Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri «Huawei»ning Shenchjendagi ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi
    29.08.2019

    Xitoyda tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov bugun, 29-avgust kuni «Huawei»ning Shenchjendagi ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar markazi (R&D)da bo‘ldi.

    Delegatsiya vakillari uchun R&D markazidagi 3300 kvadrat metr maydonni egallaydigan ko‘rgazma majmuasida korporativ mijozlar, sanoat vakillari, ekotizim bo‘yicha sheriklar va aloqa operatorlarining AKT yechimlari va mahsulotlari namoyish etildi.

    Tashrif davomida Abdulla Aripov dunyoda «Huawei» kompaniyasi rivojlanishining so‘nggi tendensiyalari bilan tanishdi. Kompaniya mutaxassislari Bosh vazirga «xavfsiz», «aqlli» shahar, elektron hukumat, elektron sog‘liqni saqlash kabi davlatning raqamli transformatsiyasi bo‘yicha bulutli xizmatlar va sanoat konsepsiyalari taqdimotini o‘tkazdilar. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalariga ega so‘nggi turkumdagi chipsetlar asosida ishlaydigan iste’mol sigmenti uchun mo‘ljallangan mahsulotlar ham taqdim etildi.

    Tadbir doirasida Bosh vazir «Huawei» kompaniyasi Kuzatuv kengashi raisi Li Sze bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston Respublikasida AKTni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar, shuningdek, iqtisodiy rivojlanishning barcha sohalariga innovatsion yechimlarni joriy etish orqali mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha istiqbolli loyihalarni muhokama qilishdi.

    Kun tartibida O‘zbekistonda AKT infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, «Xavfsiz shahar»ni qurish sohasida, soliq tizimini takomillashtirish bo‘yicha, shoshilinch xizmatlar va tez tibbiy yordamga innovatsion texnologiyalarni joriy etish va yagona tibbiy ma’lumotlar bazalariga integratsiya qilish, davlat idoralari uchun bulutli data markazlarni qurish sohasida hamkorlik o‘rnatish kabi masalalar muhokama qilindi.

    O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining «Huawei» kompaniyasi bosh ofisiga tashrifi yakuniga yetgach, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va «Huawei»  o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.

    Birinchi kelishuv «Xavfsiz shahar» loyihasini O‘zbekiston Respublikasining butun hududida amalga oshirishga, jumladan, Yagona dispetcherlik markazi (112), aqlli xaritalar va yo‘l harakatini intellektual boshqarish, avtomobillarning to‘xtash joylari, jamoat joylarini videokuzatuv bilan qamrab olish va boshqalarga qaratilgan.

    Ikkinchi kelishuv shoshilinch tibbiy xizmat faoliyatiga zamonaviy AKT texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilishga qaratilgan. Shuningdek, UMS (Universal Mobile Systems) mobil aloqa operatori va «Huawei» o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududini to‘liq qamrab olishni ta’minlash maqsadida operatorning texnologik uskunalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.

    Ma’lumot uchun:

    «Huawei» O‘zbekistonda 19 yildan ko‘proq vaqtdan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va O‘zbekiston AKT infratuzilmasini qurish va modernizatsiya qilishda bevosita ishtirok etmoqda.

    Manba: Axborot xizmati