Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Vazirlik qoshida AKT ni rivojlantirish jamoatchilik kengashi tuzildi
    08.05.2018

    Joriy yilning 7 mayida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev raisligida Vazirlik qoshida 2018 yilning 4 mayida tuzilgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashining I yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

    Jamoatchilik kengashining bosh maqsadlari Vazirlik oldida turgan eng muhim vazifalarni belgilash va amalga oshirishda shaffoflik hamda samaradorlikni ta’minlash, shuningdek aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatish orqali Vazirlik faoliyatiga nisbatan jamoatchilikning ishonchini oshirishdan iborat.

    Shu bilan birga, Jamoatchilik kengashi Vazirlik hamda boshqa davlat organlari tashabbusi bilan shakllantirilayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning muhokamalarida ishtirok etishi, davlat xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan takliflar ishlab chiqishi, sohani rivojlantirish hamda O‘zbekiston Respublikasida yangi texnologiyalarni tatbiq qilish bo‘yicha xorijlik ekspert hamda IT-kompaniyalarni jalb qilish chorlarini ko‘radi.

    21 nafar a’zodan iborat Kengash tarkibiga AKT sohasi konsultantlari, mobil aloqa, elektron to‘lov tizimlari, dasturiy ta’minot ishlab chiqarish va boshqa soha vakillari kiritilgan.

    Dastlabki yig‘ilishida ko‘pchilik ovoz bilan Paynet hamda LEBAZAR.UZ loyihalari asoschisi, tadbirkor B.Arifjanov Jamoatchilik kengashining raisi etib saylandi. Shuningdek, «SAP» kompaniyasining (O‘zbekiston) rivojlantirish bo‘yicha direktori L.Adhamova Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari, Vazirlikning Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish Bosh boshqarmasi boshlig‘i S.Mirahmedov Kengashning mas’ul kotibi etib saylandi.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashining I yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq tasdiqlangan yo‘l xaritasida ko‘zda tutilgan 2018-2020 yillarda elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar rejasi muhokama qilindi. Kengash a’zolarining taklif va fikr-mulohazalari asosida vazifalar belgilab olindi.

    Manba: Axborot xizmati