Yaponiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda «Taraqqiyotga rasmiy yordam» dasturi doirasida jurnalistlar uchun press-tur o‘tkazildi.
OAV vakillari ushbu vakolatxona yordamida ochilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida mamlakatimizdagi OTMlar orasida yagona bo‘lgan, umumiy qiymati 1,6 mln. AQSh dollarini tashkil etuvchi o‘quv media-markazi bilan tanishdi.
Loyiha doirasida oliygoh media-markaziga TV dasturlarni tasvirga olish tizimi, TV yoritkich qurilmalari, virtual studiya, TV yangiliklarni yaratish qurilmalari, videomontaj tizimi, raqamli fotostudiya qurilmalari, audio yozish tizimi, media pavilonni boshqarish qurilmalari o‘rnatilgan.
O‘quv media-markaziga tashkil etilgan press-turda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA), TATU rektori To‘lqin Teshaboyev universitet professor-o‘qituvchilari, OAV vakillari hamda talabalar ishtirok etishdi.
Manba: Axborot xizmati