O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin tartibi vaqtida fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha bir qator savollar va murojaatlar kelib tushmoqda. Bularning ichida eng ko‘p savollar va murojaatlar mobil aloqa operatorlarining internet xizmatlari talabga javob bermasligiga qaratilgan. Ana shu dolzarb savollarga AOKAda tashkil etilgan brifinglarda batafsil javob berilmoqda.
Aytish mumkinki, keyingi ikki yil ichida sohada tizimli ishlar amalga oshirildi. Avvalo, Vazirlik ishchi guruhi respublikamizning har bir hududida bo‘lib, joylardagi haqiqiy ahvol bilan tanishdi, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni belgilab davlat darajasidagi dasturlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, ushbu vazifalarning ijrosi doimiy nazoratga olingan. Bunda asosiy e’tibor muammmolarni izchillik bilan hal etishga qaratilgan.
Xususan, so‘ngi ikki yilda amalga oshirilgan ishlar tahliliga nazar soladigan bo‘lsak, mamlakatimizda zamonaviy elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlarining aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro hamkorligining yangi mexanizmlarini joriy etish yuzasidan izchil ishlar olib borildi.
Endi shu masalalarga bir nazar solsak, hozirgi kunda mamlakatimizda jami 5 ta mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi hamda 30 dan ortiq simli tarmoqlar orqali telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi operator va provayderlar faoliyat olib bormoqda. Barcha operator va provayderlar o‘z xizmatlarini boshqa operator va provayderlar bilan hamjihatlikda, turli texnologik yechimlar asosida ko‘rsatib kelmoqda.
Mobil aloqa tarmoqlari abonentlari soni 24 mln.ni tashkil etsa, shundan 19 mln. abonent internet foydalanuvchilari hisoblanadi. Simli tarmoqlar orqali internet xizmatlaridan foydalanuvchilari soni 3 mln.tani tashkil etmoqda.
Xalqaro internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 110 Gbit/s.dan 1 200 Gbit/s.gacha (10 barobardan ko‘proq) kengaytirildi. Telekommunikatsiya operator va provayderlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va ko‘lami oshirilishiga, asosan onlayn xizmatlarga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.
2020 yilning 1 yanvaridan operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s uchun 56,0 ming so‘mni tashkil etdi. E’tiborli jihati shundaki, bozor iqtisodiyoti talablariga ko‘ra, tizimli ravishda internet xizmatlari narxlari kamaytirilib borilmoqda.
Internet provayderlariga respublikaning turli hududlaridan tarmoqqa ulanish yagona tartibda va bir xil narxlarda tashkil etildi.
Respublika bo‘yicha 237 ta ob’ektda magistral telekommunikatsiya tarmoqlari kengaytirilib, telekommunikatsiya uskunalari modernizatsiya qilindi. Natijada magistral telekommunikatsiya tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyatlararo darajada 200 Gbit/s.ga, tumanlararo darajada esa 40 Gbit/s.ga yetkazildi.
Shuningdek, “Optik tolali aloqa liniyalarini qurish” loyihasi doirasida respublika bo‘yicha 16,0 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 36,6 ming km. ga yetkazildi.
Internet tarmog‘iga keng polosali simli ulanishni kengaytirish loyihasi doirasida operator va provayderlar tomonidan 1 mln. port montaj qilindi va keng polosali tarmoqqa ulanish portlarining umumiy soni 2 mln.dan ortdi.
Mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 6 000 dan ortiq mobil aloqa baza stansiyasi o‘rnatilib, ularning umumiy soni 26 mingtadan ortdi va respublika aholi maskanlarini mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 foizga va mobil internet tarmog‘iga keng polosali ulanish qamrovi darajasi 70 foizga yetkazildi.
Qishloq hududlarida mobil aloqa baza stansiyalarning texnik imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish maqsadida elektromagnit nurlanish normalari qayta ko‘rib chiqildi va baza stansiyalar quvvatlari oshirildi.
2019 yil davomida telekommunikatsiya tarmoqlari qamrovi umuman mavjud bo‘lmagan aholi yashash maskanlari soni deyarli ikki barobarga kamaytirildi.
Aytish joizki, shu kunga qadar asosan telefon xizmatlarini ko‘rsatuvchi 2G mobil tarmoqlarni kengaytirish amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda tarmoqning qamrovini oshirish bo‘yicha barcha loyihalar 3G/4G tarmoqlarini kengaytirishga yo‘naltirilmoqda. Xususan shu yilning o‘zida 2200 dan ortiq 3G/4G baza stansiyalari o‘rnatilib ishga tushiriladi.
Shu yerda bir ma’lumot aytib o‘tish mumkin, «Ookla» kompaniyasining Speedtest.net servisi internet tezligi bo‘yicha 2020 yil mart oyi natijalariga ko‘ra yangi ma’lumotlarni e’lon qildi va ushbu Speedtest Global Index reytingida O‘zbekiston yana 7 pog‘onaga ko‘tarildi.
Internet tezligi bo‘yicha reytingda O‘zbekiston hozirgi kunda 95-pog‘onani egallab turibdi (176 ta davlat qatorida) va bir oyda 7 pog‘onaga, bir yil ichida esa 36 pog‘onaga ko‘tarilishi kuzatildi.
Umuman, oxirgi yil natijalariga ko‘ra O‘zbekistonda simli internet tezligi 2,5 barobarga o‘sdi – 11,62 Mbit/s.dan (2019 yil mart holatiga) 26,92 Mbit/s.gacha (2020 yil mart holatiga).
Endi bevosita karantin tartibi vaqtida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda telekommunikatsiya operator va provayderlari tomonidan koronavirus epidemiyasi tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tsak.
Bugungi kunda mobil aloqa operatorlari tomonidan 302 tadan ortiq baza stansiyalar internet xizmatlarini ko‘rsatish uchun modernizatsiya qilindi.
Hozirgi kunda aholi, ayniqsa talabalar uylarida o‘tirgani aholi yashash mavzelarida va qishloq hududlarida tarmoqqa yuklamaning keskin ortishiga olib kelmoqda. Natijada, ayrim joylarda mobil internet tezligi kamayishi kuzatilmoqda.
Ushbu holatda tarmoqlardagi yuklamalar doimiy nazoratga olinib, tarmoqning ishonchli ishlashini ta’minlash uchun zarur texnik va tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.
Respublikamizda koronavirus (COVID-19) bo‘yicha karantin tartibi e’lon qilingan vaqtdan boshlab barcha telekommunikatsiya operatorlari umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari uydan bemalol fanlarni o‘zlashtirish uchun ta’lim manbalarining veb-saytlarga bepul kirishni ta’minlab bermoqda.
Fuqarolarimizni oxirgi yangiliklardan xabardor qilish maqsadida telekommunikatsiya operatorlari abonentlariga eng ko‘p o‘qiladigan bir qator axborot-tahlili portallarining manbalaridan bepul foydalanish imkoni yaratildi.
Jamoatchilikni koronavirus (COVID-19) to‘g‘risida xabardor qilish va tarqalishining oldini olish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida xabar beruvchi http://coronavirus.uz/uz rasmiy veb-saytiga kirish ham bepul qilindi.
O‘zbekistonda koronavirus masalasida ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish uchun 16 martdan Toshkentda fuqarolarimizdan koronavirus infeksiyasi yuzasidan tug‘ilgan savollariga o‘z vaqtida javob olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi Sall-markazining qisqa “1003” yagona raqami 24 soat davomida ishlab turibdi.
Yordamga muxtoj aholiga zarur ko‘mak ko‘rsatishni tashkillashtirish uchun qisqa “1197” yagona raqami ishga tushirildi.
Mazkur raqamlarga fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan qo‘ng‘iroqlar barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda bepul amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, karantin tartibi vaqtida barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda o‘z abonentlariga qulaylik yaratish maqsadida yangi tariflarni va yangi xizmatlarni joriy qildi. Masalan, "O‘zbektelekom" kompaniyasi internet-to‘lovlarni amalga oshirishda yangi va qulay tizimni joriy etdi. Xususan, milliy operator GSM standarti tarmog‘i abonentlari uchun 2020 yil 1 apreldan oddiy 10 tarif rejasiga BEPUL ULANIShNI taklif qilgan holda, maxsus “BAHORIY TAKLIF” AKSIYasini taqdim etdi.
UCELL™ kompaniyasi yangi xizmatni — o‘z abonentlarni masofaviy ravishda mobil aloqaga ulash xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu xizmatlar 1 apreldan boshlab "Mobil o‘tkazma" va "Internet o‘tkazma" xizmatlari narxi 0 ga teng bo‘ldi, ya’ni siz o‘z yaqinlaringizning mobil hisobiga pul va internet-trafikni o‘tkazishingiz mumkin.
Ta’lim muassasalari o‘qituvchilariga yuqori darajada qulayliklar yaratish maqsadida, "O‘zbektelekom" AK joriy yil 10 apreldan boshlab maxsus “Talim” tarif rejasini joriy qildi. Ushbu “Talim” tarif rejasi bir oylik abonent to‘lovi 29900 so‘m bo‘lib, 1000 daqiqa limit, 4 ming megabayt limit va 200 SMS taqdim etiladi.
“Ta’lim” tarif rejasiga ulanish yoki unga o‘tish uchun Xalq ta’limi vazirligi tizimi xodimi pasport, guvohnoma (asl nusxa) yoki abonent ushbu tizim xodimi ekanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak. Ushbu tarif rejaga jismoniy shaxslar ulanishi mumkin.
Beeline kompaniyasi shu kunlarda tibbiyot xodimlariga, maxsus "Shifokor" tarif rejasi doirasida yangi bonuslarni taqdim etmoqda. Jumladan, tibbiyot xodimlari 2020 yilning 10 mayigacha 5 ming daqiqa va 5 ming megabaytdan bepul foydalanishlari mumkin.
Karantin davrida foydalanuvchilar tomonidan internet trafikdan foydalanish hajmi sezilarli darajada ortayotgan holatda tarmoqning ishonchli ishlashini ta’minlash uchun zarur texnik va tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, keyingi 2 yilda jami 12 mingta ijtimoiy soha ob’ektlari, ya’ni sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim muassalari va umumta’lim maktablarining yuqori tezlikdagi internetga ulanishi ta’minlanadi. Shu yilning o‘zida optik tolali aloqa liniyalari qurish orqali jami sog‘liqni saqlash muassasalarining 95 foizi, umumta’lim maktablarning 86 foizi hamda barcha maktabgacha ta’lim muassasalarini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanishi ta’minlanadi.
Manba: Axborot xizmati