Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Shuhrat Sodiqov: 2021 yilgacha barcha tuman va shaharlarda “Raqamli texnologiyalar markazlari” tashkil etiladi
    21.03.2019

    19 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularga axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini singdirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

    Yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusni mamlakatimizning barcha hududlarida keng joriy qilish masalalari muhokama qilindi.

    Ushbu tashabbuslardan birining ijrosi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga yuklangan. Unga koʻra, vazirlikka ilgʻor xalqaro tajribalar asosida barcha shahar va tumanlar markazlarida Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlarini tashkil etish boʻyicha topshiriq berilgan.

    Xoʻsh, bu qanday tashabbus? Uning doirasida qanday vazifalar bajariladi? Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov quyidagilarni maʼlum qildi:

    — Muhtaram Prezidentimizning joriy yil fevral-mart oylarida Sirdaryo va Namangan viloyatlariga amalga oshirgan tashrifi davomida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga bir qator vazifalar, jumladan, mazkur viloyatlarning barcha tuman va shaharlarida “Raqamli texnologiyalar markazlari”ni yaratish (Sirdaryo viloyatida 11 ta, Namangan viloyatida 12 ta) vazifasi belgilab berilgandi.

    Ushbu markazlarning maqsadi — yoshlarga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika, kibersport asoslarini va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslarini oʻrgatishdir. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari, aholi uchun axborot texnologiyalari boʻyicha tayyorlov kurslarini tashkil etish, davlat organlari xodimlarining malakasini oshirish, masalalarga eʼtibor qaratish koʻzda tutilgan.

    Bugungi kunga kelib, ushbu topshiriqlarni bajarish boʻyicha vazirlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

    Birinchidan, joriy yilning 9 mart kuni Namangan shahrida respublikadagi birinchi “Raqamli texnologiyalar markazi” tashkil etildi.

    Shuni aytib oʻtish joizki, ushbu markazning ochilishi Namangan viloyati yoshlari hayotida muhim voqea sifatida qabul qilindi. Buni unda taʼlim olishni istagan va kurslarda ishtirok etish xohishini bildirgan koʻp sonli yoshlardan ham bilish mumkin. Bu holat shu kabi markazlarga ehtiyoj katta ekanligini koʻrsatmoqda.

    Shu kuni Namangan shahrining 34-maktabida ham zamonaviy kompyuter xonasi tashkil etilib, yuqori tezlikdagi internetga ulandi.

    Ikkinchidan, Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida ham shunday markazni ochish uchun zarur taʼmirlash va jihozlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda, kelayotgan umumxalq “Navroʻz” bayrami arafasida ushbu markazni tuman yoshlariga tuhfa qilish rejalashtirilgan.

    Xorazm viloyati Xiva shahrida tashkil etilayotgan markaz ham mart oyining uchinchi dekadasida foydalanishga topshiriladi.

    Uchinchidan, bu kabi markazlarni 2021 yilga qadar bosqichma-bosqich respublikamizning barcha tuman va shaharlarida ochish belgilangan boʻlib, markaz binolarini taʼmirlash, murabbiylarini xizmat uylari bilan taʼminlash, oylik maoshi hamda markazning boshqa xarajatlarini hisobga olsak, bitta markaz uchun 665 mln.soʻm hamda respublika boʻyicha esa 134 mlrd.soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilmoqda.

    Toʻrtinchidan, markazlarda 500 ga yaqin yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi. Shu oʻrinda yiliga 100 mingdan ziyod yoshlarni axborot texnologiyalari yoʻnalishida oʻqitish va bilimlarini oshirish imkoniyatini yaratiladi.

    Albatta, bu vazifalarni amalga oshirish jarayonida hududlarda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirib borish ham koʻzda tutilgan.

    Shu maqsadda 2019-2021 yillarda zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish imkoniyatini kengaytirish maqsadida 120 ming km optik tolali aloqa liniyalarini qurish va 1,5 mln. portga teng zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalarini oʻrnatish rejalashtirilgan.

    Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish orqali respublikadagi barcha xalq taʼlimi muassasalari (10 512ta), maktabgacha taʼlim muassasalari (5 288ta) va sogʻliqni saqlash tizimidagi muassasalar (3 128 ta) 2021 yil yakunigacha, bosqichma-bosqich yuqori tezlikdagi internet tarmoqlariga ulanishi taʼminlanadi.

    Shuningdek, magistral telekommunikatsiya tarmogʻining oʻtkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlarigacha 4 barobar yoki (400 Gbit/sgacha), tuman markazlarigacha 4 barobar yoki (40 Gbit/sgacha) oshiriladi.

    Respublikada mobil aloqa xizmatlari sifatini yaxshilash va qamrov darajasini kengaytirish maqsadida qoʻshimcha 10 mingtadan ortiq mobil baza stansiyalarini oʻrnatish va modernizatsiya qilish orqali olis aholi yashash punktlarini mobil aloqa signallari bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkaziladi.

    Manba: Axborot xizmati