Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Nafaqat mahorat, balki jasorat ham talab qiladigan kasb!
    07.05.2020

     

    Bu biz har kuni uzog‘imizni yaqin, mushkulimizni yengil qilishda ishlatadigan telefon aloqasi, har kuni zavqlanib, yig‘lab, kulib ko‘radigan televizor yoki maroq bilan eshitadigan radiokanallarning sifatli, soz ishlashini, ayni paytda butun dunyoda juda ham ommalashib ketgan, lekin biz ko‘pincha tezligi past deb noliydigan internet aloqasining uzluksiz ishlashini ta’minlaydigan soha ekanligini alohida takidlamoqchiman.

    Bugun kundalik hayotimizda yuz, hatto ming marta ishlatiladigan “internet”, “televizor”, “kompyuter”, “printer”, “klaviatura”, “monitor”, “abonent”, “rouming”, “pochta”, “virtual”, “operator”, “lokal” kabi so‘zlar ayni damda aytish joiz bo‘lsa, qon-qonimizga singib ketmoqda. Yoshi kattalarku mayli, o‘sib kelayotgan yosh avlod ana shu so‘zlar ishtirokidagi muloqotlar qurshovida voyaga yetayotganligi hech kimga sir emas.

    Juda qiziq soha. Bu soha vakillari bir qarasangiz, tog‘da, bir qarasangiz, qiru adirga chiqqan, bir qarasangiz, har xil simlar tortilgan ustunlarga tirmashgan, yana bir qarasangiz, cho‘lu biyobonning o‘rtasiga o‘rnatilgan signal uzatish va qabul qilish stansiyalarida nimalardir qilayotgan bo‘ladi. Ayniqsa, poytaxtimizning yuragida qad rostlagan “Toshkent” teleminorasining eng yuqori qismiga chiqish va u yerga har xil uskunalarni o‘rnatishni o‘ylashning o‘ziyoq inson yuragini hapqirtirib yuboradi. Ha, endi yerdan 375 metr balandlikka chiqib, birgina po‘lat arqonga bog‘langan holda ishlash nafaqat mahorat, balki jasorat ham talab qiladi-da...

    Hozirgi kunda mazkur soha vakillariga ish har doimgidan ham ko‘paygan. Chunki 2020 yil “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Raqamli degan so‘zning o‘ziyoq soha xodimlari oldiga juda ulkan mas’uliyatni qo‘yadi. Bir so‘z bilan aytganda sohaga jamiyat hayotining barcha jahbalarini, xususan iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot yo‘nalishlarini, oliy va o‘rta maxsus ta’lim, tibbiyot, maktabgacha ta’lim muassasalarini, umumta’lim maktablarini, shahar va tuman markazlaridan tashqari har bir qishloq va mahallalarni internet aloqasi bilan ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Bundan tashqari raqamli televideniye, radio faoliyatini, telekommunikatsiyani, elektron hukumatni yanada rivojlantirish, axborot xavfsizligini, masofaviy ta’limni ta’minlash va boshqa-boshqa vazifalar ham bor.

    Aloqachi axborot uzatish tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Mazkur kasbning zamonaviy ko‘rinishi bundan taxminan bir yarim asrlar avval, ya’ni telefon ixtiro qilingandan keyin paydo bo‘lgan. Eng asosiysi, Aloqachi telefon va internet aloqasini, avtomatik telefon stansiyalarini dasturlashni juda yaxshi tushunishi zarur. Bir yoki bir nechta tashkilot o‘rtasidagi aloqani o‘rantishga to‘g‘ri keladi.

    7 may – bu yuz minglab aloqachilar, radiotexnik mutaxassislar, radio va televideniye kanallarining texnik xodimlari, pochta xizmatchilari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgan oliy, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, maktablar o‘qituvchi va talabalarining bayramidir.

    Ushbu bayramning kelib chiqishi mashhur rus fizigi va kashfiyotchisi A.Popovning faoliyati bilan bog‘liq bo‘ldi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, 1895 yilning 7 may kuni Rus fizika-kimyo jamiyatining Sankt-Peterburg universitetidagi majlisida A.Popov radiosignallarni hech qanday qo‘shimcha qurilma va simlarsiz uzatadigan hamda qabul qila oladigan birinchi radiotizim taqdimotini o‘tkazgan.

    Bu kashfiyot axborot signallari almashinuvini amalga oshirish uchun ishonchli texnologiya edi va hozirda ham u aloqa va kommunikatsiyani ta’minlash yo‘lidagi eng kerakli vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

    Mazkur sana bayram sifatida ilk bor 1925 yilda nishonlangan bo‘lsa, 1945 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda nishonlanib kelinmoqda.

    Bugungi koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan oqibatlarni bartaraf etish, uning tarqalishining oldini olish, umuman olganda ushbu kasallikka qarshi kurash kechayotgan bir davrda ham Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriligi kirib bormagan jamiyat hayotidagi jabha qolmaganligini, hozirda soha oldiga juda ulkan vazifalar qo‘yilayotgani, bu vazifalar esa har bir xodim, u xoh rahbar bo‘ladimi, xoh oddiy mutaxassis bo‘ladimi, zimmasiga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklanayotganini ham alohida ta’kidlashimiz mumkin.

    Yurtimizdagi barcha xonadonlarga, aytish joiz bo‘lsa, ko‘ngillargacha kirib borgan aloqachi hamkasblarimizni 7 may – Aloqachilar kuni bilan samimiy qutlayman.

    Bugungi raqamli texnologiyalar o‘ta shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda doim bor va omon bo‘lishsin! Ular borki, insonning og‘irini yengil qilayotgan internet aloqasi bor, ular borki, sevimli ko‘rsatuv va eshttirishlarimiz efirga uzatiladigan teleradiokanallar o‘z dasturlarini uzatadi, ular borki, eng sog‘ingan insonimizning ovozini eshitishga imkon beradigan telefonlar ishlaydi. Bu ro‘yxatni ancha davom ettirsa bo‘ladi, xullas, siz borki....

    Bayram muborak!

     

    Nurulla Abdullayev,

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini

    rivojlantirish vaziri maslahatchisi

    Manba: Axborot xizmati