Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Raqamli texnologiyalarning joriy etilishi taraqqiyot poydevori
    27.05.2020

    Jahon iqtisodiyoti global pandemiya sharoitida tarmoqlarning o‘zgarishi, bu jarayonning raqamlashuvi, mobillashuvi, barcha sohalarga sun’iy intelektning joriy etilishi bilan bog‘liq muhim davrni boshdan kechirmoqda. BMT tomonidan keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilga kelib, dunyo bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning qariyb chorak qismi raqamli texnologiyalarga bog‘liq bo‘lib qolishi prognoz qilinayotgan hozirgi sharoitda, bu yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish eng to‘g‘ri strategik yo‘nalish hisoblanadi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan parlamentga yo‘llangan Murojaatnomada ta’kidlanganidek, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish O‘zbekiston uchun kelgusi yillarda eng dolzarb va ustuvor yo‘nalishlardan biri. Yurtimizda 2020 yil “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilingani ham bejiz emas. 2020 yilda AKT sohasida bir qator yirik loyihalar amalga oshiriladi.

    2020 yil 28 aprelda “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida raqamli iqtisodiyot bilan shug‘ullanadigan yaxlit tizim yaratildi. Jumladan, “Elektron hukumat”, iqtisodiyot tarmoqlari va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, IT parklarni tashkil etish va boshqarish kabi vazifalar to‘liq vazirlik vakolatiga o‘tdi. Shu bilan birga, qarorda yangi loyihalarning moliyaviy manbalari ham aniq ko‘rsatilgan. “Elektron hukumat” doirasida 1,3 trillion so‘mlik 104 ta loyiha, iqtisodiyotning real sektorida 5,3 trillion so‘mlik 87 ta loyiha, telekommunikatsiyalar borasida 15,1 trillion so‘mlik 35 ta, agrar sohada 24 ta, IT parklar bo‘yicha 18 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga davlat idoralari ma’lumotlar bazasini tasniflab, ularni idoralararo integratsion platformaga ulash, elektron hamkorlikning yagona texnologik talablarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.


    Raqamli iqtisodiyotining muhim tayanchi — zamonaviy AKT-infratuzilma


    Bu bo‘yicha O‘zbekistonda bir qator yirik loyihalar amalga oshirildi.

    O‘tgan davr “Optik tolali aloqa liniyalarini qurish” loyihasi doirasida respublika bo‘yicha 16,0 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 36,6 ming km. ga yetkazildi. Internet tarmog‘iga keng polosali simli ulanishni kengaytirish loyihasi doirasida operator va provayderlar tomonidan 1 mln. port montaj qilindi va keng polosali tarmoqqa ulanish portlarining umumiy soni 2 mln.dan ortdi.

    Umuman, oxirgi yil natijalariga ko‘ra O‘zbekiston simli internet tezligi 2,5 barobarga o‘sdi.

    Shu bilan birga telekommunikatsiya xizmatlari uchun tarif narxlari arzonlashmoqda. 2019 yil davomida provayder va operatorlar uchun tashqi kanalga ulanish tariflari narxi 1 Mbit/s. uchun 85 ming so‘mdan 75 ming so‘mgacha (17 foizga) arzonlashtirilgandi. 2020 yilning 1 yanvaridan operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s. uchun 56,0 ming so‘mni tashkil etdi. E’tiborli jihati shundaki, bozor iqtisodiyoti talablariga ko‘ra, tizimli ravishda internet xizmatlari narxlari kamaytirilib borilmoqda.

    Joriy yil mart oyida “O‘zbektelekom” AK tomonidan yirik xorijiy IT-kompaniyalarining server uskunalari va ko‘plab xizmatlari mahalliylashtirildi. Bu butun O‘zbekiston uchun muhim bir voqeadir. Yirik internet xizmatlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida mahalliylashtirish Internet foydalanuvchilari ushbu xizmatlar tomonidan taqdim etiladigan audio va video kontentlarni, dasturiy ta’minot va boshqa kontentlarni yuklab olish tezligini oshirishga yordam beradi.

    AKT sohasi serqirra va keng ko‘lamliligi bilan ajralib turadi.

    Fikrimizni Andijon viloyati misolida davom ettiramiz.

     

    “Digital City”- zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar markazi


    Yaqindagina 5,6 gektar maydonda qurib bitkazilgan, 4 kavatli 3,5 ming kv.m. ni tashkil etadigan ushbu majmua axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Hozirgi kunda bu yerga tumanlardan 328 nafar mutaxassis jalb etilgan.

    Texnoparkda mahalliy yoshlar, tadbirkorlar, yangi hunar o‘rganish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun keng qulayliklar yaratilgan. Jumladan, kovorking markazi, data-sentr, konferens-zal, kutubxona, innovatsion laboratoriya va o‘quv xonalari, biznes-inkubator, mediamarkaz, kibersport xonasi tashkil etilgan.

    Texnopark 50 dan ortiq yangi axborot texnologiyalari sohasida xizmat ko‘rsatadigan korxonalarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan. Mazkur texnoparkda korxonalarga o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun zarur infratuzilma, hamda ofis maydonlari taqdim etilib, ularga moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi.

    Bu yerda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish hamda viloyatdagi 7447 ta fermer xo‘jaliklarining 181 ming gektarda joylashgan ekinlar holatini sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari yordamida monitoring qilish orqali yer egalariga tegishli hulosalar beriladi.

    Texnopark rezidentlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yiladi. Texnopark rezidentlari tomonidan viloyatdagi Andijon davlat universiteti, Qishloq xo‘jalik instituti hamda Mashinasozlik instituti talabalari uchun turli xil amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriya darslari o‘tkaziladi.

    Ma’lumot uchun:

    Ushbu tadbirlarni amalga oshirish natijasida 2022 yil yakuniga qadar quyidagi ko‘rsatkichlarga erishishga ko‘zda tutilgan:

    1000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi hamda 120 ta masofadan IT-xizmatlarini ko‘rsatuvchi frilanserlar paydo bo‘ladi;

    • raqamli texnologiyalar va dasturlash asoslari bo‘yicha 40 mingdan ortiq talaba va yoshlar o‘qitiladi;

    50 ta IT-yo‘nalishida moliya texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, elektron tijorat, mashinasozlik sohalariga yo‘naltirilgan startap-loyihalar amalga oshiriladi;

    500 dan ortiq yoshlar bilan dasturlash, robototexnika, 3D arxitektura, kibersport yo‘nalishida amaliyot o‘tiladi;

    1,5 mingdan ortiq davlat tashkilotlari hodimlari axborot texnologiyalari sohasida malakalarini oshiradi.

    IT-sohasida dasturiy mahsulot ishlab chiquvchi korxonalar tomonidan:

    Andijon viloyatining qishloq va suv xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bank hamda boshqa sohalarda raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali hamda Hindiston (STPI), Belarus (PVT), Rossiya (Skolkovo) davlatlarining texnoparklari hamda AQShdagi IT-Park vakolatxonasi bilan yaqin hamkorlik o‘rnatgan holda 2022 yilda umumiy xizmatlar xajmi 50 milliard so‘mga yetkaziladi.

    Ta’kidlash lozimki, axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish maqsadida ishlab chiqilgan Digital City loyihasi mohiyatiga ko‘ra, Toshkentdagi IT-parkdan so‘ng tashkil etilgan ikkinchi, viloyatlar miqyosida esa birinchidir.


    Vazir xalqqa qancha yaqin bo‘lsa, joylarda shuncha natija bo‘ladi


    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati va tumanlari hokimlari, iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazib, shunday degan edi:

    – Statistlar bergan raqamlar bilan shu paytgacha to‘g‘ri yo‘nalish qilib bo‘lmadi, xalqimiz manfaat ko‘rmadi. Takliflar tumanlardan, odamlarning o‘zidan chiqishi kerak. Vazirlar, rahbarlar kabinetda emas, hududlarda, uzoq qishloqlarda ishlashi zarur. Shunday og‘ir sharoitda fidoyi bo‘lmagan rahbar – xiyonatchi. Shu xalq uchun oylik olib yuribsizlar.

    Darhaqiqat, Prezident ta’kidlaganidek, davlat idorasi vakili xalqqa qancha yaqin bo‘lsa, joylarda shuncha natija bo‘ladi, adolat mezoni ta’minlanadi.

    O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi vazirlik ishchi guruhi tomonidan hududlardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish, sohadagi muammoli masalalarni joyida hal etish, xodimlar bilan ochiq muloqot qilish bo‘yicha amaliy ishlar ikki yildan buyon tizimli yo‘lga qo‘yilgan.

    AKT vaziri rahbarligidagi ishchi guruh Andijon viloyatidagi soha korxona, tashkilot va muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

    E’tiborlisi, tizimli yo‘lga qo‘yilgan bu o‘rganishlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Birinchidan, jonli muloqot o‘tkazilib, muammoli masalalarning ayrimlari joyida hal etilyapti. Qolaversa, sohadagi har bir korxona sifatli xizmat ko‘rsatish orqali daromadni oshirish, kelgusi rejalarni shunga moslab tuzish harakatiga tushishgan.

    Ishchi guruh viloyatdagi pochta, telekommunikatsiya va boshqa korxonalarda bo‘ldi. Jumladan, «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» DUKning Andijon radiotelevideniye uzatish markazi faoliyati o‘rganildi.

    Bu yerda ishlashning o‘zi bo‘lmaydi, – dedi Vazir. – shuning uchun barcha sharoitlar muhayyo bo‘lishi kerak. Jazirma issiq va qahraton sovuqda faoliyat olib borasizlar. Bunga har kim ham chiday olmaydi. Texnikalar ham murrakab tuzilishga ega, ham o‘ta nozik. Aloqachidan o‘ta kuchli mas’uliyat va tajriba talab qilinadi.

     

    Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari soni 16 taga yetkaziladi

    Andijon viloyatida “5 ta muhim tashabbus”ning 3-doirasida aholi, shu jumladan yoshlar uchun kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni o‘rgatishga mo‘ljallangan hamda zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan Andijon “Digital city” texnoparki tashkil etildi.

    Ta‘kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida doimiy ravishda ish olib bormoqda.

    Hususan, Andion viloyatida joriy yil yakuniga qadar 6 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi, 2021 yil yakuniga qadar barcha shahar va tumanlarda jami 16 ta IT-Markazlar ochilishi rejalashtirilgan hamda yiliga 5 mingdan ziyod yoshlarni o‘qitish va axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi o‘qituvchilarning malakasini oshirish imkoniyati yaratiladi.

    2020 yil yakuniga qadar viloyatdagi 764 o‘rta umumta‘lim maktablardagi 19,2 ming nafar 7-11 sinf o‘quvchilarini “Bir million dasturchilar” (“One Million Uzbek Coders”) loyihasi doirasida o‘qitish va o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga onlayn tizim (sirtqi) o‘qishga qabul qilish belgilangan.

    Shuningdek, o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Andijon “Digital City” texnopark rezidentlari bilan turli xil amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriya darslari o‘tkaziladi, qo‘shma loyihalar, frilans hamda startap loyihalarini amalga oshirishi rejalashtirilgan.

    Usbu tadbirlarni amalga oshirish natijasida 2022 yil yakuniga qadar Andijon viloyati bo‘yicha AKTga istisoslashgan 4 mingdan ziyod malakali mutaxassislar va yangi ish joylari yaratiladi.

    Ma’lumot uchun: Andijon viloyatida jami 3,1 million aholi mavjud. Shundan 8-30 gacha bo‘lgan yoshlar 1,2 million (39 foiz) tashkil etadi. Hozirda viloyat bo‘ylab 764 maktablarda axborot texnologiyalari yo‘nalishida 1 228 nafar o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda va maktablarda tashkil etilgan 711 ta to‘garaklarda 48,5 ming tinglovchi o‘qitildi.

     

    Telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish - taraqqiyotning muhim omili

    Mamlakatimizda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili davlat dasturi” doirasida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida, 2020 yil davomida 800 mingta keng polosali Internet portlari yaratiladi, 12 ming km optik tolali aloqa liniyalari yotqiziladi.

    Joriy yil boshidan shu kungacha internet tarmog‘ida keng polosali ulanish tarmoqlarini kengaytirish maqsadida 300 ming sig‘imli keng polosali abonent portli telekommunikatsiya qurilmalari keltirildi va hududlarga taqsimlanib mutaxassislar tomonidan montaj va sozlash ishlari amalga oshirilmoqda.Optik tolali aloqa liniyalarini kengaytirish loyihasi doirasida rejalashtirilgan ob’ektlarga qadar joriy yilda 1 405 km optik tolali aloqa kabellari yotqizildi va ishlar davom etmoqda. Bu orqali ko‘plab olis xududlarda joylashgan qishloqlarda ko‘p tarmoqli telekommunikatsiya xizmatlarini, jumladan Internet xizmatini tashkil etish imkoni ham yaratilmoqda.

    Birgina Andijon viloyatida telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida joriy yil yakuniga qadar 1 000 km optik tolali aloqa liniyasini qurish rejlashtirilgan. Bugungi kunga qadar 550 km optik tolali aloqa liniyalari qurilib, jami uzunligi 2 144 kmga yetkazildi.

    Mavjud ATSlarning umumiy sig‘imi 97 mingta telefon raqamni tashkil etib, 2020 yil davomida 22 mingtaga ortirish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar 11,8 mingta telekommunikatsiya qurilmalari o‘rnatildi.

    Andijon viloyatidagi 764 ta xalq ta’limi, 530 ta maktabgacha ta’lim va 230 ta sog‘liqni saqlash, jami 1 524 ta ijtimoiy ob’ektlarini yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda 772 ta (51%) ob’ektlar, hususan, 402 ta (51%) maktab, 242 ta (46%) maktabgacha ta’lim, 128 ta (47%) sog‘liqni saqlash muassasalarigacha 463 km optik tola aloqa liniyalari qurildi.

    Joriy yil yakuniga qadar barcha maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash ob’ektlari to‘liq internet xizmati bilan ta’minlanadi! Xalq ta’limi tizimiga qarashli 230 ta ob’ekt 2021 yilda to‘liq internet xizmati bilan ta’minlanadi!

    Bugungi kunda viloyatlararo magistral aloqa tarmog‘i 100 Gbit/s. va tumanlararo 10 Gbit/s tezlikda tashkil etadi. Joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha qurilmalar o‘rnatish orqali barcha darajadagi magistral aloqa liniyalarining o‘tkazuvchanlik imkoniyatlari 4 barobar kengaytiriladi. Viloyatdagi mobil aloqa operatorlarining 1 731 ta baza stansiyalari o‘rnatilgan bo‘lib, 2 mln.dan ortiq foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatilmoqda.

    Bugungi kunda viloyat aholi punktlarida mobil aloqa qamrovi 99,6 foiz va mobil internet qamrovi 75 foizni tashkil etmoqda. Yil yakuniga qadar 1 164 ta baza stansiyalarida optimizatsiya va modernizatsiya ishlarini amalga oshirish hamda 134 ta qo‘shimcha baza stansiyalarni o‘rnatish orqali mobil aloqa qamrovi 99,8 foizga va mobil internet qamrovi 85 foizga yetkaziladi.

    Bularning bari viloyat aholisini sifatli aloqa bilan ta’minlash bilan birga, masofaviy davlat xizmatlari, tadbirkorlik sohasining bevosita rivojlanishiga turtki beradi.

     

    Sun’iy intellekt” texnologiyasi – qishloq xo‘jaligida

    Raqamli texnologiyalar eng katta yutug‘i — tashkiliy, moliyaviy va inson xarajatlarni tejash orqali iqtisodiy samaradorligini keskin ravishda oshirishga imkoniyat yaratishidir

    Andijon texnoparkida qishloq xo‘jaligi yerlarni sun’iy intellekt yordamida boshqarish bo‘yicha innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda.

    Ushbu tajriba(pilot) loyiha qishloq xo‘jaligi yerlari va ularda yetishtiriladigan ekinlar xolatini sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish orqali tezkor va aniq baholash imkonini beradi.

    Ushbu loyihaning maqsadi “sun’iy intellekt” texnologiyalarini yordamida Andijon viloyati sharoiti uchun moslashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining xolatini (sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili natijasida aniqlash orqali) ob’ektiv baholash hisoblanadi.

    Loyiha doirasida Andijon viloyatining jami 6 ta maydonlari tanlab olinib, vektor formatida “Monterra” onlayn platformasiga joylashtirildi. Shuningdek, yer egalariga uchun sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari yordamida ekinlar holatiga tegishli hulosalar beriladi.


    Ma’lumot uchun:

    1. Andijon viloyatining Buloqboshi tumani – 117 ga, Marxamat tumani – 76,1 ga;

    2. Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumani – 70 ga paxta va 110 ga g‘alla maydonlari;

    3. Samarqand viloyatining G‘alaba tumani – 60 ga, Zarbbuloq tumani – 52 ga;

    4. Buxoro viloyatining Olot tumani – 36 ga, Qorako‘l tumani – 43 ga va boshqa yer maydonlari tahlil qilingan.

    “Monterra” onlayn platformasi orqali qishloq xo‘jaligi yerlarini sun’iy yo‘ldoshlardan foydalangan holda, xaritalarning turli xil murakkabliklarini yaratish uchun yerning muayyan hududlarini tasvirdan o‘tkazadi va ular keyinchalik hosildorlikni tahlil qilish uchun tizimda saqlanadi.

    Bu loyihaning asosiy ustunlik jixatlari quydagilar:

    • qishloq xo‘jaligi sohasida tarixiy tasvirlarni yillar kesimida taxlil qilish;

    • qishloq xo‘jaligi sohasida olingan tasvirlarni ma’lumotlar

    solishtirish;

    • topografik va kadastr xaritalarini yaratish;

    • qishloq xo‘jaligi maydonlarini relefini tahlil qilish;

    • paxta va g‘alla o‘sish jarayonlarini (vegetatsiya) davrida onlayn kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi;

    • yer maydonlarida ekilgan ekinlarning turi va holati haqida

    ma’lumatlarni to‘playdi.

    Mazkur loyihani amalga oshirishda Texnopark qoshida yangi rezident tashkil etiladi va 7 nafar malakali dasturchilardan iborat mutaxassislarni qishloq xo‘jaligi sohasida malakasi oshiriladi.

    Tashkil etilgan korxona tomonidan Andijon viloyatining barcha ekin maydonlarini taxliliy ma’lumotlarni shakillantirib yer egalariga taqdim etadi.

    Bundan tashqari ushbu loyiha doirasida chet el davlatlarining yer maydonlari haqidagi tegishli xulosalarni shakllantirigan holda ushbu xizmatni eksportni amalga oshirish imkoniyatiga ega.

     

    Ustuvor vazifalar

    Oxirgi ikki yil ichida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan keng ko‘lamli va kompleks ishlar olib borilgan. Shu bilan birga bugungi kunda Vazirlik oldida Prezident Shavkat Mirziyoyev parlament Murojaatnomasida aks ettirilgan muhim vazifalar turibdi.

    Eng asosiy va bosh vazifa “Raqamli O‘zbekiston-2030” o‘z ichiga barcha soha va tarmoqlarni qamrab olgan va O‘zbekiston iqtisodiyotini to‘liq va kompleks ijobiy o‘zgarishiga va raqobatbardoshlikni oshirishga yo‘naltirilgan yirik loyihani amalga oshirish.

    Yana bir muhim vazifalaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qarorini amalga oshirishdir. Qarorga asosan tasdiqlangan “Raqamli Toshkent” kompleks dasturi ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, kommunal sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jalb qilingan holda O‘zbekiston poytaxtining qiyofasini to‘liq ijobiy o‘zgartirishi maqsad deb qo‘yilgan.

    “Raqamli Toshkent” konsepsiyasi “Havfsiz shahar” yirik loyihasi bilan bevosita bog‘liq. Mazkur loyihani 2019-2023 yillarda bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida joriy etilishi belgilangan. Birinchi bosqichda 2019-2020 yillarda Toshkent shahrida loyihasining yagona texnologik platformasini yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

    28 aprel kuni qabul qilingan iqtisodiy va ijtimoiy hayotida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha ishlarining mantiqiy davomi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qaroriga ko‘ra, 2023-yilga kelib raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2 baravarga va ushbu sohadagi xizmatlar hajmini 3 baravarga oshirish va ularning eksportini 100 million dollarga yetkazishi nazarda tutilgan.

    Shu bilan birga 2020-2022 yillarda elektron hukumat, telekommunikatsiyalar va dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yanada rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida hamda qishloq va suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha jami 268 ta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

    Mazkur vazifalarni amalga oshirilishi, shubhasiz, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ahamiyatli ta’sir ko‘rsatadi.

    Manba: Axborot xizmati