Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi
    13.12.2017

    12 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. Farmon davlat xizmatlarining sifati, tezkorligi, shaffofligi va foydalanish imkonini tubdan oshirish bo‘yicha kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ulug‘vor g‘oyani so‘zsiz amalga oshiruvchi asosiy g‘oyalarni belgilab berdi.

    Xususan, mazkur sohadagi davlat siyosatini amalga oshirishga mas’uliyat yuklangan alohida davlat organi – Davlat xizmatlari agentligi hududiy bo‘linmalari bilan tashkil etildi. Bu amalga oshirilayotgan islohotlarning uyg‘unligi va izchilligini ta’minlaydi, davlat xizmatlarini sifatli bajarish uchun vakolatli organlar va tashkilotlarning javobgarligini oshiradi. Shu bilan birga, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida boshqaruvni amalga oshirishning aniq tashkiliy-institutsional asoslarini shakllantirish ta’minlanmoqda.

    Endilikda “yagona darcha” tamoyili nafaqat tadbirkorlik sub’ektlariga, balki bevosita fuqarolarga ham xizmat ko‘rsatishda amal qiladi. Davlat xizmatchilari bilan bevosita muloqot qilmasdan hamkorlikni ta’minlash aholi uchun davlat xizmatlarini korrupsiya xavfisiz tezkorlik bilan ko‘rsatish imkonini beradi, fuqarolarning kundalik hayotini jiddiy ravishda yengillashtiradi, byurokratiya va sansalorlik holatlarini bartaraf etadi.

    O‘z navbatida Xalq qabulxonalari va Davlat xizmatlari markazlari tuman (shahar) miqyosida yagona yaxlit faoliyat olib borib, davlat xizmatlari ko‘rsatishning samarali tizimini shakllantirish imkonini beradi.

    Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini samarali tashkil etishdan tashqari, axborot almashinuvi bo‘yicha idoralararo, eng avvalo, elektron hamkorlikning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish mazkur sohada muvaffaqiyatga erishish uchun hal qiluvchi omil hisoblanadi.

    Shu munosabat bilan Farmonda Davlat xizmatlari yagona reyestrini tashkil etish, davlat xizmatlarining har bir turi bo‘yicha yagona ma’muriy reglamentlar ishlab chiqish, Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlarida axborot tizimlari, resurslari, ma’lumotlar bazalari hamda dasturiy mahsulotlarni, shuningdek, apparat-dasturiy majmualarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Bu davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” degan muhim tamoyilni joriy etish imkonini beradi.

    Internet va mobil texnologiyalarning faol joriy etilishi xizmatdan foydalanuvchilar davlat organlariga zarur hollarda borishlari, odatiy hollarda esa xizmatlar masofadan elektron tartibda ko‘rsatilishi bilan bog‘liq g‘oyalarning istiqbolda amalga oshirilishini ta’minlaydi.

    Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida, shu jumladan sog‘liqni saqlash, litsenziyalash, soliq, bojxona va boshqa sohalarda jadal sifat jihatidan yaxshilashning muhim mexanizmlari, shuningdek, davlat xizmatlari bo‘yicha mobil ilovalarni ishlab chiqish, xizmatlarni olis joylarga chiqqan holda ko‘rsatish, aholi bilan tezkor aloqalar, rasmiy veb-saytlardagi internet-botlar, ijtimoiy tarmoqlar yordamida qayta aloqaning samarali tizimini tashkil etishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.

    Agentlik, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga, Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integratorga, “O‘zinjiniring” Respublika loyiha institutiga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 martga qadar muddatda Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari uchun zarur axborot tizimlari, resurslari, ma’lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, joriy etish va integratsiya qilish va apparat-dasturiy komplekslarni o‘rnatishning konsepsiyasi, texnik-iqtisodiy hisob-kitobi va texnik topshirig‘i tayyorlash vazifasi yuklandi.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligia, Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda:

    tasdiqlangan konsepsiya, texnik-iqtisodiy hisob-kitob va texnik topshiriq asosida Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari uchun axborot tizimlari, resurslari, ma’lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqilishini, shuningdek, apparat-dasturiy komplekslar o‘rnatilishini ta’minlash;

    Ro‘yxatda ko‘rsatilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ularning axborot va telekommunikatsiya tizimlari, ma’lumotlar bazalari, serverlari va boshqa uskunalarini inventarizatsiyadan o‘tkazish, keyinchalik ularni Agentlikning axborot tizimlari bilan integratsiya qilish va idoralararo elektron hamkorlikni joriy etish;

    Agentlik bilan birgalikda uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlarini zarur video, audio va boshqa uskunalar bilan jihozlashni ta’minlasin hamda real vaqt rejimida davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonini masofadan kuzatishni tashkil qilish vazifasi yuklandi.

    Manba: Axborot xizmati