eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • 17-may - "Butunjahon Telekommunikatsiya va Axborotlashgan jamiyat kuni" tarixi
    18.05.2020

             17 may dunyo miqyosida "Butunjahon Telekommunikatsiya va Axborotlashgan jamiyat kuni" (World Telecommunication and Information Society Day) sifatida keng nishonlanadi.
             Xalqaro Elektraloqa Ittifoqi (XEI)tashkil topganligi va 1865 yil Parijda Xalqaro telegraf Konvensiyasi imzolangani munosabati bilan 1969 yildan boshlab 17 may "Butunjahon elektraloqa kuni" sifatida har yili katta tantana sifatida nishonlanib kelinadi. Ushbu kunni nishonlash 1973 yilda Malaga-Torremolinos shahrida bo‘lib o‘tgan XEI Muxtor konferensiyasida belgilangan.
             2006 yilning 27 martida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan ko‘rsatma asosida 17 may "Butunjahon Telekommunikatsiya va Axborotlashgan jamiyat kuni" sifatida nishonlab kelinmoqda. Bu kun — AKT tizimining barcha vakillari, axborot xavfsizligidan tortib pochta aloqasigacha, dasturchilar, tizim administratorlari, internet-provayderlar, veb-dizaynerlar, internet-nashrlari va ularning muharrirlari uchun kasbiy bayram hisoblanadi.
             Bu kunni har yili turli mavzu va shiorlar bilan nishonlash an’ana tusiga kirgan. Misol uchun, "Xalqaro kibernetika xavfsiziligini ta’minlashda hamkorlik qilish", "Imkoniyati cheklanganlar bilan aloqani ta’minlash", "AKTda xotin-qizlar" va boshqalar. 2019 yil ushbu sana «Sun’iy intellektdan ijobiy natija uchun foydalanish» shiori ostida o‘tkazilgandi.

             Bu yil “Butunjahon Telekommunikatsiya va Axborotlashgan jamiyat kuni " “2030 yilga bog‘lanish: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun AKTdan foydalanish" shiori ostida o‘tkazilishi belgilangan.
    Chunki, axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish va uni barcha sohalarga keng joriy qilish masalasiga ulkan imkoniyat va taraqqiyot istiqboli sifatida qaralmoqda.

    Xalqaro Elektraloqa Ittifoqi COVID-19 pandemiyasi sharoitida “Butunjahon Telekommunikatsiya va Axborotlashgan jamiyat kuni”ni nishonlashga alohida e’tibor bilan yondoshishga harakat qilmoqda. Ya’ni, barcha tadbirlarni virtual tarzda nishonlash bo‘yicha ko‘rsatmalar e’lon qilingan. Ta’kidlash lozimki, axborot kommunikatsiya texnologiyalarining muhimligini bugungi pandemiya sharoiti ham yana bir bor isbotladi. Ta’lim, davlat xizmatlari, davlat boshqaruvi tizimi, savdo va xizmat ko‘rsatishning hammasi raqamli iqtisodiyot bilan bog‘liqligi yaqqol ko‘rinib qoldi. Butun dunyo bo‘ylab yillar davomida masofadan ko‘rsatilmagan xizmatlar sanoqli kunlarda onlayn shaklga o‘tkazildi.Ekspertlarning fikricha, kelgusi 3 yilda iqtisodiyotni raqamlashtirish orqali dunyodagi 22 foiz ish o‘rinlari internet texnologiyalari yordamida yaratiladi. Jahon banki hisobotiga ko‘ra, keng polosali internet tarmog‘ini 10 foiz kengaytirish evaziga yalpi ichki mahsulotni kamida 1 foiz o‘stirish mumkin.

    Shu o‘rinda, Axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yurtimizda amalga oshirilgan ishlarga qisqacha bir bir nazar solsak.
             Raqamli iqtisodiyotining izchil rivojlanishining birinchi va eng muhim omili — zamonaviy AKT-infratuzilmani yaratishdir. Bu bo‘yicha O‘zbekistonda bir qator yirik loyihalar amalga oshirildi.
    O‘tgan davr “Optik tolali aloqa liniyalarini qurish” loyihasi doirasida respublika bo‘yicha 16,0 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 36,6 ming km. ga yetkazildi.1 million port montaj qilindi. Shundan kelib chiqib optik tolali liniyalarining umumiy uzunligi 36,6 ming kilometrgacha yetkazildi.
    Internet tarmog‘iga keng polosali simli ulanishni kengaytirish loyihasi doirasida operator va provayderlar tomonidan 1 mln. port montaj qilindi va keng polosali tarmoqqa ulanish portlarining umumiy soni 2 mln.dan ortdi.
             Bu esa, o‘z navbatida, Internet tezligini keskin oshirishiga omil bo‘ldi. «Ookla» kompaniyasining Speedtest.net servisi internet tezligi bo‘yicha 2020 yil mart oyi natijalariga ko‘ra yangi ma’lumotlarni e’lon qildi va ushbu Speedtest Global Index reytingida O‘zbekiston keskin o‘sishni namoyon etdi.
    Internet tezligi bo‘yicha reytingda O‘zbekiston hozirgi kunda 95-pog‘onani egallab turibdi (176 ta davlat qatorida) va bir oyda 7 pog‘onaga, bir yil ichida esa 36 pog‘onaga ko‘tarilishi kuzatildi.

    Umuman, oxirgi yil natijalariga ko‘ra O‘zbekiston simli internet tezligi 2,5 barobarga o‘sdi. Shu bilan birga telekommunikatsiya xizmatlari uchun tarif narxlari arzonlashmoqda. 2019 yil davomida provayder va operatorlar uchun tashqi kanalga ulanish tariflari narxi 1 Mbit/s. uchun 85 ming so‘mdan 75 ming so‘mgacha (17 foizga) arzonlashtirilgandi. 2020 yilning 1 yanvaridan operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s uchun 56,0 ming so‘mni tashkil etdi. E’tiborli jihati shundaki, bozor iqtisodiyoti talablariga ko‘ra, tizimli ravishda internet xizmatlari narxlari kamaytirilib borilmoqda.

    Joriy yil mart oyida “O‘zbektelekom” AK tomonidan yirik xorijiy IT-kompaniyalarining server uskunalari va ko‘plab xizmatlari mahalliylashtirildi. Bu butun O‘zbekiston uchun muhim bir voqeadir. Yirik internet xizmatlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida mahalliylashtirish Internet foydalanuvchilari ushbu xizmatlar tomonidan taqdim etiladigan audio va video kontentlarni, dasturiy ta’minot va boshqa kontentlarni yuklab olish tezligini oshirishga yordam beradi.
             O‘zbekiston hududida xizmatlarning mahalliylashtirilishi xalqaro Internet kanalini sezilarli darajada yengillashtirishi ham muhim omillardan biridir. Bu O‘zbekistonning barcha operatorlari va provayderlariga abonentlar uchun yanada arzon va tezkor takliflarni taqdim etish imkonini beradi.
             Mobil aloqa sohani rivojlantirishda ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur davr mobaynida 6 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyasi o‘rnatildi, va respublika aholi maskanlarini mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 foizga va mobil internet tarmog‘iga keng polosali ulanish qamrovi darajasi 70 foizga yetkazildi.

    Aytish joizki, shu kunga qadar asosan telefon xizmatlarini ko‘rsatuvchi 2G mobil tarmoqlarni kengaytirish amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda tarmoqning qamrovini oshirish bo‘yicha barcha loyihalar 3G/4G tarmoqlarini kengaytirishga yo‘naltirilmoqda. Xususan shu yilning o‘zida 2200 3G/4G baza stansiyalarini o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

    2019 yil sentyabrdan boshlab bir vaqtda ikkita mahalliy mobil operatorlar — UZMOBILE va UCELL 5G texnologiyani test sinovidan o‘tkazishni boshladi.

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining izchil rivojlanishining muhim omillaridan biri ham bozor ishtirokchilarga munosib sharoitlarni yaratib berish.
    Shu maqsadda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park) barpo etildi. Ayni paytda to‘rt ming nafar mutaxassis faoliyat yuritayotgan 350 mahalliy tashkilotlar IT-parkning rezidentlari hisoblanadi.
    Mazkur IT-parkda zarur infratuzilma, shu jumladan, zamonaviy laboratoriyalar, kovorking markaz hamda ofis maydonlari taqdim etilgan. Texnopark rezidentlarga moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi. Yana bir muhum jihat shundaki, rezidentlar uchun moliyaviy imtiyozlar ham berilgan: ular 2028 yilning 1 yanvariga qadar barcha soliqlar va davlatning maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan, shuningdek bir martalik ijtimoiy to‘lovlardan ozod qilingan.

    Bunday muvaffaqiyatli tajriba respublikaning boshqa hududlarida ham texnoparklarni ochishga turtki bo‘ldi. 2020-2024 yillarda respublikaning 14 hududida, birinchi navbatda, Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida, shu jumladan Toshkent shahrida al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab qoshida IT-parklar tashkil qilinadi.
    AKT bozorini rivojlantirishda va IT-ekotizimini shakllantirishda bozor professional ishtirokchilari o‘rtasida keng muloqot olib borishga va IT-startaplarga o‘z salohiyatini amalga tatbiq etishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar muhim o‘rin tutadi.
             2019 yil may oyida Toshkent shahrida AKT sohasiga oid katta tadbir o‘tkazildi — Internetni boshqarish bo‘yicha IV Markaziy Osiyo forumi bo‘lib o‘tdi. Forumning asosiy mavzusi Markaziy Osiyo imkoniyatlarini kengaytirishda Internetni rivojlantirishga bag‘ishlangan edi. Forum doirasida ishchi guruhlar Markazi Osiyo davlatlari uchun siyosiy tavsiyalar ishlab chiqishdi va taqdim etishdi.
             2019 yil sentyabr oxirlarida esa an’anaviy ravishda «ICTWEEK Uzbekistan 2019» Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi bo‘lib o‘tdi. “ICTEXPO-2019” ko‘rgazmalarida yetakchi mahalliy va xorijiy kompaniyalar AKT sohasidagi zamonaviy texnologiyalar va yechimlarni namoyish etishdi. Hafta doirasida forumlar, taqdimotlar, konferensiyalar hamda B2B formatidagi uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi.

    Hafta doirasida respublikamizda keng aholi qatlamini masofaviy maxsus onlayn-portal orqali IT-yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlashga yo‘naltirilgan “Bir million o‘zbek dasturchi” («One Million Uzbek Coders») nomli yirik loyihaga start berildi. Birinchi bosqichda loyiha global mehnat bozorida eng dolzarb bo‘lgan to‘rtta yo‘nalishlarni qamrab oldi: ma’lumotlarni tahlil qilish (Data Analytics), Android platformasida ishlanmalar yaratish, FrontEnd (frontend) va FullStack (FullStak). Umumiy kurs 120 soatga mo‘ljallangan.

    AKT haftaligi doirasida O‘zbekistonda ilk marotaba davlat xizmatlaridan foydalanish uchun eng yaxshi va samarali mobil ilovasini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan «mGovAward» respublika ko‘rik-tanlovining boshlanishi e’lon qilindi. Tanlovning mukofot jamg‘armasi 100 ming dollarni tashkil etadi.
             2019 yil iyun oyida TATUda “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar” yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda talaba va magistrlar, yosh olimlar dasturiy va texnologik, jami 200 ga yaqin ishlanmalarini taqdim etishdi. E’tiborlisi, ular shunchaki loyiha emas — tayyor, amaliyotda qo‘llash boshlab yuborilgan ishlanmalar hisoblanib, bir qanchasi hozir soha-korxonalarda hamda jamiyatning boshqa sohalarida tadbiq etilayotgan loyihalardir.
             Qizlar orasida IT-yo‘nalishlarini keng ommalashtirish va va ularni axborot texnologiyalari sohasiga jalb etishga yo‘naltirilgan 2019 yilning mart oyi boshida DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan ta’lim dasturi o‘tkazildi. Tadbirda yuzga yaqin har xil yoshdagi qizlar ishtirok etishdi.

    So‘ngi ikki yilda amalga oshirilgan ishlar tahliliga nazar soladigan bo‘lsak, mamlakatimizda zamonaviy elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlarining aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro hamkorligining yangi mexanizmlarini joriy etish yuzasidan izchil ishlar olib borildi.
             Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan kontaktsiz aloqa shakllarini yanada rivojlantirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishlab chiqildi (https://my.gov.uz). Bugungi kunda Yagona portal orqali 176 tadan ortiq elektron davlat xizmati taqdim etilmoqda, ushbu xizmatlardan foydalanish uchun 15,1 mln. tadan ortiq ariza-buyurtma kelib tushgan, bu davlat organlari bilan o‘zaro aloqada aholining vaqt va moliyaviy xarajatlarini kamaytirishga yordam berdi.

    Tadbirkorlarning, shu jumladan, chet el investorlari murojaatlari bilan ishlashni tashkil etish sifati va tezkorligini oshirish, ular bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlash, ularning qonuniy talablarini amaliy va samarali ro‘yobga chiqarish va muammoli masalalarini hal etish maqsadida Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish virtual qabulxonasi “business.gov.uz” portali ishga tushirildi.

    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ko‘rib chiqish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda kelishish uchun, shu jumladan bir vaqtning o‘zida keng jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasini o‘tkazish va tezkor jo‘natish uchun vaqtni va mehnat resurslarini sezilarli darajada tejash maqsadida yagona elektron tizimi “project.gov.uz” joriy etildi.

    Hukumat organlari va aholi o‘rtasida samarali qayta muloqot tizimi o‘rnatilishi eng yorqin misollaridan biri 2018 yil aprel oyida ishga tushgan «Mening fikrim» Jamoaviy murojaatlar portali deb ko‘rsatish ham mumkin. Hozirgi kunda mazkur veb-portalga 3,6 mingdan ortiq murojaatnomalar kelib tushdi, 25,2 mingdan ortiq taklif va izohlar chop etildi. Portalning faoliyatini yaxshilash maqsadida 2020 yil 1 iyulga qadar portala «Mening fikrim» veb-portalining mobil ilovasini ishga tushirishi nazarda tutilgan.
    O‘zbekistonning eng katta boyligi — aholisining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etuvchi yoshlardir. Shuning uchun ham davlatimizning siyosatida yoshlarmizning jamiyatdagi nufuzini oshirish muhim o‘rin tutadi, ularning yangi-yangi mutaxassisliklar va kasblarni egallashiga katta e’tibor qaratilmoqda.
    Hammaga ma’lumki, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash eng samarali yo‘li — ularni bolalik paytidan boshlab o‘rgatishdir. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi qaroriga muvofiq Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilgan.

             2019 yil dekabr oyida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKT yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan maktabning zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Ayni paytda matematika va xorijiy tillardan muvaffaqiyatli imtihon topshirgan maktabda 680 nafar bola 5-11 sinflarda ta’lim olmoqda.
             Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ta’lim sohasida ham katta ijobiy o‘zgarishlar ruy berdi. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab universitet zamonaviy ta’limning kredit tizimiga o‘tkazildi, va hozirgi kunda bu tizimda 9 609 nafar talaba ta’lim olmoqda. Universitet tuzilmasida O‘zbek-Belarus qo‘shma fakulteti ham tashkil etildi.
    2019 yil oktyabr oyida universitetda Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkilotining (JICA) 1,6 million dollar miqdoridagi texnik granti hisobiga zamonaviy o‘quv media markazi ochildi. Media markazda videokontentni tasvirga olish va ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

    Mazkur davr mobaynida xalqaro aloqalarni rivojlantirhish yo‘lida Toshkent shahridagi Inha Universiteti ham samarali ish olib bordi. 2019 yil mart oyida Toshkentdagi Inha universitetida O‘zbekistonda biznes tahlilchilarni tayyorlash birinchi “ASPEX BI SChOOL” maktabi ochildi.

    Yoshlar o‘rtasida IT-asoslarini keng o‘qitish, ularning ushbu yo‘nalishda ta’lim olishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Vazirlik tomonidan “Besh tashabbus” dasturi doirasida aholi va yoshlarning kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishlarini tashkil qilish uchinchi yo‘nalishida jiddiy ishlar amalga oshirildi.
    Shu maqsadda respublika bo‘ylab aholi va yoshlar uchun 25 ta raqamli texnologiya o‘quv markazlari tashkil qilingan. Ularning 22 tasi 2019 yilda, 3 ta joriy yilda o‘z faoliyatini boshladi (Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani, Xorazm viloyati Yangibozor va Gurlan tumanlarida). 2020 yilning oxirigacha ularning sonini 80 taga yetkazish mo‘ljallangan.

    Kelgusida o‘quv markazlaridan tashqari “Ishga marhamat” monomarkazlarida va “Yoshlar texnopark”larida yoshlarga raqamli texnologiyalarni o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslari ham tashkil etiladi.
    Oxirgi ikki yil ichida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan keng ko‘lamli va kompleks ishlar olib borilgan.

       Shu bilan birga bugungi kunda Vazirlik oldida Prezident Shavkat Mirziyoyev parlament Murojaatnomasida aks ettirilgan muhim vazifalar turibdi.
    Eng asosiy va bosh vazifa “Raqamli O‘zbekiston-2030” o‘z ichiga barcha soha va tarmoqlarni qamrab olgan va O‘zbekiston iqtisodiyotini to‘liq va kompleks ijobiy o‘zgarishiga va raqobatbardoshlikni oshirishga yo‘naltirilgan yirik loyihani amalga oshirish.
             Yana bir muhim vazifalaridan biri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qarorini amalga oshirishdir. Qarorga asosan tasdiqlangan “Raqamli Toshkent” kompleks dasturi ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, kommunal sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jalb qilingan holda O‘zbekiston poytaxtining qiyofasini to‘liq ijobiy o‘zgartirishi maqsad deb qo‘yilgan.
             “Raqamli Toshkent” konsepsiyasi “Havfsiz shahar” yirik loyihasi bilan bevosita bog‘liq. Mazkur loyihani 2019-2023 yillarda bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida joriy etilishi belgilangan. Birinchi bosqichda 2019-2020 yillarda Toshkent shahrida loyihasining yagona texnologik platformasini yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
             2020 yil 28 aprelda “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida raqamli iqtisodiyot bilan shug‘ullanadigan yaxlit tizim yaratildi. Jumladan, “Elektron hukumat”, iqtisodiyot tarmoqlari va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, IT parklarni tashkil etish va boshqarish kabi vazifalar to‘liq vazirlik vakolatiga o‘tdi. Shu bilan birga, qarorda yangi loyihalarning moliyaviy manbalari ham aniq ko‘rsatilgan. “Elektron hukumat” doirasida 1,3 trillion so‘mlik 104 ta loyiha, iqtisodiyotning real sektorida 5,3 trillion so‘mlik 87 ta loyiha, telekommunikatsiyalar borasida 15,1 trillion so‘mlik 35 ta, agrar sohada 24 ta, IT parklar bo‘yicha 18 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

           Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga davlat idoralari ma’lumotlar bazasini tasniflab, ularni idoralararo integratsion platformaga ulash, elektron hamkorlikning yagona texnologik talablarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi. 2023-yilga kelib raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2 baravarga va ushbu sohadagi xizmatlar hajmini 3 baravarga oshirish va ularning eksportini 100 million dollarga yetkazishi nazarda tutilgan.

     Shu bilan birga 2020-2022 yillarda elektron hukumat, telekommunikatsiyalar va dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yanada rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida hamda qishloq va suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha jami 268 ta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
             Pandemiya ta’sirini inobatga olib, eng zarur bo‘lgan davlat xizmatlarini tezkor ravishda elektron shaklga o‘tkazish ustida ish olib borilmoqda.Toshkent shahrida elektron tibbiyot kartasi, elektron shifoxona hamda shoshilinch tibbiy yordam tizimlarini joriy etish, ijtimoiy nafaqalar hisobini yuritishga mo‘ljallangan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ni joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan.
             O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sadiqov tomonidan "Butunjahon Telekommunikatsiya va Axborotlashgan jamiyat kuni" bayrami munosabati bilan XEI rahbariyati va ushbu nufuzli tashkilotga a’zo davlatlar aloqa sohasi ma’muriyati vakillariga tabriknomalar yuborildi. Bugungi bo‘lib o‘tadigan yirik virtual forum maxsus saytiga O‘zbekistonda AKT sohasi taraqqiyoti bilan bog‘liq roliklar tayyorlanib, joylashtirilgan.
             Ma’lumki, BMT tomonidan 2030 yilgacha sayyoramizdagi barcha insonlarni tinchlik va hamkorlik yo‘lida birlashtirishga qaratilgan Barqaror rivojlanishning 17 ta muhim maqsadlari dasturi ishlab chiqilgan. Bu dasturning hayotga izchil tadbiq etilishi bevosita AKT texnologiyalari taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq. XEI tashkiloti BMTning ushbu dasturini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi va bu yo‘nalishdagi ishlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi.

    Bu yilgi sana munosabati bilan XEIda Barqaror maqsadlarga erishish uchun Harakatlar o‘n yilligiga bag‘ishlangan Jahon miqyosida AKT rolini kuchaytirish uchun mamlakatlar, kompaniyalar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi va boshqa ishtirokchilarning hamkorligi rivoji va bu yo‘ldagi harakatlarni kuchaytirishning ahamiyati masalalariga bag‘ishlangan yirik virtual forum bo‘lib o‘tadi.
             2020 yil 17-may, yakshanba, dam olish kuniga to‘g‘ri kelganligi munosabati bilan XEI virtual forumi bugun 18-may, dushanba kuni bo‘lib o‘tadi.

    Manba: Axborot xizmati