Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini raqamlashtirish hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirishning joriy holati va istiqbollari
    06.03.2023

    So‘nggi yillarda yurtimizda davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatlarini hamda aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini raqamlashtirish, olis hududlarda mobil aloqa va mobil internet qamrovini kengaytirish, shuningdek mobil infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Shu bilan birga, davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, hujjatlarni qog‘oz shaklidan elektron shakliga to‘liq o‘tkazish hamda ortiqcha ovoragarchiliklarni oldini olish maqsadida davlat organlari faoliyati va ular tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini raqamlashtirishning qamrovini yanada kengaytirish masalasi muhim ahamiyat kasb etadi.

    Joriy yilning 22-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi ham aynan raqamlashtirish ishlarini jadallashtirishga bag‘ishlangan edi. Unda raqamlashtirish yo‘nalishida mavjud kamchiliklar sanab o‘tilib, galdagi vazifalar belgilab berildi.

    Raqamlashtirish sohasida davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan kuchli ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni qo‘llab-quvvatlash hamda mazkur yo‘nalishida qabul qilingan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini o‘rnatish maqsadida 2023-yilning 3-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan eshituv o‘tkazildi.

    Tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligining davlat organlari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini hamda davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, aholini sifatli optik tolali internet bilan ta’minlash hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasida amalga oshirayotgan ishlari muhokama qilindi.

    Qayd etilganidek, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2022-yilda Yagona portalda joriy etilgan davlat xizmatlari soni 370 taga yetkazilgan va 2023-yilda yana qo‘shimcha 200 ta elektron xizmatlar joriy qilinishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, “Elektron hukumat”ning asosiy prinsiplaridan biri elektron xizmatlarni “bir darcha” tamoili asosida, ya’ni elektron hamkorlik asosida ko‘rsatishi belgilangan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda fuqarolardan 70 dan ortiq hujjat hamda ma’lumotnomalarni talab qilish amaliyoti bekor qilindi. 38 turdagi xizmatlardan foydalanishda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talabi bekor qilindi.

    Qolaversa, aholini sifatli optik tolali internet bilan ta’minlash doirasida Xalqaro Internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 2,6 barobar oshirilib, 3 200 Gbit/s.ga yetkazilgan. Respublika bo‘ylab magistral telekommunikatsiya tarmoqlari o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyatlararo darajada 600 Gbit/s.ga, tumanlararo darajada esa 60 Gbit/s.ga yetkazilgan. Natijada respublikada internet tezligini oshirishga, operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarifning 2021 yil boshiga nisbatan 25 foizga arzonlashtirishga erishilgan.

    Tadbirda ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiyalari a’zolari raqamlashtirish yo‘nalishida erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda ayrim muammo va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tishdi.

    Xususan, hozirda vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizi raqamlashgan. Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan Ichki ishlar idoralarida 34 ta, Adliya idoralarida 32 ta, “O‘zstandart”da 29 ta, sog‘liqni saqlashda 11 ta xizmat raqamlashmagan. Ishga yoki o‘qishga kirish, haydovchilik guvohnomasini olishda kerak bo‘ladigan “086-shakl”dagi tibbiy ma’lumotnomani olish uchun odamlar har safar poliklinikalarga murojaat qilishga majbur.

    Yana bir holat. Yerlarni xususiylashtirish uchun murojaat onlayn beriladi. Lekin kommunal sohadagi ma’lumotlar raqamlashmagani bois, keyingi bosqichlar baribir “qo‘lda” bajarilmoqda. Yoki yiliga 300 mingdan ortiq fuqarolarimiz yangi avtomobil sotib olishadi. Ammo ro‘yxatdan o‘tish va davlat raqami olish uchun haligacha yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga borishga majbur bo‘lishmoqda.

    Bundan tashqari aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari portallari va (yoki) turli xil ilovalar ularning interfeysidan tortib to alohida operatsiyalarni amalga oshirish tizimlarigacha juda murakkab ishlab chiqilgan. Bu esa o‘z navbatida aholiga yaratilgan imkoniyatlardan samarasiz foydalanishiga olib keladi. Deputatlar shuningdek elektron xizmatlarda qulayliklarni yaratish bo‘yicha xususiy sektor nisbatan oldinlab borayotganini ham qayd etishdi.

    Eshituv davomida deputatlar tomonidan shu va shunga o‘xshash kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator taklifar ilgari surildi.Insonlarni ortiqcha ovoragarchilikdan holos qilish maqsadida davlat xizmatlari maydonlarida “Yagona darcha” tizimini to‘liq ishlashini ta’minlash, raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qonuniy asoslarini takomillashtirish, qonun hujjatlarida vakolatli davlat organi deb belgilangan vazirlikning huquq va majburiyatlaridan kelib chiqib elektron davlat xizmatlarini taqdim etish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyatini to‘liq raqamlashtirishning ahamiyatini ijrochilarga yetkazish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbar xodimlari uchun amaliy seminarlarni tashkil etish hamda aholi uchun raqamli xizmatlardan foydalanishning sodda usullaridan foydalanish va yo‘riqnomalarni keng targ‘ib qilish kabilar shular jumlasidandir.

    Qizg‘in bahs munozaralarga boy bo‘lgan eshituvda kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

    Manba: Axborot xizmati