normativ hujjat va 2 ta atamashunoslik lug‘ati kiritildi.

    Hozirda “UNICON.UZ” DUK qoshida faoliyat ko‘rsatadigan Atamashunoslik va lug‘atlar xizmati tomonidan aloqa va axborotlashtirish sohasidagi mutaxassislar, ilmiy-texnik xodimlar, o‘qituvchilar, aspirantlar, talabalar, shuningdek xorijiy adabiyot bilan ishlaydigan tarjimonlar keng doirasi uchun mo‘ljallangan atamashunoslik lug‘atlari ishlab chiqilmoqda.

    AKT sohasidagi kadastr munosabatlari ham tartibga qo‘yildi. Markazda Aloqa ob’ektlarining davlat kadastri xizmati tashkil qilingan va joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida dasturiy modullar, kartografiya ma’lumotlari va xizmat ma’lumotlar bazasining rezerv nusxasi yaratildi.

    Foydalaniladigan axborot-kommunikatsiya uskunasining muvofiqligini davlat tomonidan tartibga solinishi va lozim darajada nazorat qilish siyosatini amalga oshirish doirasida “UNICON.UZ” DUK qoshida Telekommunikatsiya texnik vositalarini sertifikatlashtirish organi va Sertifikatatlashtirish sinov markazi faoliyat yuritadi.

    Ishlab chiqariladigan va O‘zbekiston Respublikasi hududiga yetkazib beriladigan eng yangi telekommunikatsiya texnik vositalarining telekommunikatsiya texnik vositalarini sertifikatlashtirish organi tomonidan sinovlari o‘tkazildi, bu sinovlar natijasida O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini belgilangan normalarga mos kelmaydigan uskunani qo‘llashdan himoya qilinishi ta’minlangan. Umuman olganda, 2020 yilning 1 yarim yilligida Telekommunikatsiya texnik vositalarini sertifikatlashtirish organi tomonidan 556 ta muvofiqlik sertifikatlari berildi.

    Bundan tashqari, “UNICON.UZ” DUK soha ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun mo‘ljallangan loyiha-smeta hujjatlarini ekspertiza qilish xizmatlarini ham ko‘rsatadi. 2020 yilning 1 yarim yilligi davomida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasi ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 1 110 ta loyiha-smeta hujjatlarini ekspertiza qilish ishlari o‘tkazildi.

    “UNICON.UZ” DUK xalqaro faoliyatni amalga oshirish doirasida xorijiy kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilmoqda.
    Koreyaning Milliy geoaxborot instituti (NGII) bilan birgalikda o‘qitish va seminarlarni tashkil qilish, O‘zbekistonda koreys mablag‘larini jalb qilgan holda fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasini rivojlantirish va «Eurasia SDI» fazoviy ma’lumotlar bo‘yicha xalqaro Yevrosiyo forumini o‘tkazish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

    Koreyaning “HANCOM” kompaniyasi bilan O‘zbekiston sharoitlariga moslashtirilgan va axborot xavfsizligi talablariga javob beradigan dasturiy ta’minotni ishlab chiqish sohasida birgalikdagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyati, shuningdek qo‘shni davlatlarda ilgari surish istiqboli bilan O‘zbekistonda milliy ofis dasturiy ta’minotini yaratish loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

    “UNICON.UZ” DUK tashkil etilganidan buyon axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda va ushbu vazifalarni hal qilish uchun yetarli potensialga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining yetakchi ilmiy-texnik tashkilotlaridan biriga aylandi. Bugungi kunga qadar axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida yuzaga keladigan murakkab ilmiy-texnik muammolar “UNICON.UZ” DUK olimlari va mutaxassislarining bevosita ishtirokida hal qilinib kelinmoqda.

     

    Manba: Axborot xizmati