Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Vazirlikda Vebsters Universiteti (AQSh) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
    06.12.2017

    6 dekabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Webster Universiteti vitse-prezidenti Piter Maxer boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga tashrif buyurgan universitet delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya a’zolari tarkibida, shuningdek, mazkur universitetning Biznes va texnologiya maktabi dekani Simmon Kummings hamda Ta’lim muassasalari bo‘yicha dekani Brenda Fayflar ham tashrif buyurishdi.

    Delegatsiyaning tashrifidan ko‘zlangan maqsad — Toshkent shahrida Webster universitetining filialini tashkil qilish bilan bog‘liq texnik, huquqiy hamda iqtisodiy masalalarni yaqindan muhokama qilishdan iborat. Shu bilan birga, muzokaralar mobaynida yangi universitetning yurtimizdagi faoliyatini yangi o‘quv yili — 2018 yilning sentyabridan boshlab yo‘lga qo‘yish yuzasidan ko‘rilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.

    Eslatib o‘tamiz, Webster universitetining Toshkent shahrida filialini ochish to‘g‘risida bitim Nyu-Yorkda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi yakunlari bo‘yicha imzolangan edi. Bu AQSh oliy o‘quv yurtining MDH mamlakatlaridagi birinchi to‘laqonli filiali bo‘ladi. 

    Webster universitetining Toshkent shahridagi filialida o‘zbekistonlik talabalar axborot texnologiyalari, axborot xavfsizligi va boshqa yo‘nalishlarda bakalavrlik darajasini olishlari mumkin bo‘ladi. 

    Shu munosabat bilan, tomonlar axborot texnologiyalari sohasi uchun xalqaro talablarga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladigan ta’lim tizimini joriy qilish bo‘yicha ikkitomonlama hamkorlik tadbirlarini belgilab oldilar.

    1915 yilda asos solingan Webster Universiteti AQSh ning Missuri shtatidagi Sent-Luis shahrida joylashgan. Webster xususiy nodavlat universitet bo‘lib, unda tahsil oluvchi talabalar soni bugunda 17 000 tani tashkil qiladi. Shuningdek, mazkur ta’lim maskani Yevropa, Osiyo va Afrika mintaqalarida ham bo‘linmalariga ega.

    Manba: Axborot xizmati